background
logotype
image1 image2 image3

Qo‘zichoqning holi...

U o‘n yildan beri qassoblik qilar, o‘z ishining ustasi edi. Hayvonlarni sinchilik bilan tanlar va doimo o‘zi so‘yardi. Sara go‘sht qidirgan kishi izlaganini uning do‘konidan topgani uchun ham, xaridorlari bisyor edi. Shu paytgacha minglarcha jonivorni so‘ygan qassob suhbatlarda shunday derdi: “Men uchun hayvon so‘yish tarvuz so‘yishdan ko‘ra qulayroq”.

Yillar davomida orttirgan tajriba yordamida hali so‘yilmagan jonivorning qancha go‘sht berishini aniq aytar, qo‘ylarni besh, ho‘kiz, sigirlarni esa yigirma daqiqada so‘yib, bo‘laklashga ulgurardi. Faqat... keyingi paytda qo‘zichoqlarni so‘yishga qo‘li bormay qoldi. Qo‘zi go‘shti so‘rab kelgan mijozlariga: “Ularni katta bo‘lishga qo‘yinglar. Mana, boshqa go‘shtlar yetarli-ku!” – derdi. Mijozlar esa qassobning bu so‘zlariga qanday ma’no berishga hayron, chunki hozirgacha bu do‘kondan qo‘zichoq go‘shti uzilmagan edi. Holbuki, qassobning bu holati besabab emas. Qo‘zichoq deyilishi bilan, ko‘z oldiga bir necha oy oldin tug‘ilgan go‘dagi kelardi. Zotan, uning o‘zi ham qora ko‘zli, qo‘ng‘iroq sochli qizchasini “qo‘zichog‘im” deya erkalatishga odatlangandi.

Shu tarzda oradan o‘tgan bir necha oy ichida qassobning mijozlari sezilarli kamaydi. Buni qo‘zichoq go‘shti sotmay qo‘yganiga yo‘yarkan, bir qarorga keldi: “Bo‘ldi, bu holga barham berish kerak! Shu darajada ham yuraksiz bo‘ladimi odam?!”

Ertasiga boshqa hayvonlar bilan birga bitta qo‘zichoq ham oldi. Oldin mollarni, keyin qo‘ylarni so‘ydi. Odatdan tashqari, bu galgi ishlarini juda sekin bajarar, o‘zicha bir necha daqiqa bo‘lsa ham qo‘zichoqning o‘limini kechiktirardi.

Navbat qo‘zichoqqa kelganda xuddi ahamiyatsiz ish qilayotgandek og‘ziga kelgan ashulani xirgoyi qila boshladi. Aslida yaxshi bilardiki, bu o‘ziga tasalli berishga urinishdan boshqa narsa emas. Qo‘zichoqni ushlab, bir qo‘li bilan yerga yotqizdi, zaif vujud unga qarshilik qilmadi. Qassob pichoqqa qo‘l cho‘zarkan: “Nima ham qilardik, bu sizlarning taqdiringiz”, deb qo‘ydi. Daf’atan qo‘zichoqni yerga bosib turgan qo‘lida iliqlik sezdi. E’tibor bermaslikka urindi, chunki yana birpas tursa bor jur’ati ham yo‘qolishini bilardi. “E, nima bo‘lsa, bo‘lar”, deya pichoq tortish uchun engasharkan, qo‘zichoqni tutib turgan qo‘llariga boqib qotib qoldi. Qo‘zichoq o‘zini so‘yish uchun tutgan qo‘lning kichik barmog‘ini onasining yelini xayol qilib emardi...

“Irfon” taqvimining 2009 yil, 3-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.