background
logotype
image1 image2 image3

“Ilm ko‘tarilmasidan uni o‘rganinglar”

Olimlardan biri aytadi: «Ilmni boy bergan kishi nimaga erishdiyu, ilmga yetishgan kishi nimani yo‘qotdi?!»

Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: «Kimga Qur’on ilmi berilgan bo‘lsayu, boshqa odamni o‘zidagidan yaxshiroq narsaga ega deb bilsa, Alloh taolo ulug‘lagan Qur’onni kamsitgan bo‘ladi».

Fath Musaliy: «Kasalga obu taom berilmasa, o‘ladimi?» deb so‘radilar. Atrofdagilar: «Ha, o‘ladi», deyishdi. Aytdilar: «Qalbga ham uch kun ilm berilmasa, o‘ladi».

Darhaqiqat, shayx Musaliy rost gapirdilar. Zero, jasadning ozig‘i taom bo‘lganidek, qalbning ozig‘i va hayoti manbai ilmu hikmatdir. Kim ilmni boy bergan bo‘lsa, uning qalbi kasaldir, u qalb o‘limga mahkum, lekin o‘zi sezmaydi. Jarroh tig‘ini bemor kuchli qo‘rqinch tufayli sezmagani kabi, qalbning ham dunyoga muhabbat qo‘yishi va u bilan mashg‘ul bo‘lib qolishi undagi sezgi va qobiliyatni yo‘q qiladi. Qachonki o‘lim yetib, dunyo mashaqqatlari  ustidan tushgan paytda o‘zini o‘zi halok qilganini his etadi, qattiq hasrat-nadomat chekadi, lekin u foyda bermaydi. Bu holat mastga mastlik paytida, qo‘rqqan kishiga xavf-xatar vaqtida yetgan jarohat alamini o‘ziga kelganda va xavf uzoq bo‘lganda sezgani kabidir. Pardalar ko‘tariladigan kunda Allohning o‘zi panoh bersin. Insonlar uyqudadirlar, o‘lganda uyg‘onadilar.

Hasan Basriy (rahmatullohi alayh) aytadilar: «Olimlar qalamlarining siyohi shahidlar qoni bilan o‘lchanadi. Shunda olimlar qalamlarining siyohi shahidlar qonidan og‘ir keladi».

Ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: «Ilm ko‘tarilmasidan uni o‘rganinglar. Ilm olimlarning vafoti tufayli ko‘tariladi. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Alloh yo‘lida shahid bo‘lgan kishilar (qiyomat kunida) olimlarga berilgan karomat-darajalarni ko‘rib: «Koshki bizni ham Alloh olim qilib tiriltirsa», deb orzu qiladilar. Zero, hech kim olim bo‘lib tug‘ilmaydi. Ilm o‘rganish, ta’lim olish bilan egallanadi».

Imom G‘azzoliyning “Ihyou ulumid-din” kitobidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.