background
logotype
image1 image2 image3

“Bilib, amal qilmaydiganlarning holiga yetti marta voy bo‘lsin!”

Sahl (r.a.) aytadilar: «Ilmning hammasi dunyodir. Oxirat esa, unga amal qilishdir. Ixloslisidan boshqa amalning hammasi behuda».

Yana aytganlarki: «Olimlardan tashqari hamma o‘likdir. Ilmiga amal qiluvchilardan boshqa barcha olimlar sarxushdir. Ixloslilardan tashqari barcha amal qiluvchilar aldangandir. Ixlosli kishi esa, oqibati nima bilan tugashini bilguncha xavfdadir».

Iso (a.s.) aytgan ekanlar: «Yo‘li oxiratga yo‘nalgani holda, o‘zi dunyoga yuzlangan odam qanday qilib ilm ahlidan bo‘ladi?! Kalomni unga amal qilish uchun emas, balki faqat bilish uchungina o‘rgangan kishi qanday qilib ilm ahlidan bo‘ladi?!»

Solih ibn Kayson Basriy (r.a.) aytadilar: «Men ko‘p olimlarni ko‘rdim.  Ular hadislarni biluvchi fojir olimlardan Allohdan panoh tilar edilar».

Abu Dardo (r.a.) aytadilar: «Bilmaydiganlarning holiga bir bora voy bo‘lsin! Bilib, amal qilmaydiganlarning holiga yetti marta voy bo‘lsin!»

Sha’biy (r.a.) aytadilar: «Qiyomat kuni jannat ahllaridan bir qavm do‘zax ahllaridan bir qavmni ko‘rib qoladi va ulardan: «Sizni nima do‘zaxga kiritib qo‘ydi? Holbuki, sizlar o‘rgatgan odob va ilm fazilati  bilan Alloh bizni jannatga kiritdi-ku!» deb so‘raydi. Ular: «Biz yaxshilikka buyurib, o‘zimiz qilmasdik. Yomonlikdan qaytarib, o‘zimiz qilar edik», deb javob beradi.

Hotamul Asom (r.a.) deydilar: «Qiyomatda odamlarga ilm o‘rgatgan, odamlar o‘sha ilmga amal qilib, najot topgan, lekin o‘zi unga amal qilmasdan, halok bo‘lgan kishidan-da qattiq hasrat qiluvchi kimsa bo‘lmaydi».

Imom G‘azzoliyning “Ihyou ulumid-din” kitobidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.