background
logotype
image1 image2 image3

Chin dildan istasang...

Qadim Arabistonda ilmu hikmatda benazir Shan degan bir hakim “o‘zimga o‘xshagan bilimdon qiz topilmagunicha uylanmayman”, deb ahd qilgan ekan. Biroq butun mamlakatni kezib chiqsa hamki, o‘ziga munosib yor topa olmabdi. Shu niyatda sarson-sargardon yurgan kezlari yo‘lda bir odam unga hamroh bo‘libdi. Shan undan:

– Siz meni ko‘tarasizmi yo men sizni ko‘tarayinmi? – deb so‘rabdi.

– Betamiz odam ekansiz, – debdi hamrohi achchiqlanib.
 – O‘zim sallamni zo‘rg‘a ko‘tarib yuribmanu sizni qanaqasiga ko‘taray?

Shan indamabdi. Bir oz yo‘l yurganlaridan keyin barq urib yashnab turgan bir bug‘doyzorga yetibdilar. Shan hamrohiga qarab:

– Bu bug‘doyzorning donini yeb bo‘lishdimikan? – debdi.

Bu savoldan hamrohining yana jahli chiqibdi:

– Ko‘rmayapsizmi, hali bug‘doyi pishmagan bo‘lsa, o‘rib olinmay turib qanaqasiga yeb bo‘ladi!

Shan yana indamabdi. Bir oz yurishgandan so‘ng tobut ko‘tarib ketayotganlarga yo‘liqishibdi.

– Tobutdagi murda o‘lganmi yo hali ham tirikmikan? – so‘rabdi Shan hamrohidan.

Hamrohi battar jahllanib:

– Umrim bino bo‘lib sizga o‘xshagan ahmoqni endi ko‘rishim. Hech zamonda qabristonga ko‘tarib olib ketilayotgan murdani o‘lganmi yo tirikmi, deb ham so‘raladimi? Iltimos, endi jim keting. Bema’ni gaplaringizdan ko‘nglim ozib ketyapti.

Shunday qilib indamay ketaverishibdi. Manzilga yetishgach, haligi odam: “Musofirni mehmon qilib ham savob olay, ham boyagi qo‘polligimni ko‘nglidan chiqaray”, deb uyiga taklif qilibdi. Uning husnu malohatda, aqlu farosatda tengsiz qizi bor ekan. U otasidan: “Hamrohingiz kim ekan, yo‘lda nimalarni gaplashib keldingiz?” – deb so‘rabdi.

– Ey qizim, bu safar qip-qizil ahmoqqa ro‘para kelib qoldim, – deb bo‘lib o‘tgan gaplarni aytib beribdi.

– Uning ko‘nglini og‘ritib chakki qilibsiz, – debdi qiz.
 – Aytgan so‘zlari uning juda katta hakim va zo‘r bilimdon ekanidan dalolat beryapti. Birinchi savolining ma’nosi shu: “Yo‘lning zahmatini kamaytirish uchun siz biron narsa so‘zlab berasizmi yo men aytib beraymi?” “Bu yerning g‘allasini yeb bo‘lishdimikin?” deganda “G‘allani ekkan odam biror sudxo‘rdan qarzdor bo‘lishi, uning qistovidan tezroq qutilish maqsadida, bug‘doyni o‘rishi bilanoq to‘g‘ri bozorga borib sotishi mumkin”, degan ma’noni nazarda tutgan. Bu hol ekin pishishidan oldinroq yeb ketilganiga o‘xshaydi. Tobutdagi murdani o‘likmi yo tirikmi, deb so‘raganining ma’nosi esa bunday: “Bu odam o‘lganidan keyin yodgorlik sifatida biror farzand yoki shogird qoldirdimikan, eslashga arzigulik biror xayrli ish qildimikin yoxud johil va fosiqligi tufayli o‘lishi bilanoq hammaning esidan chiqib ketdimikin?” Siz darhol uning huzuriga chiqib, uzr so‘rang, aytgan so‘zlarini sharhlab bering. Aks holda, u sizni ahmoq va johil degan qarorga kelishi mumkin.

Ota chiqib qizining aytganlarini yetkazibdi. Shan uning sharhini tinglab bo‘lgach, so‘rabdi:

– Bu sharhlar sizning tabiatingizga mutlaqo xilof. Ularni sizga kim o‘rgatdi?

Qizning otasidan haqiqatni eshitgan hakim shuncha yillardan beri qidirgan insonini topganini tushunibdi. Otasining roziligi bilan qizni nikohiga olib, murodiga yetibdi.

“Irfon” taqvimining 2009 yil, 1-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.