background
logotype
image1 image2 image3

Buyuk sabr va rizo

Ibn Hallikon «Vafayotul-a’yon» nomli asarida bunday yozadi: «Urva ibn Zubayr o‘g‘li Muhammad bilan hukmdor Valid ibn Abdulmalikni ziyorat qilish maqsadida Madinadan Shomga yo‘l oldi. Yetib borishganida sevikli o‘g‘li sarkash hayvonning tepkisi zarbi bilan vafot etdi. Bu fojiadan hech qancha vaqt o‘tmay Urva (r.a.)ning oyog‘ida qorason boshlandi. Xabarni eshitgan xalifa keldi va oyoqni kesish kerakligini, aks holda, xastalik butun vujudga tarqashi mumkinligini aytdi. Bemor ham ilohiy taqdirga rozilik bilan bu so‘zlarni qabul qildi. Jarroh amaliyot qattiq og‘riq berishini ta’kidladi va xastaga:

– Rozi bo‘lsangiz, og‘riqni his etmasligingiz uchun sharob ichirsak... – dedi. Bu gapni eshitib hazrat Urva jarrohning yuziga hayrat bilan qaradi, taqvo ila yo‘g‘rilgan ko‘nglidan tiliga chaqmoq tezligida shu so‘zlar chiqdi:

– Agar xastalikdan qutqaradigan bo‘lsa ham, Alloh harom qilgan narsadan aslo foydalanmayman!

Jarrohning uxlatib qo‘yadigan biror dori berish taklifini: «Ham bir a’zoyim kesilarkan og‘riqni his etmayin, ham Alloh taolodan bunga ajr kutay, shundaymi?» deya rad etdi.

Xonaga bir necha kishi kirdi. «Amaliyot paytida og‘riq chiday olmaydigan darajaga yetishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, bu odamlar sizni ushlab turishadi», deb izoh berdi jarroh. Bemor: «Inshaalloh, sabr qilaman, sizlarga qiyinchilik tug‘dirmayman», deya kelganlarga rahmat aytib, ortlariga qaytardi. Amaliyot boshlandi. Jarroh oyoqlarini kesarkan ulug‘ sahobiy tavakkul va rozilik holida tahlil, takbir keltirardi: «La ilaha illallohu vallohu akbar».

Kesilgan joyga qizdirilgan zaytun yog‘i bosilayotganda og‘riqlar natijasida bemor hushidan ketgandi. O‘ziga kelgach, yuzidagi terlarni artib: «...haqiqatan, bu safarimizdan juda charchadik...» oyatini o‘qidi (Kahf, 62). Ke­yin kesilgan oyog‘ini qo‘liga oldi va dedi: «Meni usting­ga yuklagan Zotga qasamki, sen bilan hech qachon haromga yurmadim, behisob shukr».

Bu yil Shomga Avs qabilasidan ba’zi kishilar keldi. Oralarida ko‘zi ojiz odam ham bor edi. Valid ibn Abdulmalik undan qanday ko‘r bo‘lib qolganini so‘radi. U kishi javob berdi: «Ey mo‘minlar amiri! Qabilamizda menchalik moli ko‘p kishi yo‘q edi. Bir vodiyda tunashga to‘g‘ri keldi. O‘sha kecha kelgan sel bitta tuya va yangi tug‘ilgan chaqaloqdan boshqa barcha oila a’zolarim, molu mulkimni oqizib ketdi. Bu asnoda tuya ham qochib borayotganini ko‘rib, ortidan yugurdim. Shu payt go‘dak chinqirdi. Ortga qaytdim, ammo bo‘ri hujumiga uchragan bolamni qutqarolmadim. Keyin yana tuyaning ortidan bordim, endi yetdim deganimda, yuzimga shunday zarb bilan tepdiki, ikki ko‘zim ham ko‘r bo‘ldi. Bir kechada ham oilam, ham mulkim, ham ko‘zlarimdan ayrildim...»

– Bu kishini Urva ibn Zubayrning oldilariga olib boring, – dedi xalifa. – Insonlar orasida undan ham kattaroq baloga duchor bo‘lganlar borligini ko‘rsin.

Urva ibn Zubayr Madinaga qaytgach, Allohga hamd keltirdi: «Rabbim! Mening ikki qo‘lim va ikki oyog‘im bor edi. Oyoqlarimdan birini olding, birini menga qoldirding. Senga hisobsiz hamdu sanolar bo‘lsin. Vallohi, Sen bir narsani olasan, yana ziyoda ne’matlar ato qilasan; Bir bora musibatga duchor qilsang, ming bora ofiyat berasan».

“Irfon” taqvimining 2012 yil 3-sonidan olindi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.