background
logotype
image1 image2 image3

Gapiruvchi bo‘ri yoxud qiyomat alomati

Abu Said al-Xudriydan, roziyallohu anhu, rivoyat qilinadi: “Bir bo‘ri suruvga hujum qilib, bir qo‘yni olib qochdi. Cho‘pon bo‘rini quvib, qo‘yni tortib oldi. Shunda bo‘ri tilga kirib:
— Allohdan qo‘rqmaysanmi? Parvardigor menga yuborgan rizqni nega qaytarib olyapsan? — dedi.
— Vo ajab? Bo‘ri inson kabi gapirmoqda! — hayratini yashira olmadi cho‘pon.
— Mening odamday gapirganimga ajablanyapsanmi? Bundan ham muhimroq narsa bor. Yasribda Muhammad ismli bir zot odamlarga yangi dinni ta’lim bermoqda, — dedi bo‘ri.
Shundan so‘ng cho‘pon suruvini haydab Madinaga keldi. Qo‘ylarni bir pana joyda qoldirib, Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, huzurlariga keldi va bo‘lib o‘tgan voqeani aytib berdi. Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, odamlarni namozga chaqirishni buyurgach, cho‘ponga:
— Ko‘rganlaringni bularga ham so‘zlab ber, — dedilar.
Cho‘pon voqeani so‘zlab berdi. Shunda Sarvari olam, sollallohu alayhi va sallam, marhamat qildilar: 
— Birodaringiz to‘g‘ri gapiryapti. Muhammadning qayoti izmida bo‘lgan Allohga qasamki, jonivorlar insonlar bilan gaplashmagunicha, kishining oyoq kiyimidagi bog‘ich ip tilga kirib, so‘zlamagunicha va kishining soni, u ko‘chada yo safarda bo‘lganida oilasining uyda nimalar qilganini xabar bermagunicha (ya’ni, shunday zamonlar kelmay turib) qiyomat qoim bo‘lmaydi».
(Mazkur hadisni Imom Ahmad Abu Hurayradan, Abu Nu’aym esa, Anasdan va Bayhaqiy Ibn Umardan rivoyat qilishgan).


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.