background
logotype
image1 image2 image3

Nasib bo‘lsa kelar Hindu Yamandan...

Ko‘hna Samarqand shahridan uzoq safarga chiqqan savdogar tuyalarning birida egar jabduq yo‘qligini sezib,  birinchi uchragan hunarmadchilik do‘koniga kirdi. Do‘kon egasi namoz o‘qish uchun masjidga chiqib ketgan, o‘rniga shogirdini qoldirgan edi.

— Keling amaki, — dedi shogird.

— Menga zudlik bilan egar kerak.

— Hozir yo‘q edi. Agar buyurtma bersangiz, 3-4 kunda tayyorlab beramiz.

— Nimalar deyapsan, o‘g‘lim? Men bugun yo‘lga chiqaman. Tuyalarimdan birining usti bo‘sh. Darhol egar qo‘yishim kerak, tuya bo‘sh ketmasin.

— Lekin amaki, hozir egar yo‘q-da, qaerdan olaman?

— Ko‘rmayapsanmi? Karvon yo‘lga shaylangan. Birozdan so‘ng karvonboshining qo‘ng‘irog‘ini eshitasan. Qani do‘koningni yaxshiroq qara-chi, bironta egar topilib qolar.

Shogird  u yer bu yerga qaraganday bo‘ldi-yu, birdan ko‘zi yillar bo‘yi shiftda osig‘liq turgan eski egarga tushdi.

— Buni qarang, amaki. Shu eski egar, bir necha yillardan beri shiftda osig‘liq turadi. Na unga birov xaridor bo‘ldi, na biz uni sotishga qo‘ydik. Madomiki, sizga juda zarur bo‘lsa, 40 tanga berib, shuni olaqoling.

Savdogar egarning yangi-eskiligini ajratadigan vaziyatda emasdi. 40 tanga berib egarni olib, karvon tomon yugurib ketdi. Shogird eski egarni 40 tangaga sotganidan juda xursand edi. Ustaga bu omadli savdoni aytsa, kim biladi, qanchalar xursand bo‘larkin?!

Birozdan so‘ng usta do‘konga qaytdi. Salom alikdan so‘ng shogird:

— Sizga bir xushxabarim bor usta — dedi.

— Aytchi qani, nima ekan?

— Shiftda osig‘liq turadigan eski egar bor edi-ku...

Ustaning ko‘zi darhol shiftga qadaldi, egar joyida yo‘q. Rangi oqarib, nafasi ichiga tushib qoldi. Tizzalari qaltiray boshladi. Lablari esa sekin pichirlab:

— Ayt, nima bo‘ldi, u egarga?

— Bir savdogar kelib, zudlik bilan egar kerakligini aytdi. Hozir egar yo‘q desam ham, qo‘yarda qo‘ymay, topib ber, dedi. Shu eski egarga ko‘zi tushib, bu ishga yaramaydi deyishimga quloq solmay 40 tanga berib, olib ketdi.

Usta turgan joyida cho‘kkalab qoldi. Chunki u egarda ustaning pul tashlaydigan xaltachasi bor edi. Yillar bo‘yi ro‘zg‘oridan orttirganini shu xaltachada saqlardi.

— Shunaqa degin, 40 yil to‘plaganim 40 tangaga ketibdi-da!

Shogird voqelikning haqiqatini bilib, qilgan ishidan juda pushaymon bo‘ldi. Yig‘lab, oh-voh qildi. Usta aqlli, oliyjanob kishi bo‘lib:

— Bolam, bunchalar o‘zingni qiynama! Nasib bo‘lsa kelar Hindu Yamandan, buyurmasa nima keladi qo‘ldan, — deb tasalli berdi.

Oradan ancha vaqt o‘tdi. Salqin kunlarning biri, tushlik payti edi. Do‘kon eshigida bir odam turardi. Bu o‘sha, eski egarni 40 tangaga olgan savdogar bo‘lib, qo‘lida o‘sha egar turardi.

— Men 6 oy avval, shu do‘kondan manavi egarni olgandim. Yo‘lda o‘ylab qoldim. Menga buni sotgan shogirdning ustasi bu savdodan rozi bo‘ldimikan? Men shoshiltirganim uchun ustasidan so‘rashga ham imkoni bo‘lmagandi. Ustasi norozi bo‘lgan bo‘lsa, shogirdini jazolamadimikin, degan o‘y menga tinchlik bermadi.  Mana egaringiz, qaytib oling. Menga boshqa yasab bering!

Usta va shogird bir-birlariga tikilib qoldilar. Ayni vaqtda ko‘ngillaridan bir xil gap o‘tardi:

“Nasib bo‘lsa kelar Hindu Yamandan...”

Turkchadan Maryam Osiyo tarjimasi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.