background
logotype
image1 image2 image3

Qanday qilsak, yaxshilardan bo‘lamiz?

Hijratning to‘qson yettinchi yili xalifa Sulaymon ibn Abdulmalik ziyorat uchun Madinaga kelganida Madinaning qozisi, olimi va imomi bo‘lgan Salama ibn Diynor bilan uchrashib, o‘zini qiziqtirgan savollarga quyidagicha javoblar olgan ekan. 

Savol: Nega biz o‘limni yomon ko‘ramiz?
Javob: Chunki biz dunyoimizni obod qilib, oxiratimizii xarob qildik, shuning uchun obod joydan xarob joyga ko‘chib o‘gishni yoqtirmaymiz.

Savol: Qaniydi Allohning huzurida bizlar uchun nima bo‘lishini bilsam?
Javob: Qilayotgan amallaringni Qur’onga solishtirsang, buni bilib olasan: Alloh taolo Qur’oni karimda buning xabarini bergan: “Albatta, yaxshilar (mo‘minlar) ne’mat (jannat)dadirlar. Fojirlar esa do‘zaxdadirlar” (Infitor, 13-14).

Savol: Unda Allohning rahmati qaerda?
Javob: “Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir” (A’rof, 56).

Savol: Ertaga (qiyomatda) Allohning huzuriga borishimiz qay holatda bo‘lishini bilsam edi?
Javob: Chiroyli amallar qilguvchi yaxshilar, oilasiga qaytayotgan musofir kabi. Gunoh ishlarni qiluvchi osiylar esa, qochib ketgan qulning xojasiga olib kelinayotgan holi kabi bo‘lur.

Savol: Qanday qilsak, yaxshilardan bo‘lamiz?
Javob: O‘zingdan manmanlikni ketkazib, muruvvat bilan bezansang.

Savol: Mana bu molu davlat, unda Allohga taqvo qilishning yo‘li qanday?
Javob: Buning yo‘li uni nohaq olmaslik. Uni haqdor kishilarga berish. Uni tenglik ila taqsim qilish va xalqo‘rtasida adolatli bo‘lish...

Savol: Insonlarning afzali kimlar? Xabar ber.
Javob: Muruvvat va taqvo egalari.

Savol: Odil so‘z qaysi so‘zdir?
Javob: Kishining undan qo‘rqib turgan yoki undan umid qilayotgan odam oldidagi aytgan haq so‘zidir.

Savol: Tezda qabul bo‘luvchi duo qaysi?
Javob: Yaxshi odamning yaxshilar haqiga qilgan duosidir.

Savol: Afzal sadaqa qaysidir?
Javob: Puli kam kishining puli yo‘q kishiga minnatsiz bergan sadaqasi.

Savol: Eng aqlli odam kim?
Javob: Allohga itoat qilgan va boshqalarni ham shunga dalolat qilgan odam.

Savol: Eng ahmoq kim?
Javob: Zolim do‘stning orzu-havasi bilan hayot kechirib, birovning dunyosi bilan o‘z oxiratini sotgan kimsa.

Savol: Menga nasihating?
Javob: Parvardigoringni ulug‘la. Rabbing seni qaytargan o‘rinlarda seni ko‘rishidan va senga buyurgan o‘rinlarda seni topmasligidan saqlan. Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh.

“Tobeinlar hayotidan lavhalar ” kitobidan Kamoliddin Inoyatulloh o‘g‘li tarjimasi
«Hidoyat» jurnalining 2004 yil 10-sonidan olindi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.