background
logotype
image1 image2 image3

O’n yetti dona g’isht (bo’lgan voqea)

Masjid qutilayotgan edi, katta qurilish…
Imom mav’izadan so’ng e’lon qildi:
- Birodarlar, kim qancha qurbi yetsa…
Bir hafta o’tdi: jimlik. Nahot yurtdan himmat ko’tarilgan bo’lsa?!
Imom keyingi juma mav’izadan so’ng yana hayru sahovatdan gapirdi. 
-    Birodarlar kim nima topsa…
Yana jimlik. Qurilish orqaga qarab boraverdi. Imom duo qildi: “Yo, Rabbiy, gunohlarimizni afu et!..”
Mahallada Mirzaahmad ismli bir devona yashardi. Kimdandir eshitib qoldi: ka-at-ta masjid qurilarmish. Ombordan zambilgaltagini olib chiqdi-da, uyida bor g’ishtlarni yukladi: o’n yettita chiqdi. Masjidga surgaladi.
Imom boshi qotib o’tirgan edi.
-    Ma, machitingni qurib ol,- dedi Mirzaahmad devona.
Imomning ko’zi mayuslandi.
-    Shugina g’isht bilan machit qurib bo’ladimi?
Mirzaahmad:
-    Man qattan bilay,- dedi-da, g’ishtlarni bir chekkaga ag’darib, zambilg’altagini g’ildiratib, hovlidan chiqdi-ketdi.
Keyingi jumada imom duo qildi:
-    Birodrlar, Mirzaahmad aka masjidimiz qurilishiga on yeti dona g’isht ehson qildilar, Alloh dargohida qabul etsin…
Izdihom bir qalqiganday bo’ldi: “Omiy-yn…”
Ertasi kimdur masjid eshigiga o’n yeti ming dona g’isht to’ktirib ketibdi. Keyin kimdur yana o’n ming… yana… kimdir yog’och, qum deganday…
Shunday qilib, bor-yo’g’i o’n yeti donagina g’isht va yana ozgina himmat ila mahallada tez orada ulkan va ko’rkam masjid qad rostladi.

Guvoh: Erkin Malik
Kotib: Nurulloh Muhammad Raufxon

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.