background
logotype
image1 image2 image3

“Biladigan va bilishini ham biladigan kishi olimdir”

Hazrati Umar (r.a.): «Bu ummat uchun men qo‘rqqan narsaning eng qo‘rqinchlisi ilmli munofiqdir», deganlar.  «Ilmli munofiq qanday bo‘ladi?» deb so‘rashganda, u zot (r.a.): «Tilda olim, qalb va amalda johil», deb javob berganlar.

Hasan Basriy (r.a.) aytadilarki: «Olimlarning ilmini, hakimlarning hikmatini o‘rganib, amalda esi    pastlar yo‘lida yuruvchilardan bo‘lma».

Bir kishi Abu Hurayraga (r.a.): «Men ilm o‘rganishni xohlayman, lekin uni zoe’ qilishdan qo‘rqaman”, deganida, u kishi (r.a.): «Ilm o‘rganishni tark qilish uning zoe’ bo‘lishi uchun kifoyadir», dedilar.

Ibrohim ibn Uyaynadan (r.a.): «Odamlar ichida eng ko‘p pushaymon bo‘luvchisi kim?» deb so‘rashganda, u kishi:      «Dunyoda qadriga yetmaydigan odamga yaxshilik qilgan kishi, o‘lim vaqtida ilmiga amal qilmagan olim», dedilar.

Xalil ibn Ahmad (r.a.) shunday deganlar: «Odamlar to‘rt xil bo‘ladi: 1. Biladigan va bilishini ham biladigan kishi. U olimdir, unga ergashinglar. 2. Biladi, lekin bilishini bilmaydigan kishi. U uyqudadir, uni uyg‘otib qo‘yinglar. 3. Bilmaydigan va bilmasligini biladigan kishi. U yo‘l qidiruvchidir, uni yo‘lga solinglar. 4.   Bilmaydigan va bilmasligini ham bilmaydigan kishi. U johildir, undan qochinglar».

Sufyon Savriy (r.a.) aytadilar: «Ilm amalni chorlaydi. Agar u (amal) javob bersa (ya’ni, kelsa), yaxshi. Aks holda ilmning o‘zi ham ketib qoladi».

Ibn Muborak (r.a.) aytadilar: «Kishi modomiki ilm izlab yurgan ekan, u olimdir. Qachon o‘zini olim bo‘ldim deb o‘ylasa, johil bo‘lib qoladi».

Imom G‘azzoliyning “Ihyou ulumid-din” kitobidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.