background
logotype
image1 image2 image3

O‘rgatib bo‘lmaydigan ilm

Basra shahrida bir kishi bor-budini yolg‘izgina o‘g‘lining yaxshi ta’lim-tarbiya olishi uchun sarflar ekan. Yosh yigit necha yillar mobaynida nomdor ilm dargohlarida eng mashhur ustozlardan ta’lim olibdi.

Nihoyat, bola uyga qaytibdi. Keksa­yib qolgan otasi unga peshvoz chiqibdi, o‘g‘lining ko‘zlariga tikilib, ko‘ngli to‘lmabdi va:

– O‘g‘lim, nimalarni o‘rganding? – deb so‘rabdi.

– Otajon, o‘rgatilishi mumkin bo‘lgan barcha narsani o‘rgandim, – deb javob qilibdi o‘g‘il.

– Lekin o‘g‘lim, sen o‘rgatib bo‘lmaydigan narsani ham o‘rgandingmi? Bor, o‘rgatib bo‘lmaydigan narsani o‘rganib kel, – deb ota uni ortiga qaytaribdi.

Yigit ustozining yoniga qaytib, otasining talabini aytibdi. Shunda ustozi javob o‘rnida:

– Mana bu to‘rt yuz qo‘yni olgin-da, soni to mingtaga yetguncha tog‘larda yasha, – debdi.

Yigit qo‘ylarni olib tog‘lar bag‘rida cho‘ponlik qila boshlabdi. U hayotida birinchi marta sokinlikka duch kelibdi. Hech suhbatdosh topolmay siqilgan vaqtlarida qo‘ylarga gapirar, ular borligidan ham tas­kin oladigan bo‘libdi. Yigit sekin-asta o‘zidagi “men”ni, manmanlikni, g‘ururni unuta boshlabdi… Bora-bora sokin va hokisor insonga aylanibdi. Unda sabr­lilik va donishmandlik belgilari paydo bo‘libdi.

Oradan ikki yil o‘tib qo‘ylarning soni mingtaga yetgach, u ustozining yoniga qaytib borib hurmat bilan ta’zim qilibdi. Shunda ustozi:

– Mana endi o‘rgatib bo‘lmaydigan narsani ham o‘rganding, – debdi.

Toshkent Islom instituti talabasi

Dilafruz SALOHIDDIN qizi tayyorladi. 

Hidoyat” jurnalining 2011 yil6-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.