background
logotype
image1 image2 image3

Dunyo kovushimga sajda qildi

So’nggi boburiy Bahodirshoh zamonida yashagan, hujjatul-islom Qosimun Nonutviyning oldiga Merad shahrining hokimi Ilohiybahsh katta bir idishda oltin va pullarni olib, hadya qilgani kelibdi. Yo’lda o’ylabdi: “Men qilgandek hadyani u zotga hech kim qilmagan bo’lsa kerak”. Shu payt Qosimun Nonutviy Masjidi Chattaning oldida sochlarini oldirib o’tirgan ekan. Hokim salom beribdi. U zot alik olibdiyu, lekin unga qaramabdi. Iltifot ko’rmagan hokim maqsadga o’tibdi:
- Hazrat, sizga bu hadyani olib kelgan edim...
- Sening hadyangni olishga mening hojatim yo’q.
- Sizning olishga hojatingiz bo’lmasa, mening berishga hojatim bor. Savob olmoqchiman.
- Men Devband madrasidan 7,5 rupiy oylik olaman. Bu mening bir oylik ro’zg’orimga yetadi. 8 rupiy olib qo’ysam, yarmini nima qilarkinman deb kechasi uxlolmay chiqaman. Sening bir qop pulingni nima qilaman. 
Hokim ko’nglidan o’tkazibdi: “O’zi olmasa, shogirdlariga bo’lib bersa bo’lmasmikan?”. Shayxul Islom shu zahoti debdi:
- Agar sening ko’nglingda bu pullarni shogirdlarga bo’lib berish bo’lsa, o’zing bo’lib beraqol. Men aralashmayman.
Hokim sharmanda bo’lib, asta masjiddan chiqibdi-da, ostonada turgan shayxning kovushi ustiga barcha pullarni to’kib ketaveribdi.
Qosimun Nonutviy masjiddan chiqib qarasa kovushlari yo’q. Pulga umuman e’tibor bermay kovushni qidiraveribdi. Shogirdlari pullarning tagidan kovushni topib bergach, shayx pullarni olinglar ham demay ketaveribdi.    
Miyonjiy degan xalfasi “nahot shuncha pulgayam qaramadiya” deb hayron bo’lib tursa, shayx aytgan ekanlar:
- Odamlar dunyo topaman deb kovushda yuraverib, kovushlari yeyilib ketyapti. Ammo men dunyo demasdan Xudo deganim uchun dunyo kovushimga sajda qilib yubordi…

Yorqinjon qori ma‘ruzalari asosida tayyorlandi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.