background
logotype
image1 image2 image3

Abu Ali ibn Sino

Abu Ali ibn Sino (980-1037) - atoqli o‘zbek qomusiy olimi, tib ilmining otasi, o‘nlab mashhur asarlar muallifi.



Ilm - narsalarni inson aqli yordami bilan o‘rganishlikdir.
     
Haqiqatni ochinglar, to‘g‘ri yo‘ldan yuringlar. Bir-biringizdan ilm o‘rganib, kamol topishingiz uchun dil pardasini ochib tashlanglar.
     
Quyosh ko‘rlarga ko‘rinmay berkinganidek, johillarga ham dunyoda to‘g‘ri yo‘l belgilari ko‘rinmay qoladi.
      
Kundalik rizq ko‘p, qayg‘uraverma. Shu bilan birga mol orttiraman, deb o‘zingni ko‘p qiynaverma. Chunki har kim o‘z nasibasidan ortiq bitta ham don yeya olmaydi.
     
Mol-dunyoing seni aldamasin, chunki asragan mol-dunyoing boshqalarniki bo‘ladi. Ularni sarf eta olsang, o‘sha seniki bo‘ladi.
         
Boylikni topishibdi-yu aql-idrokni yo‘qotishibdi. Ajabo, topgan narsalari bilan yo‘qotgan narsalarining bahosi bir xilmidi?
     
Kishi uchun eng foydali, dilni yorituvchi narsa qanoatdir. Eng zararli va nafratli narsa hirs va g‘azabdir.
     
Boshqalarda ko‘rganni juda qattiq istamaslik ham qanoat hisoblanadi.
     
Ey havoyu havasga berilgan nafs, tez bo‘l. Chunki sen bir nafasning himoyasidasan.
     
Yordam berishning go‘zalligi undan kishining tasalli topishida ko‘rinadi.
     
Taroq aslida sochni tartibga solish uchun ishlatiladi-yu, ammo shu bilan birga u sochlarning ba’zilarini joyidan yulib tushiradi.
     
Qora tuproq qa’ridan tortib, to Zuhal cho‘qqisigacha bo‘lgan dunyoning hamma mushkul masalalarini hal qildim. Men har qanday makr va hiyla tuzog‘idan qutilib chiqa oldim-u, ammo o‘lim tugunini yecha olmadim.
     
Men ko‘p joylarni kezdim va olam ahvoliga qaradim. Unda hayronlik kaftini iyagiga tirovchidan yoki pushaymonlik barmog‘ini tishlab turuvchidan boshqani ko‘rmadim.
     
Odamlarning botiri kelajakdagi ishlardan qo‘rqmaydi. Kamolot hosil qilishdan chetlangan kishi odamlarning eng qo‘rqog‘idir.
     
Keksaygan odam yoshlik o‘tida yonolmaydi.
     
Agar kelajagim xayrli bo‘lsa edi, mayli tinchgina, bemalol tirikchiligimni qilaverar edim. Bordi-yu agar unday bo‘lmasa, ming ko‘z bilan yig‘lardim.
     
Falak - juft soqqa, olam taxtasidir, ajal o‘ynaydi - bizlar donai xom.
     
Minglab nafar ulug‘ zotlar borliqdan yo‘qlikka ketdilar. Axir bu ulug‘ zotlarning birortasi ham yo‘qlikdan borliqqa qaytib kelmayaptilar-ku.
     
Har kim hodisalardan ibrat ola bilsa, boshi qattiq otga o‘xshagan bu falak unga bo‘ysuna beradi.
     
Yaxshilikning rahmati va yomonlik kabohati
Inson toki o‘zini mayda gap, o‘chakish, janjal, shikoyat, norozilik, ohu vohlardan ozod qilolmas ekan, u iflos va pastlik tabiatidan xalos bo‘lolmaydi.
     
Yaxshiliklarning eng foydalisi sadaqadir.
      
Bir kishi sen bilan munosabatida xato qilsa-yu, senga uzr bayon etsa, uzrini qabul qilishni kechiktirma!
     
Agar havoda chang va tutun bo‘lmasa edi, kishi ming yil yashagan bo‘lardi.
     
Quruq gapning o‘zi hech qachon dalil bo‘lolmaydi.
     
So‘zning yomoni amal qilinmay bekor ketganidir.
     
Hayo - insonning abadiy go‘zalligi va latofatidir. Hayosiz yuz jonsiz jasadga o‘xshaydi.
     
Do‘stimki, dushmanimga do‘stlik qilarkan, uni men do‘st hisoblamayman. Zaharga qo‘shilgan shakardan ehtiyot bo‘l.
     
Shodli va qayg‘uli paytlarida dilini kuduratdan tozalab, sof do‘stlikni saqlab qolgan kishi chin do‘st hisoblanadi.
     
G’azab irodasi kuchli odamga ro‘para kelolmaganidek, irodasi kuchsiz odamga ham ro‘para kelolmaydi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.