background
logotype
image1 image2 image3

Yosin – mening hujjatim

(sement sotuvchi yigitning aytganlari)

“…to’g’risini aytsam, men ilgari o’g’ri bir bola edim. O’rganib qolgan ekanman, ov ilinjida bosh tiqmagan teshigim qolmagan. Birovning hamyonini kovlash, do’kondan nimanidur so’ramasdan olish, qo’shning moliga ko’z olaytirish – bular men uchun mayda chuyda ishlar edi. Bu jahiliyat zamonlarimni hech eslagim kelmaydi. Ammo o’n yillar muqaddam najib bir ibrat sodir bo’ldikim, o’g’rilikni tashlattirib qalbimga imon cho’g’ini solgan u voqeani har doim eslab turaman.
Mirshab (milisa) xalqi o’g’rilarni yahshi taniydi. Ularda qandaydir ichki sezgi, ichki tuyg’u bo’ladi, shekilli. Tajribali mirshablar yurish-turishidan qo’l va ko’z harakatlaridan bolaning kimligini farqlab oladi.
Bir kuni mening yo’limni to’sgan mirshablar ham tajribalilardan edi.
-O'g'riga o'xshaydi, - dedi biri ikkinchisiga.
Ko'p to'qnash kelgan emasmanmi, o'zimni erkin, beparvo tutaman. Biron narsani isbotlashga urinish befoyda baribir.
-    Bo’limga olib borib, yaxshilab tekshirish kerak, - dedi ikkinchisi.
Xudo ko’rsatmasin.
-    Oka ?! – deya bir og’iz so’z bilan e’tiroz va hayrat bildiraman.
Meni boshdan-oyoq ko’zdan kechirar ekanlar:
-    Hov anavi cho’ntagingdagi nima? – deydi.
-    Hujjatim! – deyman va beixtiyor ko’ylak cho’ntagimdan “hujjatimni” chiqarib beraman. Bu “hujjat”ni cho’ntagimga qachon, qaerda va nima uchun solib qo’yganimni o’ylab, hali bugungacha o’yimning oxiriga yeta olmayman.
-    Iye, bu Yosin surasi-ku?! – deya ulardan biri yo’l bo’yida tik turganicha, bismilloh deb o’qiy boshladi: - Yosin. Val Qur’anil hakimi innaka laminal mursalina ‘ala sirotim-mustaqim. Tanzilal-‘azizir-rohim…
Men dovdiradim, dong qottim. Chunki, avvalo yonimda hujjatim yoq, ikkinchidan, yolg’onchi bo’ldim…Xudo haqqi, Alloh ularga insof berdi. Qo’limga Yosinni – Allohning kalomi bitilgan mo’jaz kitobchani tutqazarkan, biri ikkinchisiga:
-    Yur, kettik, bu bola o’g’ri emas, - dedi.
Ular o’z yo’liga, men uyga qaytdim.
Shu-shu o’g’rilikni tashlaganman. Qalbimda Allohning kalomiga ixlosu muhabbat ham o’sha voqeadan keyin paydo bo’ldi…
To’g’ri gap, kitobni harflab qiynalib o’qirdim. Allohga oson ekan: uyda yotib olib, juda ko’p kitob o’qib tashladim arabiy imloni tuzuk-quruq bilmayman-u, ammo namozni kanda qilmayman.
Mana, ko’rib turganingizdek tinchlik uchun shu bozozrga chiqib sement sotaman. Bir kun unday, bir kun munday. Alloh bergan halol rizqni olib borib bola-chaqaga yediraman, ota onamning duosini olaman”.
Qalbida ichki bir hayajon gupurib turgan bu yigitning aytadigan gapi ko’p edi. Holbuki, vaqtim ziq. Gap-gapga ulanib boshlanib ketgan suhbatni to’xtatish niyatida sementning narxini yana bir bor so’rab, nari ketdim.

“Musulmonlar taqvim kitobi”
2000 yil II chorak Kitobidan

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.