background
logotype
image1 image2 image3

Duo olgan bolakay

Duo olgan bolakay

Xurmo daraxti ko‘p xususiyatlarga ega. Agar unga tosh otsangiz, eng mazali mevasini tashlaydi.

Rofe ibn Amr G‘iforiy Islomning ilk davrida yosh bola edi. U ko‘pchilik qatori qashshoqlik, muhtojlik va qiyinchiliklar ko‘rdi. Rofe ochlikdan qutulish uchun xurmo daraxtlariga tosh otib, to‘kilgan mevalardan yeb yurardi. Odamlar nasihat qilar, lekin u bu gap-so‘zlarga e’tibor bermasdi. Bir kuni uni tutib, Rasulullohning huzuriga olib kelishdi.

Nabiy : “Nega xurmoga tosh otasan?” deb so‘radilar undan. Rofe: “Yeyish uchun”, deb javob berdi. Shunda u zot : “Xurmoga tosh otma, chunki xurmo ham, daraxt ham egasining haqidir. Ammo juda ham pishib, yerga tushsa va uni hech kim olmasa, oyoqlar ostida bosilib ketishi, qushlar yeb bitirishi yo quyosh urishi xavfi bo‘lsa, to‘kilgan xurmolarni yeyishing mumkin. Zero, bu o‘zganing mulkiga tajovuz qilish bo‘lmaydi”, dedilar. So‘ng mehr va shafqat bilan uning boshini siladilar va: “Ey Rabbim, uning qornini to‘ydirgin va to‘yganini sezdirgin va taomlarning halollaridan ato etgin”, deb haqqiga duo qildilar.

 

Umring ziyoda bo‘lsin

Ummu Xolid binti Xolid ibn Sa’d ibn Os bunday hikoya qiladi: “Otam bilan Rasulullohning huzurlariga bordik. Egnimdagi sariq ko‘ylakni ko‘rgan Payg‘ambarimiz : “Ovanrahu, sanrahu”, dedilar. (Habash tilida: “Voy buning chiroyliligini, voy buning go‘zalligini”, degan ma’no anglatadi. Ummu Xolid habash bo‘lgani uchun Payg‘ambarimiz shu tilda gapirdilar). Men u zotga yaqin borib, ikki yelkalari orasidagi nubuvvat muhrlariga qo‘limni tekkazib, unga razm sola boshladim. Otam meni urishib berdi. Shunda Nabiy : “Qizchani o‘z holiga qo‘y”, dedilar va: “Kiyimingni kiyib eskirtirgin, so‘ngra boshqasini kiyib eskirtirgin, so‘ngra esa yana boshqasini”, deb, umrimning uzun bo‘lishini so‘rab, duo qildilar (Imom Buxoriy rivoyati).

 

Oldin to‘ydir, so‘ng nasihat qil

Abbod ibn Shurayhbil bunday hikoya qiladi: “Madinaga kelayotib yo‘limda uchragan birinchi boqqa kirdim. U yerga bug‘doy va arpa ekilgan ekan. Ozroq boshoq terib, donini ajratib yedim. So‘ng kiyimimga ham bir qancha boshoqni terib oldim. Shu payt bog‘ning egasi ko‘rib qoldi, yugurib kelib meni ura ketdi. Boshoqlar bilan birga kiyimimni ham tortib olib, o‘zimni Rasulullohning huzuriga yetaklab keldi.

Nabiy bog‘ egasiga bug‘doy boshoqlarini, menga esa kiyimimni qaytarib berdilar. Keyin bog‘bonga och bolani jazolashdan oldin qornini to‘yg‘izib, so‘ng nasihat qilish kerakligini aytdilar. Payg‘ambar men va Madinaga birga kelgan amakilarimga yarim hurjun bug‘doy berdilar. Men xursand bo‘lib ketdim.

 

O‘rinbosar Abdulloh

Abdulloh ibn Ja’far Tayyor bunday deydi: “Otam vafotidan uch kun o‘tgach, Rasululloh biznikiga keldilar va: “Bu kundan so‘ng birodarim uchun boshqa yig‘lamanglar, uning bolalarini chaqiringlar”, dedilar. Keyin bizlarni uylariga olib ketdilar. Nabiy sartaroshni chaqirtirdilar. U kelib, sochlarimizni oldi. So‘ngra Payg‘ambarimiz kulib: “Muhammad amakimiz Abu Tolibga o‘xshaydi. Abdullohning xulqi ham, ko‘rinishi ham menga o‘xshaydi”, dedilar. So‘ngra qo‘limdan tutib, mahkam ushladilar-da: “Yo Alloh, Abdullohni Ja’farning oilasiga o‘rinbosar qilgin va uning qo‘liga baraka bergin”, deb uch marotaba takrorladilar.

 

Xushbo‘y ekan

Jobir ibn Samra bunday hikoya qiladi: Rasululloh bilan bomdod namozini o‘qidim. Namozdan so‘ng ular bilan birga uylariga bordim. Bizni ikki bolakay qarshi oldi. Rasululloh ularning yuzlaridan birma-bir siladilar. Keyin mening yuzimni ham silaganlarida qo‘llari xushbo‘yligini his qildim. Go‘yo qo‘llarini attorning atir xaltachasidan chiqargandek edilar (Imom Muslim rivoyati).

 

Ilmga muhabbat

Zayd ibn Sobit o‘n bir yoshidayoq o‘n yettita surani yod olgan, tafsilotlari bilan o‘rgangan edi. Rasululloh Madinaga kelganlarida huzurlariga Zaydni olib kirishdi.

Ansoriylar: “Yo Rasululloh , bu bola sizga nozil bo‘lgan suralardan o‘n yettitasini yod olgan”, deb aytdilar. Zayd Qur’on tilovat qildi. Uning shirali ovoz va tartil bilan (dona-dona qilib) o‘qishi Payg‘ambarimizni hayratlantirdi.

Kunlarning birida Rasululloh : “Ey Zayd, suryoniy tilini ham bilasanmi?” dedilar. Zayd esa u zotga: “Uni albatta o‘rganaman,  yo Rasululloh”, deb javob berdi. Bir oydan oz muddatda shu tilda gaplashadigan bo‘ldi.

Rasululloh Zaydni qobiliyatli, ilmga muhabbatli va zakovatli bo‘lgani uchun Qur’onni ko‘chirishda o‘zlariga kotib qilib oldilar. Keyinchalik hazrat Abu Bakr xalifaligi zamonida Zayd Mushafni jam qilish ishlariga mas’ul bo‘ldi.

 

Qutlug‘ duo

Abu Mus’ab bunday hikoya qiladi: Bir kuni men: “Yo Rasululloh, Allohdan jannatda siz bilan birga bo‘lishimni so‘rab duo qiling, dedim. Shunda Rasululloh : “Buni senga kim o‘rgatdi?” deb so‘radilar. Men esa: “Hech kim”, deb javob berdim. Rasululloh : “Shunday duo qilaman”, deb aytdilar va ketayotganimda: “Sajdani (ya’ni, nafl namoz o‘qishni) ko‘paytirish bilan menga yordam bergin”, deb ta’kidladilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Yulduz Asqar qizi tayyorladi.

Hidoyatjurnalining 2012 yil, 7-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.