background
logotype
image1 image2 image3

Zebo Rahimova

DUNYO BIZDAN O’TAR…

Dunyolar moviydir, nasimlar moviy,
Biz bilgan, bilmagan ismlar moviy,
Bu rangin dunyoda qancha chalg’ima,
Takrorlar bir so’zni beshafqat roviy,
Dunyo bizdan o’tar, bizlar dunyodan…

Olam – ulkan daraxt, turlanadi dil,
Uzilgan har yaproq hayotning oti,
G’animat umrdan, g’animat dildan
Hali ketmay turib tiriklik toti,
Dunyo bizdan o’tar, bilar dunyodan…

Kumush ko’ylagida to’lg’ongam ma’vo,
Ey, gul kechalarning vobasta tani,
Mahbub nafasidan esgan hur sabo.
Seni tilab bersa bir ko’ngil G’ani,
Dunyo bizdan o’tar, bilar dunyodan…

Mezonlar qush kabi uchdi havoda,
Kimsasiz, xazonrez bog’larga bordim,
Bahaybat chinorlar poyida kezib,
Bir jajji niholga ko’nglimni yordim.
Dunyo bizdan o’tar, bilar dunyodan…

To’rt fasl na go’zal, omonat, Rabbim!
O’chgaydir bir kuni mening ham nomim,
Bu inja umrdan ne qolur unda,
Ne bilan o’lchanur mening a’molim,
Dunyo bizdan o’tar, bilar dunyodan…

Orzular moviydir, tuyg’ular moviy,
Biz bilgan, bilmagan qayg’ular moviy,
Bu rangin dunyoda qancha chalg’ima
Takrorlar bir so’zni beshafqat roviy,
Dunyo bizdan o’tar, bilar dunyodan…

Zebo Rahimova


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.