background
logotype
image1 image2 image3

Jamila Badr

TAAJJUB

Mabodo hazrati Muhammad
Uyingizga kelsa nogahon,
Qiziq, bir yo ikki kun tursa,
Qanday holga tusharsiz shu on?

Shubha yo‘qki, eng go‘zal uyni 
Ajratasiz aziz mehmonga,
Totli ovqat, sarxil mevadan
Tortajaksiz mo‘l dasturxonga.

Bu tashrifdan shodligingizni
Mehmonga bot qilgaysiz izhor.
Uyingizning to‘ri uniki,
Xizmatdan-da behad baxtiyor.

Biroq uning siz tomon asta
Kelishini ko‘rarkan, darhol
Chiqarmisiz qo‘l qovushtirib
«Xush kelibiz!» debon bemalol?

Yoki uyga boshlashdan avval
O’zgartirib usti boshingiz,
Turli-tuman jurnal o‘rniga
Qur’on qo‘yib qo‘yasizmi tez?

Tomoshalar ko‘rmoq qasdida
Yoqasizmi oyna jahonni?
Yo zudlikda o‘chirasizmi 
Chiqmay turib ko‘kka fig‘oni?

Balki borib radio simin 
Shiddat bilan uzib tashlarsiz?
Shukur, bir so‘z eshitmadi, deb
Shartta olib buzib tashlarsiz?

Musiqani ko‘zdan berkitib,
Olasizmi hadis kitobin?
Ichkariga qo‘ymaysizmi yo
Eshitmayin deya xitobin?

Qiziq, agar o‘shal payg‘ambar
Siz-la tursa bir yo ikki kun,
Har galgiday o‘z ishingizda
Davom etgaydirmisiz mamnun?

Kunda aytar so‘zlaringizni
So‘zlaysizmi o‘shal damda ham?
Hayotingiz davom etarmi
Avvalgiday kunba-kun ildam?

Qanday bo‘lsa oilada urf 
Shundayicha etarmi davom?
Duo qilmoq og‘ir kelmasmi
Yegandan so‘ng har safar taom?

Har namozga ayni vaqtida
Qovoq uymay turasizmi shay?
Tong otmasdan uyg‘onasizmi
Ibodatga dildan, og‘rinmay?

Kuylarmisiz eski qo‘shiq yo
Eski kitob olinar qo‘lga?
Ko‘rsatarsiz ul zotga balki
Nelar yoqishini ko‘ngulga?

Payg‘ambarni olib ketarsiz
Borar joyingizga har galgi?
Rejangiz ham tamom o‘zgarar
Bir yo ikki kungina balki?

Istarmisiz do‘stlaringizning
Ul hazratni ko‘rishlarini?
Yoxud qaytib ketguncha toki
Sal chetroqda yurishlarini?

Ne dersiz gar butun umrga
Sizning bilan qolsalar ul zot?
Yoki qaytib ketsalar oxir
Yengil tortib bo‘larmisiz shod?

Qiziq, o‘zni tutarsiz qandoq?
Ne ahvolga tushib ul zamon,
Uyingizda hazrat Muhammad
Bir-ikki kun bo‘lsalar mehmon.

Inglizchadan A'zam Obidov tarjimasi

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.