background
logotype
image1 image2 image3

Ismoil Abdulloh

JOYNAMOZ

O’qiganmiz uchar gilam haqida,
Sirli-sirli ertak kitoblarida,
Oshiqni ma’shuqi sari eltarmish,
Bir zumda, ko’z yumib ochgunlaricha.

Savol tug’iladi, hayol chulg’aydi,
Hayotda shu gilam asli bormikan?
Qaysi mamlakatda, qay saltanatda,
Bor bo’lsa, mendagi dardga kormikan?

Muhabbat dardi bor dilim qo’rida,
Sevganim jamiki olamlar Rabbi.
Pok nomi muqaddas qalbim to’rida,
U bor maxluqotning yolg’iz Ilohi.

Uchsaydim ko’klarga, qolib yer shari,
Ko’rardim, yulduzlar unga bezakdir.
Men uchun Allohning huzuri sari
Zumda yo’l olguvchi gilam kerakdir.

Qarangki, bu gilam – uyim to’rida
Menga muntazir bir poyondoz ekan
Allohdan marhamat topdi kamina,
U gilam e’zozli joynamoz ekan.

Ustida tik turib, niyat qilsangiz,
Quloq qoqib “Alloh Akbar” desangiz.
Soniya o’tmasdan yo’l olib Haqqa,
Yaqin aylar ekan sajda etsangiz.

Alloh huzurida turmoq istasang,
Rahmon ila roz aytishmoq istasang,
Yuzlangin qiblaga solib joynamoz,
O’qigin namozing, uchmoq istasang…

TO’RTLIKLAR

Inson afzal bo’lolmas mol-davlati-la,
Inson afzal bo’lolmas irq-millati-la.
Allohning nazdida farq qilur inson
Qalbning pokligiyu taqvosi ila.

***

Nazar sol, ibrat ol, insonlarni ko’r,
Telba bor, oqil bor, border ko’zi ko’r.
Har biri taqdirning bir oyinasi,
Sog’misan shukr qil, bemor holing so’r.

***

Mol dunyoni tashlab ketarsan elga,
Yolg’iz kafan ila kirarsan elga.
Faqat savob hamroh, fursat g’animat,
Yaxshilik qil xoh ayolga, xoh erga.

***

Qanday ishlar tushar boshimga,
Aqlim sira bovar qilmaydi.
Qaysi inson bilar taqdirin?
Javob bitta: hech kim bilmadi!

Ismoil Abdulloh


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.