background
logotype
image1 image2 image3

Moxov olim va qizning himmati

Ashraf Ali Tahonaviy hikoya qiladilar:
«Hindistonda Qurayshiy Majzum degan bir pir o‘tgan ekan. U kishining yoshi 30 dan oshgan bo‘lsa-da, moxov kasalligiga duchor bo‘lgani uchun uylanolmagan ekan.
Bir kuni u zotning oldiga shogirdi kelsa, unga debdilar:
— Men ham uylanishni xohlayman. Lekin mana bu dardim bor. Sen bir surishtirib ko‘rmaysanmi? Birontasi qizini menga bermasmikin?
Shogirdlari yo‘lda ketarkan, o‘ylanibdi: «U zotning moxov ekanligini hamma biladi. Odamlar o‘z qizini moxov odamga bermasligini ham bilaman. Qanday yuz bilan odamlarga ustozimga qizingizni bering, deyman? Endi nima qildim? Kimga ham aytardim? O‘z qizimga aytaman-da...». Uyiga kelib, qiziga debdi:
— Qizim, ustozim bir qiz topsang, uylanardim, demoqdalar. Shu kishiga, sen erga tegolmaysanmi?
— U kishiga xizmat qilish men uchun sharaf! Roziman.
Shogird bu xabarni ustozga aytsa, u kishi so‘rabdilar:
— Mening dardimni ham qizingga aytdingmi? Shunday bo‘lsa-da rozi bo‘ldimi?
— Ha, aytdim. Shunday bo‘lsa-da rozi bo‘ldi.
Shunda Qurayshiy yig‘lab duo qilgan ekanlar:
— Bir insonda himmat bo‘lsa, shunchalik bo‘ladi-da. Allohim, Sendan yolvorib so‘rayman. Mening badanimni o‘zgartir.
Alloh taolo uning duosini qabul qilibdi.
Nikoh kechasi kelinning huzuriga kirgan olimdan kelin o‘zini olib qochibdi-da, so‘rabdi:
— Kimsiz?
— Men Qurayshiy Majzumman.
— Uni moxov deyishardi-ku.
— Men sening himmatingni ko‘rib, Xudoga yig‘ladim...
— Attang, siz mening savobimni barbod qildingiz-ku! Men sizning ma’zurligingiz uchun rozi bo‘lgandim. Menga bunaqa barno yigit kerak emas. Hech kim qilmagan ishni qilib, Allohdan savob umid qilgandim. O‘sha dardingiz bilan yashasangiz birga yashayman. Aks holda javobimni bering.
Tahonaviy aytadilar:
«Men shu odamning bir kunda barno bo‘lib, so‘ng yana moxov bo‘lganini ko‘rganman... Qurayshiy Majzum umrining oxirigacha moxov bo‘lib o‘tdi. Ayoli ham umrining oxirigacha unga xizmat qildi...»


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.