background
logotype
image1 image2 image3

Nosir Zohid

YASSAVIYONA

Nafsim meni mag’lub etdi, yo Rabbano,
Imonim sust, shayton g’olib, yuzim qaro,
Qomatimni isyon yuki qildi duto,
Rohi rostga boshla o’zing, Xudovando.
Nafsim devin yiqmoqlikka jahd ayladim,
Haq yo’lindin ozmayin deb ahd ayladim,
Boshim egib, joynamozni taxt ayladim,
Rohi rostga boshla o’zing, Xudovando.
Malomatning toshlarig’a bo’ldim nishon,
Hamsuhbatim, ulfatlarim do’sti nodon,
Jaholatning botqog’ida qoldim nolon,
Rohi rostga boshla o’zing, Xudovando.
Vaqti sahar turib seni yod etmadim,
Gunohimg’a tavba aylab, dod etmadim,
Zikring aytib xasta ko’nglim shod etmadim,
Rohi rostga boshla o’zing, Xudovando.
Foniy dunyo jilva qildi, mast ayladi,
Shayton g’olib, iymonimga qasd ayladi,
Oqibatda e’tiqodim past ayladi,
Rohi rostga boshla o’zing, Xudovando.
Nadomatda ko’z yoshimni jola qilsam,
Ham Rahmonu Rahimsan deb nola qilsam,
Afg’on chekib yuragimni lola qilsam,
Rohi rostga boshla o’zing, Xudovando.
Nosir Zohid, xo’b aylading kayfu safo,
Mard bo’l endi, degil yo Rab, yo Rabbano,
Ko’hna olam hech kimsag’a qilmas vafo,
Rohi rostga boshla o’zing, Xudovando.


YASSAVIYONA

Tong-la mahshar muqarrardur ro’zi jazo,
Ahli ummat aytadurlar vo hasrato,
Men noumid turg’onimda be dastu po,
Shafoatdin nasib etgin, yo Mustafo.
Gunohlarim Ko’hi Qofdek, savobim yoq,
Qoshingizda zabonim lol, javobim yoq.
Sidqidildan aylagan bir tavofim yoq,
Shafoatdin nasib etgin, yo Mustafo.
Hirsu havas band ayladi, tobe’ bo’ldim,
Nafsu havo ummonida xo’b cho’mildim,
Sahfu xato kafan bo’ldi, bag’rim tildim,
Shafoatdin nasib etgin, yo Mustafo.
Ahli taqvo qarshisinda xoru xasman,
Alar joyi Arshda bo’lsa, men-chi pastman,
Jaholatning sharobidin ichg’on mastman,
Shafoatdin nasib etgin, yo Mustafo.
Bahri rahmat jo’sh aylasa, oson erur,
Bir qatrasi vujudimg’a darmon erur,
Umidvorman, noumid bir shayton erur,
Shafoatdin nasib etgin, yo Mustafo.

Nosir Zohid, 
Dang’ara

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.