background
logotype
image1 image2 image3

Hazrati Umarning Nil daryosiga maktubi

Imom Suyutiyning «al-Xulafo» kitobida quyidagilar kelgan: «Misr fathining birinchi yilida u yerning ahli Amr ibn Osning (Misr voliysi) huzuriga kelib:

– «Nilning uzoq zamonlardan beri bo‘lib kelayotgan odati bor. O‘sha bo‘lsa, oqadi, bo‘lmasa oqmaydi», – deyishdi.

– «U nedir?» – dedi.

– «Bu’na oyidan o‘n ikki kecha qolganda ota-onasi huzuridagi bokira qizni ularni rozi qilib olsak, yaxshilab kiyintirib, taqinchoqlar taqib, Nilga tashlasak, oqadi, bo‘lmasa oqmaydi», – deyishdi.

– «Bu Islomda mutlaqo durust bo‘lmaydi. Islom o‘zidan avvalgi narsani buzadi», – dedi Amr.

Nilda biror narsa oqmay, uch oy turib qolishdi. Shunda Amr Umar ibn Xattobga bu haqda maktub yozdi. Umar unga «Juda to‘g‘ri qilibsan. Islom o‘zidan avvalgi narsani buzadi. Men senga bir varaq yubordim, uni Nilga tashla», – deb javob maktubi yozdi. Maktub Amrga yetganda u varaqni ochdi. Unda quyidagilar yozilgandi: «Allohning bandasi, mo‘minlarning amiridan Misrning Niliga! «Ey Nil! Agar o‘zingcha oqadigan bo‘lsang, oqma! Agar Vohidu Qahhor Alloh seni oqadigan qilgan bo‘lsa, Vohidu Qahhor Allohdan seni oqizishini so‘raymiz».

Amr ibn Os mo‘minlar amirining maktubi haqida kishilarga xabar berdi. So‘ngra xoch kuniga bir kun qolganda Amr maktubni Nilga tashladi. O‘shanda Misr ahli Nildan boshqa hech narsa qondira olmaydigan qurg‘oqchilik sababidan Misrdan ko‘chib ketishga hozirlanib bo‘lgan edi. Xoch kuni tong otganda Alloh taolo Nilni bir kechada o‘n olti quloch qilib oqizayotganini ko‘rdilar. Mazkur yomon odat yo‘q bo‘ldi. Uning Misr aholisi ustidan o‘rnatgan zo‘ravonligi bitdi».

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning

«Xislatli hikmatlar sharhi» (5-juz) kitobidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.