background
logotype
image1 image2 image3

Abdul Jalil

MO’JIZALAR ONASI

Ramazonda bir oydin sahar
Alloh shunday qildi iroda-
Tushdi ko’kdan Nomusi Akbar,1
Uchrashdilar g’ori Hiroda.

Dedi: Gumroh qolmishdir basher,
Nihol ekkaydurmiz qoq cho’lga.
Alloh hukmi – O’qi! Payg’ambar,
Odamlarni boshla haq yo’lga!

Arshdan aziz boshingga indi
Muqaddas ishq – muborak davlat.
To qiyomat zimmangda endi
“Tur, ogoh et!” – imonga da’vat.

Titroq bosdi, qo’rqdi o’zidan,
Xadichaga so’zladi holing.
Zukko ayol uning ko’zida
Ko’rdi asrlarning kamolin.

Ibodat-la kechdi har oni,
Alloh nomi tushmay tilidan.
Varaqaning2 ojiz armoni
Qutlug’ yupanch bo’ldi dilida.

Ne jafolar ko’rmadi Rasul,
Haqoratu masxara, tahdid.
Lekin har dam uqtirgani shul – 
Biru Birga ibodat – tavhid.

Yillar kechdi. Haq Rasul bilan
Balqdi Islom – nur aro Ka’ba.
Iqror, tasdiq, taslim dil bilan
Ahli imon topdi martaba.

Yuraklar pok, xulq go’zal bo’ldi,
Elni baxtga boshladi irfon.
Ming shukrkim, mukammal bo’ldi
Mo’jizalar onasi – Qur’on!

1 Jabroil alayhissalom
2 Hadicha onamizning amakilari

MAHSHAR YAQIN…

Mahshar yaqin, taqdir – o’q,
Zumda eltar hammani.
Tahorat yoq, tahsin yoq,
Niyat qani – ahd qani?

Yetmasmu bu shaytonning
Shunchalar avragani?
Tarovati imoning-
Ruku, qomat – shahd qani?

Mudom istarsan parvoz,
Nedur qanoting sani?
Allohga eng yaqin roz-
Qa’da, sajda – taxt qani?

Tilovat yoq, takbir yo’q,
Namoz qani – baxt qani?
Bundan o’zga tadbir yoq
Asl Yorni ko’rgani…


ILM HOSIL ETMAKNING OLTI SHARTI

Ey do’st, murod o’lsa ilm etmak hosil,
Unga olti shart-la bo’lursan vosil.

Men faqat ayturman bir-bir otini,
O’zing axtargaysan tafsilotini:

Aqling ko’zgusiga g’ubor qo’nmasin,
Dilda hirs-ishtiyoq o’ti so’nmasin.

Ijtihod aylagil, chunki yo’l yiroq,
Imkonu qanoat qo’lingda chiroq.

Ustoz suhbatidan dur-ganj ola bil,
To tiriksan, mudom mutolaa qil.

Arabchadan Abduqayum Hikmat,
Abdul Jalil tarjimasi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.