background
logotype
image1 image2 image3

G‘orda qolganlar qissasi

Ibn Umar aytadilar: «Rasululloh bunday marhamat qildilar: “Sizdan oldin yashaganlardan uch kishi yo‘lga chiqishdi. (Kun botgach) tunash uchun bir g‘orga kirganlarida, tog‘dan bir xarsangtosh dumalab tushib, g‘orning og‘zini yopib qo‘ydi. Ular o‘zaro: “Sizlarni bu xarsangtoshdan faqat ezgu amallaringizni shafoatchi etib Alloh taologa qiladigan duolaring qutqara oladi”, deyishdi. Ulardan biri bunday dedi: “Mening keksa, qari ota-onam bor edi. Men ularga juda g‘amxo‘rlik qilar, kech tushganida doimo oldin ularni ovqatlantirib, so‘ng bolalarim va hayvonlarimni yedirib-ichirardim. Bir kuni o‘tin axtarib uzoqlarga ketib qoldim. Uyga qaytganimda ikkovlari ham uxlab qolishgan ekan. Ular uchun sut sog‘dim. Hamon uxlayotgan edilar. Ulardan ilgari bolalarim va hayvonlarimni oziqlantirishni ma’qul ko‘rmadim. Ularni uyg‘otishga ko‘zim qiymadi. Bolalarim kech qolganim uchun (ochlikdan) oyog‘im ostida bo‘zlashardi. Men esa qo‘limda sut quyilgan idish bilan ota-onamning uyg‘onishlarini kutardim. Shunday holatda tong otdi. Parvardigoro, bu ishni Sening roziliging uchun qilganimni bilaman, yo‘limizni to‘sgan bu toshdan bizni qutqar!”

Tosh ozgina surildi. Biroq ular chiqib ketadigan darajada emasdi. Ikkinchilari dedi: “Mening amakimning qizi bor edi. Uni hammadan ko‘p sevardim. Uning vaslidan bahramand bo‘lishni xohladim. Ammo u bunga ko‘nmadi. Kunlarning birida u yo‘qsillikka uchradi, mendan yordam so‘rashga majbur bo‘ldi. Istagimga ko‘nishi sharti bilan unga bir yuz yigirma dinor berdim. U qabul qildi. Orzuimga erishadigan paytim: “Alloh taoloning muhrini nohaq buzishing halol emas!” dedi. Men unga teginishdan tiyildim va odamlar orasida eng suyganim bo‘lishiga qaramay, uni o‘z holiga qo‘ydim. Oltinlarni unda qoldirdim. Yo Alloh, buni Sening rizoyi sharifing uchun qilgan edim, bizni bu qiyinchilikdan qutqar.

Tosh yana bir oz siljidi. Lekin ular chiqib ketadigan darajada ochilmadi. Uchinchilari so‘z boshladi: “Men ishchilar ishlatardim. Haqlarini ham darhol berardim. Ammo ulardan biri haqini olmay, ketib qoldi. Men uning pulini ishga solib ko‘paytirdim. Oradan vaqt o‘tib, u keldi va: “Ey Allohning bandasi, mening haqimni ber”, dedi. Men: “Mana shu ko‘rib turganing mol, echki, tuya va qullarning bari seniki. Ularni olib ketaver”, dedim. U: “Ey Allohning bandasi, mening ustimdan kulma!” dedi. Men: “Ustingdan kulayotganim yo‘q, rostdan ham ular seniki, olib ketaver!” dedim. U hamma narsani olib ketdi. Parvardigoro, bularni Sening roziliging uchun qilgan edim, bizga bu holatdan qutulishni nasib et!”

Xarsangtosh (yana bir oz) surildi va ular g‘ordan chiqib, yo‘llarida davom etdilar”» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Sharh:

I. Ba’zi rivoyatlarda kelishicha, bu uch yo‘lovchi piyoda ketayotganlarida yomg‘ir yog‘ib qolgan va shu sababli g‘orga berkinishgan. Biz sharh qilayotgan rivoyatda esa, kechasi tunash uchun g‘orga kirganlari bayon etilgan. Bu ikki rivoyatni umumlashtirsak, ular kechasi yomg‘irga yo‘liqqan bo‘lishlari mumkin.

II. Hadisda Alloh taolo huzurida maqbul uchta yaxshi axloq bayon etilgan:

1. Ota-onaga hurmat, ularning haqlariga rioya qilish.

2. Alloh roziligi uchun insonlarning iffatini saqlash.

3. Birovning haqiga rioya qilish. Boshqalarning molini o‘z moli kabi asrash. Bu amallarni maqbul qilgan omil ularni ixlos bilan Haq rizosi uchun bajarilganidir. Zero, hadisda amallarda ixlosning muhimligi alohida ta’kidlangan.

Biz sharhlayotgan hadis rivoyatida ishchining haqi miqdori aniq aytilmagan. Ammo boshqa rivoyatlarda bu bir faraq guruch ekani aytilgan. Yana boshqa rivoyatlarda bu xususni ochib beruvchi qo‘shimchalar kelgan va yillar o‘tib, haqini olgani kelgan ishchiga o‘n ming dirham bergani bayon etilgan.

4. Hadisda, shuningdek, gunohlarni bir nuqtada tark etish, shu paytgacha davom etgan o‘tmishning kechirilishiga sabab bo‘lishi ham ifoda etilgan. Amakisining qizidan so‘nggi damda qo‘lini tortishi uning o‘sha paytgacha qilgan gunohlari kechirilishiga olib keldi va ana shu tiyilish duosini qabuliga sabab bo‘ldi.

5. Tavba qabul bo‘lsa, barcha qilmishlarning kechirilishiga sabab bo‘lishini ham hadisdan bilib olish mumkin.

6. Solih kishilardan ba’zan karomat sodir bo‘lishi haqdir.

7. Omonatni ado etish ulkan fazilatdir.

8. O‘tgan ummatlar orasida sodir bo‘lgan voqea-hodisalarni ibrat uchun aytish mumkin.

Manbalar asosida Sodiq Nosir tayyorladi.

“Hidoyat” jurnalining 2012 yil, 11-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.