background
logotype
image1 image2 image3

Men uni yaxshi ko’rardim...

Bu hikoyat Turkiyalik bir yigit tomonidan aytib berilgan. 
    “Men uni yaxshi ko’rardim. Iste’dodli, o’z ishiga puxta yigit edi. Kam gapirardiyu, lekin chertib – chertib gapirardi. Kelishgan edi, churoyli kiyinardi. Birgina kamchiligi namoz o’qimasdi. Men dinga bo’lgan layoqatini uyg’otish niyatida namoz haqida ko’p gapirardim unga. Biroq bir xil sababni ro’kach qilardi menga u: “To’g’ri tushun, men chiroyli kiyinishni yaxshi ko’raman. Buning ustiga, e’tibor bergan bo’lsang yashil rangga mehrim bo’lakcha. Yashil shimim bor, uni shu qadar yaxshi ko’ramanki, xotinimga har kuni dazmollatib ko’chaga chiqaman. Namoz o’qisam, shimimning dazmoli ketib qolishi mumkin”.
    Qiziq bahonaku, lekin men uning shu bahonasini sabab o’rnida ko’rganman. Chunki har kuni uchratsam, yashil shim va qizil ko’ylagi unga ancha yarashganini his qilardim.
    Bir kuni yo’lim tushib Istambulning katta masjidlaridan biriga kirdim. Ne ajabki mening tanishim jamoatning oldi qatorida edi. Bir umr shimining dazmoli buzilishidan cho’chib masjid hatlamagan tanishimni birinchi safda ko’rib boshida ajablandim, ammo keyin o’zimni bosib uning oldiga bordim. “Xa! Baribir kelar ekansanku! O’zincha yashil shimingni ro’kach qilib, meni holu jonimga qo’ymasding. Men seni juda sa’viyali deb bilsamda, aynan shu bahonangga hayratlanardim. “Qiziq! Sa’viyali bo’la turib ham odam shunchalik sa’viyasiz bahona topishi mumkinmi? ” degan savol ich – ichimni tirnardi. Yashil shiming deb bir umr masjidga kirmay o’tding – a? Lekin men seni bugun shu erda ko’rib turibman. Baribir kelibsan – a?”
    U indamasdi. Chunki tanishim yashil matoga o’ralgan tobut ichida indamay yotardi.”

    Ha, ushbu hikoyatning zamirida katta hikmat yotadi. O’zini “mo’minman” deb hisoblagan odam baribir masjidga keladi. Bugun shimlarini dazmoli emas, balki yuqorida hikoya qilingan yigitning javobidan ham sa’viyali, ba’zilarning nazdida sabab o’rnida o’tadigan bahonalarni keltirib masjid hatlamayotgan oyoqlarni bir kunmas bir kun baribir Allohning uyiga olib kelishadi. Baribir birinchi safda turish bor. Lekin Allohning nazdida inson insonlar tomonidan emas, balki o’zi ixtiyoriy ravishda o’z oyog’i bilan masjidga kelsa qadrlidir. Sevgan rangdagi tobutda yotgunga qadar, Allohning sevgan insonlari to’planadigan masjidlarga kelib turinglar aziz yurtdoshlar!

Hayrullo Hamidovning 
“Xolislik sari” dasturidan olindi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.