background
logotype
image1 image2 image3

Abulqosim az-Zamaxshariy

Abulqosim az-Zamaxshariy (1075-1144) - xorazmlik atoqli olim, shoir, tilshunos, xattot, arab tili grammatikasiga doir «Al-Mufassal» kitobi mashhur.



Yoki ilmli bo‘l, yoki ilmga tayanib ish tutadigan bo‘l, loaqal ilmni tinglab eshitadigan bo‘l, ammo to‘rtinchisi bo‘lma, chunki kasodga uchrab halok bo‘lasan.
 
Yomon fikr sohiblari ham, kufroni ne’mat qiluvchilar ham yovvoyi qobonlar misoli Alloh taoloning mag‘firatidan yiroqdirlar.
 
Odamning umri avvalida qilgan ishlari umrining oxiridagi ishlariga ham dalolatdir.
 
Alloh taolodan astoydil iltijo bilan o‘tinib so‘ragan kimsaning nidosi sira noumid qolmaydi.
 
Suv yo‘llari irmoqlari bilan bo‘lgani kabi shariatning to‘g‘ri qonun-qoidalari Payg‘ambar alayhissalom ta’limotlari bilandir.
 
Urug‘likni ham, po‘choqni ham, niyatu orzularni ham, muhabbatu firoqni ham yaratuvchi Alloh taolodir.
 
Sen zalolat to‘lqiniga o‘zingni urib suzsang, seni faqat ko‘p toat-ibodat va tasbehlar qutqaradi.
 
Har qanday ishni boshlashdan avval Allohning roziligini o‘yla. Aks holda qilgan ishlaringning hammasi behuda bo‘lib, zoe ketadi.
 
Bamisoli tumov kishi gulning hidini sezmaganidek, ahmoq kishi hikmat lazzatini bilmaydi.
 
Kimki o‘z nafsi-balosiyu orzu-havasi domiga tushib qolsa, u beshak o‘zini-o‘zi chuqur qa’riga tashlagani muqarrar.
 
O’z nafsingga hokim bo‘lmasang, uni o‘z hukmingda tutasan. Aks holda undan g‘olib chiqib, ushlab tura olmaysan.
 
Kimning himmati-yu muruvvati qanchalik ko‘p bo‘lsa, shunga yarasha odamlar uning kayg‘usiga sherik bo‘larlar, hamdardlik bildirarlar.
 
Boshingizga mushkul ish va tashvish tushganida munis bo‘lib, odamlarga mehr-muhabbat ko‘rsatasiz. Ammo davlatu ne’matlarga erishganingizda bag‘ritoshlikka moyil bo‘lasiz.
 
Odamlar ichidagi eng yaramasi xasisdir, ularning ichidagi eng yalqovi pastkashdir.
 
Hayot vaqtingda bergan in’om-ehsonlaring, garchi ularni tuki yo‘q (qirchang‘i) bo‘riga bergan bo‘lsang-da, zoe ketmas. Qiyomat kunida bularning ajri senga bo‘lur.
 
O’z vaqtidan kechikib berilgan in’om-ehson mahkam tortilgan zanjir misoli qattiq bo‘g‘uvchidir.
 
Tog‘ tepasidagi qoyalarni ko‘chirish minnat eshitish yuklariga nisbatan yengilroqdir.
 
Riyo bor har qanday ishda ravolig-u ziyo yo‘qdir.
 
Mol-mulkni behuda isrof qilish kufroni ne’matdur. O’ylamasdan boyligini sarflash to‘liq tanazzulga olib keladi.
 
Agar biror qayg‘u-alam yuz bergani yoki ta’ziyali joyni eshitsang, darhol o‘sha yerga bor. Agar ziyofatu mehmondorchilikka chaqirilsang, unda o‘zing o‘ylab ish tut.
 
Faqiru   miskinlarga   vojib   sadaqalarni   bajo   keltirmagan   boylarga jahannamda dahshatli bir handaq bordir.
 
Ko‘pincha yoki ba’zan Hasan al-Basriyga o‘xshash buyuklarni Xajjoj zolimga o‘xshashlar tug‘adilar, go‘yo sho‘r dengiz suvidan dur-marjonlar chiqqani kabi.
 
Pora faqat nohaqligu zolimlarga yordam berguvchidir.
 
O’tkir qilichning boshga tushadigan zarbasi ba’zi nodonlarning hukmi ostida mute’-itoatda bo‘lib yurishdan afzaldir.
 
Haqiqat va adolat bilan to‘g‘ri siyosat yurgizmagan har bir rahbar va boshliq qattiq azob-uqubat va baloga giriftor bo‘lur.
 
Bu dunyo ibratli ishlar va pand-nasihatlarga to‘ladir. Ayni vaqtda ko‘z yoshlariga ham serob.
 
Qo‘rquvga mubtalo bo‘lgan kishi faqat qochishdan najot izlaydi.
 
Ustingga keksalik kiyimi tashlangan bo‘lsa ham biroq sen uzoq umr ko‘rish hirsida (ta’masida) yangi-yangi kiyimlar kiymoqdasan.
 
Garchand uzoq umr ko‘rgan bo‘lsalar-da, ko‘p odamlar g‘o‘r va tajribasizdir.
 
Tunu kunni o‘tkazaman-u, ammo bugungi kunim kechagi kunimdan yaxshiroq bo‘lmayotir. Chunki zamona kundan-kunga halokat tomon bormoqda. Shunday ekan, kechagi kun bugungidan a’loroq, bugungisi esa ertangidan yaxshiroqdir.
 
Vaqti-soati o‘tgandan so‘ng ijro bo‘ladigan  va’dadan hech bir yaxshilik bo‘lmas.
 
Kimki baxt-iqbolli, solih kishilarning etagini tutsa, u albatta murodiga erishib, xayru baraka topadi.
 
To‘g‘ri va haq yo‘ldan yurgan kishining qadam bosishi arslon yurishidan ham mahobatliroq haybatliroq dir.

Yomon, noraso e’tiqod bilan qilingan ezgu ish sarob va kul kabi hech qanaqa foyda bermaydi.
 
Go‘zal sifat va husni xulq siyratlari bezamagan kishini hech qanday chiroyli kiyimlar ko‘rkam qilolmas, gunoh va xatolardan saqlanmagan kimsaning qalbi sira aybdan forig‘ bo‘lmas.
 
Qabohatli suvrat, chirkin yuzning va yomon chehraning orqasida yaramas xulqdan boshqa narsa yo‘qdir.
 
Vijdon azobiyu ta’nadan to‘g‘ri bo‘lmagan kimsani ta’lim-tarbiya va qiynash bilan ham to‘g‘rilash amri mahol.
 
Pastkash kimsaning o‘z nasl-nasabini maqtab, u bilan faxrlanishi chanqoq kishining suv shu’lasi (sarob)ni ko‘rib aldangani kabidir.
 
Ko‘pincha til bilan yetkazilgan jarohat qilich bilan yetkazilgan jarohatdan og‘irroqdir.
 
O’zi sazovor bo‘lmagan hamdu sano va maqtovlarni talab qilish uyatsiz, telba odamlarning odatlaridandir.
 
Quyosh   nurlarini   berkitib   bo‘lmaganidek,   haqiqatning   chirog‘ini   ham so‘ndirib bo‘lmaydi.
 
Yolg‘onchining qasami bor (haqiqiy) ilmining soxtaligini oshiradi.
 
Ko‘p ortiqcha so‘zlashuv eshituvchini ranjitadi.
 
Agar tilingning ortiqcha so‘zlashiga ega bo‘la olmasang, unda tizgining jilovini shaytonga topshirgan bo‘lasan.
 
Tilingdan   chiqqan   sadaqang   (ya’ni,   pandu   nasihating   va   ma’viza-yu hasanang) ba’zan qo‘lingdan chiqqan sadaqangdan xayrliroqdir.
 
O’z va’dasida turmaganda turli-tuman vaj-karsonlar ko‘rsatuvchi kimsa hech qachon mard va himmatli inson bo‘lolmaydi.
 
O’lim qanchadan-qancha takabbur odamlarning boshlarini chuqurga, ya’ni qabrga uloqtirgan.
 
Takabburlikni qanchalik xursandlig-u shodlikka tomon aylantirishga urinsang ham, asli loy bo‘lganidan keyin kulol singari, ya’ni tuproqqa (loy ishlariga) qaytishi muqarrar.
 
Kimki adovatu xusumatni eksa, albatta u tashvishu mashaqqat o‘radi.
 
Taniqlig-u sharafing otangdandir, mehribonlik, mushfiqlik onangdandir.
 
Xotin zoti agar qalbing ular ishqiga giriftor bo‘lganini sezsa, burningni tuproqqa ishqaydi.
 
Misvoklar bilan og‘zingni tozalading, koshki edi bundan keyin sen og‘zingni bo‘hton, yolg‘on, g‘iybat so‘zlarni aytish bilan bulg‘amasang!
 
Fisqu fasod qiluvchilar va fojirlar ko‘paysa, Alloh taolo vabo yuboradi.
 
Men ro‘zadorman, deysan-u ammo o‘zing bo‘lsa, birodaring go‘shtini yeysan (ya’ni, g‘iybatlar va xo‘rliklardan so‘zlaysan).
 
Xuddi qurt-qumursqalar arslon bolasini yegani kabi oliyjanob va himmatli odamning go‘shtini hasad ahli yeydi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.