background
logotype
image1 image2 image3

Mirzo Kenjabek

IBODAT

Ibodat ne?
Yaratganga itoat ham ibodatdur
Haqiqiy bandalik birlan
Sadoqat ham ibodatdur.

Otang birla onang qalbi
O‘tar ka’ba tavofidin
Alar ko‘nglini shod etsang
Bu xizmat ham ibodatdur.

Umrni etmayin isrof
O‘zing ro‘za vujuding sof
Agar pok holda uxlarsan
Bu rohat ham ibodatdur.

Butun borliq nabotot ham
Yaratganga etar tasbeh
Bobodehqon ekib yursa
Ziroat ham ibodatdur.

Ibodatdur biror johil
Jafokorga desang haq so‘z
Va nodonga sukut qilsang
Sukunat ham ibodatdur

Agar juftihalol birla
Ko‘ngilxushlik qilar bo‘lsang
Falak shohid Malak hozir
Bu suhbat ham ibodatdur.

Tamal imoni ixlosdur
Bu qullik bandaga xosdur
Xudo deb qilganing har ish
Va niyat ham ibodatdur.

Sevib Mirzo aziz do‘stlar,
Ko‘nglini shod ayla
Agar Olloh uchun sevsang
Muhabbat ham ibodatdur.

XUSH KELIBSAN, EY RAMAZON!..

Xush kelibsan, ey Ramazon,
Davlat bo’lib kelgan oy!
Ummat uchun mag’firatu
Rahmat bo’lib kelgan oy!

Ruhga shifo, tanga davo,
Qur’on nozil bo’lgan oy!
Har mo’minga sevinch bo’lib,
Shafqat bo’lib kelgan oy!

Bu kun ma’no olaminda
O’zgarishlar boshqadir;
Xush kelibsan, zafar bo’lib,
Nusrat bo’lib kelgan oy!

* * *

Asl g’avvos bo’lsang, durni ko’rgaysan,
Sof bo’lsang, ketar chog’ hurni ko’rgaysan.
Hammayoq zulmat, deb shikoyat qilma,
O’zingda nur bo’lsa, nurni ko’rgaysan.

Mirzo Kenjabek


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.