background
logotype
image1 image2 image3

Toshga o‘yilgan bitik

Ikki do‘st – Ahmad va Ismoil sahroda suhbatlashib ketisharkan, bir mavzu ustida bahslashib qolishdi. Tortishuv shu darajaga yetdiki, Ismoil Ahmadning yuziga tarsaki tushirdi. Ahmadning dili qattiq og‘ridi, ammo indamadi. Faqatgina qumga: «Bugun eng yaqin do‘stim Ismoil yuzimga shapaloq urdi», deb yozdi.

Yo‘lda davom etishdi. Bir daryoga yetgach, cho‘milishga qaror qilishdi. Ahmad o‘zini suvga otdi va ko‘p o‘tmay baqira boshladi. U sovuq suvda tomiri tortishib qolib, cho‘ka boshlagandi. Ismoil qutqarish uchun shoshildi va do‘stini suvdan olib chiqdi. Birozdan so‘ng o‘ziga kelgan Ahmad sohildagi katta toshga o‘yib yoza boshladi: «Bugun eng yaqin do‘stim Ismoil hayotimni saqlab qoldi».

Shunda Ismoil hayratlanib so‘radi: «Nega ozor berganim haqida qumga, hayotingni saqlab qolganimni toshga yozyapsan?» Ahmad tabassum bilan javob berdi:

– Qumga yozilgan yozuvni shamol uchirib ketadi. Xuddi shu kabi, do‘stdan yetgan ozorni qalbimizdan o‘chirib tashlashimiz kerak. Toshga o‘yilgan bitik esa ancha-munchaga o‘chmaydi. Shu sababli ham do‘stning yaxshiligini toshga yozishimiz kerakki, toki bu umr bo‘yi xotiramizdan o‘chmasin.

“Irfon” taqvimining 2010 yil, 4-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.