background
logotype
image1 image2 image3

Go‘zal xotima

Ustozimiz Azizxo‘ja domla bilan suhbatimizda shunday hikoya qilgan edilar:

– Madina shahrida o‘qib yurgan vaqtlarim edi. Bu yerda vodiy tomondan kelib, muqim yashab qolgan bir vatandoshim bilan tanishib qoldim. U zot ilm ma’rifatli, ulug‘ inson edi. Yetti nafar farzandlarining barchasi o‘qimishli edilar.

Hojiboboning Madinayi munavvara masjidiga muhabbati kuchli bo‘lib, imkonlari bo‘lsa ham Madinadan tashqariga chiqmas ekanlar.

Har yili ramazon oyida nevaralari bilan birgalikda yurtimizdan borgan hojilarga iftorlik uyushtirib, ular xizmatida kamarbasta bo‘lar, hojilarga zam-zam suvi tarqatib chiqar edilar.

U zot bilan suhbatimizda nima uchun Madinadan tashqariga chiqmasliklari sababini so‘radim:

– Hoji bobo, Alloh sizga ko‘p yaxshiliklar berib, farzandlaringiz o‘qib, olim bo‘lishibdi. Boshqa davlatlarda o‘z o‘rnini topib, xizmat qilishmoqda. Qo‘lingizni qaerga cho‘zsangiz yetadi. Nega boshqa davlatlarga chiqib dam olmaysiz, yurt kezmaysiz? Madinani shu qadar aziz joy deb bilishingizning sababi nimada?

Hojibobo shunday javob berdilar:

– To‘g‘ri aytasiz, qo‘limni qaerga cho‘zsam yetadi. Imkoniyatim yetarli. Madinadan boshqa shaharlarda yashaydigan farzandlarim uylariga borishimni xohlashadi. O‘lim qosh bilan qovoqning o‘rtasida, deydilar. Madinadan tashqariga chiqsam, ajalim boshqa shaharda qolib ketishidan qo‘rqaman. Meni shu yerda, Payg‘ambarimiz alayhissalom jussalari bor joyda, u zotni ko‘rgan sahobalar yotgan joyda dafn etishlarini orzu qilaman.

Alloh Hojiboboning niyatlarini ijobat etdi. Ramazon oyi edi. Qadr kechalarining birida Hojibobo Payg‘ambar alayhissalomning ravza va minbarlari orasida hojilarga zam-zam suvi tarqatayotganlarida jon taslim qildilar. Hojiboboning vasiyatlariga ko‘ra, u zotning jasadi sahobalar yotgan joyga dafn etildi. Alloh taolo u zotni rahmatiga olsin.

Alloh taolo Hojiboboning niyatlari, ixloslariga yarasha, Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v.ga cheksiz muhabbatlari tufayli qalblaridagi orzulariga yetkazdi. Alloh u zotning umrlari poyoniga yetguniga qadar Madinada saqlab qoldi.

Abdul Mo‘min


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.