background
logotype
image1 image2 image3

Olim Rahimov

SALOMATLIK

Tangridan ulug’ ne’mat rahnamo salomatlik,
Beqiyos xazinangdir – muddao salomatlik.
Posibon haqiqiysan, sog’lig’ing uchun ga’mxo’r,
Do’st bilib yaqin bo’lsang, chin vafo salomatlik.
Quvvati asab tomir hammasi hayotingga,
Ehtiyot qilib borsang, ul shifo salomatlik.
Nogahon befarq boqib dard bilan ozurda jon,
Turmasin mute’ qarab, iltijo salomatlik.
Tinmayin yugurgan qon tolalar fidoyingdir.
Ham yurak hayotingda zo’r daho salomatlik.
Mash’ali sihatlikni har qachon baland tutsang,
Sendagi mayoq ko’zdek bebaho salomatlik.
Muhtaram aziz jisming taxtidan bo’lib boqiy,
Rahbaring bo’lib aqling podsho salomatlik.
Hikmati ilohiysan, maqduri basher bo’lding,
Muruvvat Xudoyingdan, musaffo salomatlik.

O’RGATAY

Ey, umr ohista yur, jismimga odat o’rgatay,
Hamchunon oils yo’ling, sabrimga rag’bat o’rgatay.
Ne muammolar kelur qatlimga jumboq birma-bir,
Har birin yechmoq uchun fkrimga quvvat o’rgatay.

Sen umr karvoni toki, tashlasang asta qadam,
Yo’lni ozig’in olib, dastgiri mehnat o’rgatay.
Ne kelar sirli umrning hodisotlar zimnida,
Har kelar ishga sobit, tanga g’ayrat o’rgatay

Goh nurafshon bo’lsa yo’l, gohi tikonli uchragay,
Shay turib, mushkulot qoshida himmat o’rgatay.
Hirsi dunyo zanjirida qolmasun also umr,
Parchalab zanjirni ham, qalbga shafqat o’rgatay.

Jismi vahshat ne kerak, cho’g’u harorat bo’lmasa,
Yo’lchi yulduz bo’lg’usi yolqin muhabbat o’rgatay.
Ey Olim, oils yo’ling dastgiri ozug’ bo’lsa soz,
Bardavom etsun umr tanga sadoqat o’rgatay.

UYG’ONGANING YO’Q

Olama chiqdi quyosh, uyg’onganing yo’q,
Qilsa ham nurini posh, uyg’onganing yo’q.

Lashkari g’aflat xushing tiyra qilibdir,
Bo’lsa ham jisming talosh, uyg’onganing yoq.

Tong mahal qushlar turib zikrida bo’lsa,
Bemajol go’yoki tosh, uyg’onganing yo’q.

Besamar o’tsa umr, holing na bo’lg’ay,
Na kerak yelkangda bosh, uyg’onganing yo’q.

Mubtalo uyqudasan, ibrat ko’zini och,
Bil, mudom bo’lmas maosh, uyg’onganing yo’q.

Toatu tasbehda chin sobit qadam bo’l,
Bo’lmasin jurming qalosh, uyg’onganing yoq.

Xilqati odamni xo’b komil yaratmish,
Ko’rki chiroy ko’zu qosh, uyg’onganing yo’q.

Ey Olim, tavba bilan solih amal qil,
Tangri bilan qil yarosh, uyg’onganing yo’q

Olim Rahimov


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.