background
logotype
image1 image2 image3

Aybsiz do‘st izlagan do‘stsiz qolar

Insonning 3 xil do‘sti bo‘ladi: shaxsan o‘zining do‘sti, do‘stining do‘sti, dushmanining dushmani. Ali ibn Abu Tolib (r.a.)

Do‘st ko‘nglini og‘ritish, dushman orzusiga xizmat qilishdir. Ali ibn Abu Tolib (r.a.)

Do‘stlar suhbatidan go‘zal odat yo‘q, ulardan ayrilishdan ko‘ra ko‘proq g‘am yo‘q.  Imom Shofeiy

Zamonamiz insonlarining do‘stligi bozordagi taomga o‘xshaydi, rangi va ko‘rinishi go‘zal, lekin ta’mi yo‘q. Molik ibn Dinor

Holatingni 2 kishidan yashirma: mutaxassis hakim (shifokor)dan va haqiqiy do‘stdan. Farididdin Attor

Aybsiz do‘st izlagan do‘stsiz qolar. Jaloliddin Rumiy

Dining rivoji uchun yordam bergan do‘st har ko‘rishganda kaftinga bir oltin qo‘ygan do‘stdan yaxshidir. Bilol ibn Sa’d

Do‘stlashish yaxshi bir ishdir, shu do‘stlikka sodiq qolish esa buyuk ishdir. Nosir Xusrav

Gulsiz gulzorning zavqi bo‘lmaganiday, do‘stsiz hayotning ham zavqi yo‘qdir. Nosir Xusrav

Dinini tuzatgan kishining dunyosini Alloh tuzatar. Ali ibn Abu Tolib (r.a.)

Dunyo sizni aldab qo‘ymasin! Buni kim aytyapti? Janobi Haq aytyapti. Dunyoni uni yaratgan Zotdan ko‘ra yaxshi bilguvchi bormi? U holda dunyodan saqlaning. Hasan Basriy

Odamning joni dunyodan 3 hasrat bilan chiqadi: to‘plaganiga to‘yolmay, amaliga yetolmay, safariga yetarli ozuqa ololmay. Hasan Basriy

Sevgiling sevmaganini sevmoq — sevgi alomati emas. Robbimiz dunyoni sevmaydi, biz esa uni sevish bilan ovvoramiz. Ibrohim Adham

Badan xastalansa, yemoq, ichmoq, uyqudan zavq olmaydi. Qalb ham dunyo kasaliga chalinganda va’z, nasihatlardan zavq olmaydi. Molik ibn Dinor

Dunyoning oz narsasini istash oxiratning ko‘p narsasini yo‘qotishdir. Ka’b al-Quroziy

Dunyo, ichidagilarni boqadi, o‘stiradi, keyin ularni o‘zi yeydi. Ahmad Rufoiy

Aqlsizlik alomati 4 ta: axmoq bilan fikr almashish, johilga pul berish, do‘stlar nasihatini tinglamaslik, dunyodan ibrat olmaslik. Farididdin Attor

Qarindoshning dushmanligi, do‘stning aziyati — ilon zahridan ham yomonroqdir. Ali ibn Abu Tolib (r.a.)

Aqlli dushman, aqlsiz do‘stdan yaxshidir. Ali ibn Abu Tolib (r.a.)

Aqlli dushman bilan kengashish mumkin, lekin johil do‘stning maslahatidan qochish kerak. Ali ibn Abu Tolib (r.a.)

Ikki dushman orasida shunday gapirginki, yarashib olishganida uyalib qolma. Sa’diy Sheroziy

Inson aybini sanagan dushmandan keladigan foyda o‘zini maqtagan do‘stning foydasidan ko‘proqdir. Imom G‘azzoliy

Dushmaning sendan xavfsiramay qo‘ymagunicha, komil inson bo‘lolmaysan. Bishr Xofiy

Qanchalar nochor va och bo‘lmasin, qanoat sohibi — eng badavlat insondir. Ali ibn Abu Tolib (r.a.)

Rizqing qaerda bo‘lsa ham unga yetasan, g‘am chekma. Qul qanoat qilganda hurdir. Ochko‘zlik qilganda esa quldir. Qalbingdan ta’mani chiqarib tashlasang, qo‘lingdagi zanjirlar yechilar. Ahmad Rufoiy

Ochko‘zlik, hirsni sotib, puliga qanoat sotib olgan kishi, izzat va sharafga yetishadi. Abu Bakr Qattoniy

Qanoat qilib birov o‘lmadi, hirsdan hech kim boyimadi. Jaloliddin Rumiy

3 xislat avliyolar sifatidir: Allohga tavakkul qilish, Allohdan boshqasidan hech narsa kutmaslik, qanoatli bo‘lish. Yahyo ibn Muoz

Alloh 5 narsani 5 yerga joylagan: izzatni — ibodat va itoatga, xo‘rlikni — gunohga, haybatni — tunda uyg‘onish (toat) ga, hikmatni — bo‘sh qoringa, boylikni — qanoatga. Qushayriy

Turkchadan Maryam Osiyo tarjimasi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.