background
logotype
image1 image2 image3

Ikromiddin Oqqo’rg’oniy

O’Z-O’ZIMGA DEGANIM

Yaratgan izni bilan
Kelgansan bu dunyoga.
O’z yukingni o’zing tort,
Tavakkul qil Xudoga.

Meni boq, deb davlatga,
Ko’z yoshingni to’kmagin.
Yurishmasa ishlaring,
Hukumatni so’kmagin.

Ahir jismu joningni,
Alloh etgan inoyat.
Rizqingngga kafil – O’zi,
Ta’ma – zabun bir odat.

O’z aybingni taftish qil,
G’iybat qilma o’zgani.
Aqlingni sarf aylama,
Birovni ranjitgani.

Nafsing – teshik tog’ora,
Lim-lim to’lmas hech qachon.
Kimdir tekin qo’y bersa,
O’zing unga top arqon.

Ko’ldek tinma, anhor bo’l,
Kengliklarga yoy quloch.
Tayyorga bo’lma ayyor,
Yangi manzil, makon och.

Ochgan manzil makoning,
Yarasin el koriga.
Alloh berar barokat,
Shukr qilsang boriga.

Ikromiddin Oqqo’rg’oniy


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.