background
logotype
image1 image2 image3

Yomonlikni yaxshilikka alishtiring!

Alloh taolo Furqon surasida Xoliqqa shirk keltirgan, biror jonni nohaq o'ldirgan, zino qilgan bandalarning uqubati katta bo'lishini aytaturib: "Magar kim tavba qilsa va iymon keltirib, yaxshi amallar qilsa, bas, Alloh ana o'shalarning yomonlik-gunohlarini yaxshilik-savoblarga aylantirib qo'yur" (70-oyat), deydi. 
"...yomonliklarini yaxshiliklarga aylantirib qo'yur", ,jumlasi haqida ulamolar ikki xil fikr bildirishgan. Birinchisi: bandalar gunohlariga tavba qilganlaridan keyin yomon amallar o'rniga yaxshi amallarni qilishadi. Bu haqda Ibn Abbos aytadilar: "Ular mo'minlardir. Iymon keltirishlaridan avval yomonlik ustida edilar. So'ng Alloh ularni yomonliklardan yuz o'girtirib, yaxshiliklarga burib qo'ydi va yomonliklarini yaxshiliklarga almashtirdi". Said Ibn Jubayr : "Ular sanamlarga ibodat qilganini Rahmonga ibodat qilishga, musulmonlarni o'ldirganini mushriklarni o'ldirishga, mushrikalarga uylanganini mo'minalarga uylanishga almashtiradilar", degan. Hasan Basriy aytadi: "Ular gunoh o'rniga solih amal, shirk o'rniga ixlos, fujur o'rniga ehson, kufr o'rniga musulmonlik qiladilar". 
Ikkinchi fikr: ularning o'tgan gunohlari xolis tavba bilan yaxshilikka aylanadi. Chunki ular o'tmish qilmishlarini har eslaganda, nadomat qiladilar, istig'for aytadilar, shu e'tiborga ko'ra, gunohlari o'rnini qiyomatda savob egallaydi. Hatto nomai a'mollarida biror yomonlik yozilgan bo'lsa-da, zarar bermaydi. Bu xususda sahih xabarlar bisyor. 
Muoz Ibn Jabalning shogirdlari Abu Sayfdan rivoyat qiladi: "Jannat ahli jannatga to'rt toifa bo'lib kiradi: taqvodorlar, keyin shukr qiluvchilar, keyin (azobdan) qo'rquvchilar, keyin o'ng tomon egalari". Nega ular "o'ng tomon egalari", deb nomlangan?" deb so'rashdi. "Chunki ular yomonlikni ham, yaxshilikni ham qilishgan. Qiyomatda ularga kitoblari (nomai a'moli) o'ng tomonlaridan beriladi. Ular qilgan yomonliklarini bittama-bitta, harfma-harf qoldirmay o'qiydilar. So'ng: "Ya, Parvardigor, bular yomonliklarimiz, yaxshiliklarimiz qayda qoldi?" deb so'rashadi. Shunda Alloh taolo ularning yomonliklarini o'chirib, yaxshilikka aylantirib qo'yadi. Shunda ular: "Mana, mening kitobimni o'qinglar. Darhaqiqat, men hisob-kitobimga (ya'ni oxiratda ajr-mukofotga) ro'baro' bo'lishimni bilgan edim" (Al-Haaqqo, 20), deydilar. Ular jannatda juda ko'pdirlar".
Ibn Abu Hotim rivoyat qiladi: "Munkillagan, qoshlari o'sib ko'zlarini yopgan chol Rosululloh(sollallohu 'alayhi vasallam)ning huzurlariga keldi va :"Bir kishi ko'p buzuqliklar, gunohlar qilgan, gunohlari yer ahliga bo'lib berilsa, ortib qoladi, shunday yomon odam, o'sha odam uchun tavba bormi?" deb so'radi. Shunda Nabiy 'alayhissalam: "Musulmon bo'lganmisan?" dedilar. "Allohdan o'zga iloh yo'qligiga, U yakka va sheriksiz ekaniga,  Muhammad (s.a.v) Uning bandasi va rosuli ekaniga iqrorman", dedi. "Alloh taolo sening barcha qilganlaringni kechirdi va shu bilan birga, yomonliklaringni yaxshiliklarga alishtirdi", dedilar Rosululloh sollallohu 'alayhi vasallam. "Gunohu fujurlarimni hammi?" deb so'radi chol. "Gunohu fujurlaringni ham", dedilar Nabiy 'alayhissalam. So'ng u takbir va tahlil aytib chiqib ketdi.
Tabaroniyning rivoyatida Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: "Bir ayol oldimga kelib: "Men zino qildim, zinodan bola tug'dim va uni o'ldirdim, endi men uchun tavbaga yo'l bormi?" deb so'radi. "Senga rahm-shafqat ham, marhamat ham yo'q", dedim. Ayol hasrat va nadomat bilan turib ketdi. Keyin bomdodni Rosululloh sollallohu 'alayhi vasallam bilan birga o'qidim va u zotga ayolning aytganlarini so'ylab berdim. Shunda Nabiy 'alayhissalam: "Unga juda yomon gap aytibsan, Alloh taoloning: "Magar kim tavba qilsa va iymon keltirib, yaxshi amallar qilsa..." degan oyatini o'qimaganmisan?" dedilar. Keyin borib, ayolga o'sha oyatni o'qib berdim, u o'zini sajdaga tashladi va: "Men uchun najot yo'lini bergan Allohga hamdlar bo'lsin!" dedi".
"Sahihi Buhoriy" da ham bu mavzudagi hadislar bisyor. Ibn Mas'ud roziyallohu anhu Payg'ambarimizning shunday deganlarini rivoyat qiladilar: "Kim Islomda chiroyli amal qilsa, johiliyatda qilgan qilmishlari uchun so'ralmaydi. Kim Islomga kirganidan keyin ham yomonlik qilsa, avvalgiyu oxirgi qilganlaridan tutiladi".
Allohdan o'tgan gunohlarimizni kechishini, nasuh-xolis tavba bilan rizqlantirishini, yomonliklarimizni yaxshiliklarga aylantirishni va bundan buyog'iga faqat solih amallarga sohib aylashini so'raymiz. Muvaffaqiyat faqat Allohdandir.

Ibn Kasirning tafsiri asosida tayyorlandi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.