background
logotype
image1 image2 image3

Nurmuhammad Andalib

Ibrat oling, ey xalq, jahondan hamma ketdi,
Kim olamga keldi, hamma armon bila ketdi,
Chin bandalari oxirat asbobini etdi,
Ogoh bo’ling, charx burungilarni netdi,
Voqif bo’ling, ahbob, ki navbat sizga yetdi.

Jahd ayla, qazo alamagin ro’za namozing,
Tur erta sahar, Tangriga arz ayla niyozing,
O’tkarma abas kechayu kunduz, qishu yozing,
Ogoh bo’ling, charx burungilarni netdi,
Voqif bo’ling, ahbob, ki navbat sizga yetdi.

Otayu ona, qavm-qarindoshingni qil yod,
Ham yor, birodaring qani, ul pir ila ustod,
G’ofillik ila berma aziz umringni barbod,
Ogoh bo’ling, charx burungilarni netdi,
Voqif bo’ling, ahbob, ki navbat sizga yetdi.

Yo Rab, qil ani ravzoyi rizvon bila ulfat,
Fazling bila ahvoliga boq, ayla inoyat,
Turg’uzgali ham ravzosida ro’zi qiyomat,
Ogoh bo’ling, charx burungilarni netdi,
Voqif bo’ling, ahbob, ki navbat sizga yetdi.

Ey Andalibo,o’tdi jahondan necha shahboz,
Bu umr baqosiz, qiladir bir kuni parvoz,
Muso Kalim erdi Xudoga qilibon roz.
Ogoh bo’ling, charx burungilarni netdi,
Voqif bo’ling, ahbob, ki navbat sizga yetdi.

Nurmuhammad Andalib


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.