background
logotype
image1 image2 image3

Ali ibn Abu Tolib

Ali ibn Abu Tolib (vafoti 661) - to‘g‘ri yo‘ldagi to‘rt xalifaning biri, Payg‘ambarimizning (s.a.v.) amakivachchalari va kuyovlari.



Ilm olinglar. Ilm bilan birga xotirjamlik, viqor va hilmni (muloyimlikni) ham olinglar. Sizga ta’lim berayotgan kishiga tavoze’li bo‘linglar. Sizdan ta’lim olayotgan kishilar ham tavoze’li bo‘lishsin. Jabr qiluvchi olimlardan bo‘lmanglar. Ilmingiz johilligingiz ustiga qoyim bo‘lmasin.

Olimning ado etilishi lozim bo‘lgan haqlari bor. Unga ko‘p savol bermaslik, javobiga e’tiroz qilmaslik, erinib turganida javob berishga zo‘rlamaslik, o‘rnidan turishga qo‘ymay, etagiga osilib olmaslik, sirlarini oshkor etmaslik, huzurida biror kishini g‘iybat qilmaslik, undan xato qidirmaslik, bordi-yu xato qilsa, uzrini qabul qilish, modomiki Allohning amriga itoat etarkan, unga ham Alloh uchun hurmat ko‘rsatish, oldida o‘tirib olmaslik, biror ehtiyoji bo‘lsa, uni ravo qilish uchun hammadan oldin shoshilish olimning haqlaridandir.

Ilmiga amal qilmagan olim johillar qatoriga kiradi.

Ilm sarvat (boylik)dan ustundir. Chunki sen sarvatni qo‘riqlaysan, ilm esa seni qo‘riqlaydi.

Ilm moldan yaxshidir, u seni muhofaza qiladi, molni esa sen qo‘riqlaysan. Ilm hokim, mol mahkumdir. Mol nafaqa qilish bilan kamaysa, ilm ziyoda bo‘ladi.

Olim kishi kechalari qoyim, kunduzlari ro‘zador mujohiddan afzaldir. Olim vafot etsa, Islomda bir yoriq paydo bo‘ladi. U yoriqni faqat olimning o‘rinbosarigina to‘ldiradi.

Aql kabi mol, yaxshi xulq kabi do‘st, odob kabi meros, tavfiq kabi rahbar, ilm kabi sharaf yo‘qdir.

Kufrga ketishning to‘rtta asosi bor: juda chuqurlashib ketish, o‘zaro kurash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bosh tortish, darz ketish, bo‘linish.

Xudojo‘ylikning eng yaxshisi ibodatni ko‘z-ko‘z qilmasdan, yashiribroq bajo keltirishdir.

Xushu’ bo‘lmagan namozda, keraksiz narsalardan saqlanmasdan tutilgan ro‘zada, tartil (qiroat) bilan o‘qilmagan Qur’onda, gunohlardan tiyilmasdan qilingan amalda, saxiylik bilinmagan molda, jiddiy bog‘lanmagan birodarlikda, ixlos bo‘lmagan duoda yaxshilik yo‘qdir.

Uch narsa xotirani ziyoda etadi va safroni ketkazadi: misvok ishlatish, ro‘za tutish va Qur’on tilovat qilish.

Hayo va sabr qilishdek iymon bo‘lmas.

Har narsaning zakoti bor, badan zakoti ro‘za tutishdir.

Kishi o‘zi bilan Alloh o‘rtasidagi aloqasini yaxshilasa, Alloh ham bandalari va uning o‘rtasidagi aloqasini yaxshilaydi.

Og‘izlaringiz Qur’on yo‘lidir, uni misvok bilan tozalangiz.

Iymonlaringizni sadaqa berish bilan mahkam qilinglar, mollaringizni zakot berish bilan omon saqlanglar, balolar to‘lqinini duo bilan daf qilinglar.

Agar kishi jannatni istasa, o‘z istaklaridan qo‘l tortadi. Do‘zaxdan qo‘rqsa, harom narsalardan o‘zini tiyadi.

Sabr qilinglar, chunki sabr etish - iymondan. Xuddi bosh jasadda bo‘lganidek, sabr ham iymonda bo‘ladi.

Allohning bir farishtasi har kuni “O’lmoq uchun tug‘ilinglar, foniy bo‘lmoq uchun yig‘ilinglar, xarob bo‘lmog‘i uchun imorat quringlar”, deb nido qilib turadi.

Modomiki Allohdan boshqadan umid qilmas ekansan, Allohdan boshqadan ham qo‘rqma!

Taqvo - Yaratgandan qo‘rqish, tanzil (Qur’oni karim)ga amal, ozga qanoat qilish va oxiratga tayyorgarlik ko‘rishdir.

Har kim amalga tanballik qilsa, Alloh uni bir g‘amga duchor qiladi.

Eng ulug‘ taqvo harom narsadan qo‘l tortishdir.

Zohidlik misoli bir xazina bo‘lsa, xudojo‘ylik unga bir qalqon sanaladi.

Kimki xolis niyat bilan duo qilsa, duosi ijobatdan mahrum bo‘lmaydi.

O’qishni bilsangiz, har bir inson bir kitobdir.

Aqlini ishlatgan odam aqllidir. Boshqalarningham aqlini ishlatgan odam undan-da aqlliroqdir.

Qalb ko‘r bo‘lganidan keyin ko‘zning ko‘rishligidan foyda yo‘qdir.

Bilmagan narsani bilmayman, deb javob berishdan uyalmang.

Aqlli kishining tili yuragining ortida bo‘ladi, ahmoqning yuragi tilining orqasida bo‘ladi.

Aqldek xazina yo‘q, jahldek faqirlik yo‘q, odobday meros yo‘q, mashvaratdek yordamchi yo‘q.

Dunyo hayotida sog‘lom odam xastadir. Zavqu safo surgan odam oxiri pushaymon    bo‘lgusidir.    Faqir    odam    hazindir.    Boy    odam    baloga giriftordir. Molining halolining hisobi, haromining azobi bor, shubhali foydalardan ozor topilgusidir.

Dunyo hayoti bilan oxirat hayoti bir erkakning ayni vaqtda nikohida bo‘lgan ikki xotiniga o‘xshaydi. Biri mamnun bo‘lsa, ikkinchisi kuyaveradi.

Agar ne’matning bir chekkasiga erisha olsangiz, noshukr bo‘lib undan uzoqlashmang, yuz ham o‘girmang.

Orzu - tamannoga berilmaslik eng sharafli boylikdir, orzuning o‘zi yomon bir amaldir.

Poklik faqirlikning ziynati sanaladi, shukr qilish esa mol-dunyoning ziynati sanaladi.

Boylik g‘urbatda ham vatan bo‘ladi, faqirlik vatanda ham g‘urbat bo‘ladi.

Jannatga ishtiyoqi bo‘lgan kishi dunyoda nafsoniy orzu-havaslaridan tiyilsin.

So‘ralmasidan avval berilsa, bu saxovat hisoblanadi. So‘ralganidan so‘ng berilsa, hayo yoki mazammat bilan bog‘liq bo‘lib qoladi.

Qizg‘anchilik ojizlikning isyonidir.

Xasis kishi o‘z shahrida ham begona.

Rizqu ro‘zing ko‘p bo‘lsin desang, ko‘p sadaqa qil.

Bir-ikki so’ bug‘doydan ovqat tayyorlab, birodarimni chaqirishim men uchun bozorlaringizga chiqib, qul ozod qilishimdan mahbubroqdir.

Eng ezgu ehson hojatmandga berilganidir.

Boylik ehson qilinsa - izzat, berkitilsa - xorlik keltiradi.

Adolat - oxiratda najot, dunyoda saodat boshidir.

Muhtojga yordam berishni ertaga qoldirmang. Zero, sizga yoki unga ertaga nima bo‘lishini bilmaysiz.

Kimning hojati tushsa, unga ko‘mak berish sizga vojibdir.

Har bir nafas tortish bilan birga umrdan bir qismi o‘tib ketaveradi.

Makorimul-axloq (yuksak xulq) quyidagi o‘n xislatdan ibodatdir: saxovat va hayo, rostgo‘ylik va omonatni joyiga berish, kamtarlik va rashk, shijoat va halimlik, sabr va shukr.

Insof - oliyjanoblik belgisidir.

Dahr orzularni yangilaydi, taqdirni yaqinlashtiradi, yomon istaklardan uzoqlashtiradi.

Insonlarga marhamatli bo‘ling, qadringiz oshadi.

Alloh banda yaxshiligiga muhtoj emas, ammo bir yomonlik seni yaxshilikka eltsa ajab emas.

Sabr ikki xil bo‘ladi: yomon ko‘rilgan narsaga chidamoqlik va yaxshi narsani eshitishga sabr etmoqlik.

Yordamini o‘zgalardan darig‘ tutmagan inson zikri keng yoyiladi.

O’zgalarga ozor berishdan saqlanish yaxshilik alomatlaridandir.

Kechirish - eng yaxshi g‘alabadir.

Ishining mazasi bo‘lmagan kishining nasabi ish bermay qo‘yadi.

Ichimizda saqlar ekanmiz, har qanday sir bizning asirimizdir. Oshkor etgan paytimizdan boshlab biz uning asiriga aylanamiz.

Til misoli tishlaydigan hayvondir. Agar qo‘yib bersang, g‘ajib tashlaydi. Shunisi borki, faqat uni tishlashdan xoli qilish kerak.

Sukut saqlang, uning eng oz foydasi - omonlikdir.

Kimki kerilib, o‘zidan mamnun-u mag‘rur bo‘lib yursa, u o‘ziga nisbatan boshqalarning nafratini keltiradi.

Ey mutakabbir banda, sen jannatga kirishni xayolingga ham keltirmagin. Chunki Iblis jannatdan kibru havosi tufayli haydalgan. Kibru havo qilgan insonlar jannatga kiritilmaydilar.

Iffat hech narsaga ehtiyoj qoldirmaydi.

Avratga qaragan kishiga ham, (avratni) ko‘rsatgan kishiga ham Allohning la’nati bo‘lsin!

Ochko‘zlikdan hamda yaxshi ovqat, ichkilik, xotin-xalajga berilishdan o‘zini tutish iffat sanaladi.

Shaxsingizga dushmanlik qilganni avf etingiz. Lekin vataningizga, millatingizga va diningizga dushmanlik qilgan kishini kechirmangiz.

O’ziga do‘st topolmagan kishi odamlarning eng ojizi sanaladi. Bundan ham ojizrog‘i esa oldiniga birorta do‘st topadi-yu keyinchalik uni ham yo‘qotib qo‘yadi.

Chin birodar og‘ir kuningda bilinadi.

Yaxshi qarindoshlik chidamlilik bilan yuzaga keladi.

Xotinning jihodi - erga itoat etmoqlikdir.

Yomon xotin misoli go‘zal kiyingan chayonning o‘zidir.

O’z ahlingizni qadrlang. Zero, ular uchar qanotingiz, o‘rnashgan poydevoringiz va tutar qo‘lingizdir.

Kimda-kim g‘arazgo‘ylik jilovi bilan bir narsaga erishishga harakat qilar ekan, u shu istagiga erisholmaydi, hatto ajali ham yetmay o‘lib ketadi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.