background
logotype
image1 image2 image3

Hech qachon berkilmaydigan eshik

Sizlarga amerikalik bir oilaning boshidan o‘tgan qissani aytib beraman. O‘sha oilada olti nafar farzand bor edi. Otalari baland bo‘yli, kelbatli, baquvvat, azmi qat’iy dehqon edi. Onalari oqila, tadbirkor, xushchaqchaq ayol edi. U farzandlarini sabr-matonat bilan tarbiya qildi. Bolalar ham baquvvat, yetuk, alpqomat bo‘lib yetishdilar.

Bir kuni kichik farzandlari ko‘chaga o‘ynash uchun chiqdi. O‘shanda uning yoshi o‘n uchda edi. Baland xarsangtosh ustidan sakrab, tizzasi bilan yerga yiqildi. Tizzasida juda qattiq og‘riq sezdi. Uning yoshidagi boshqa bola bo‘lganda bu og‘riqqa chidolmasdi. Lekin u chidadi, sabr qildi. Yiqilganini hech kimga aytmadi. Ertasi kuni maktabga o‘z oyoqlarida yurib bordi. Og‘riq esa kuchaygandan kuchaydi. Og‘riq kuchaygani sari uning sabri ham ziyodalashib borardi.

Shu alfozda oradan ikki kun o‘tdi. Oyog‘ida shish va ko‘karish paydo bo‘ldi. Hatto bir qadam ham bosolmay qoldi. Buni ko‘rgan sho‘rlik ona iztirobga tushdi. Ota ham toqatsizlana boshladi. Ota-ona o‘g‘lidan nima bo‘lganini so‘rashdi. Bolakay ularga bo‘lgan voqeani aytib berdi. Uni darhol yotqizib, tabibni olib kelishdi. Tabib bolani obdon ko‘zdan kechirib, muolaja qilishga vaqt qolmaganini, biroz kech bo‘lganini, agar oyoq zudlik bilan kesilmasa, bola bechora qoni zaharlanishidan vafot etishini angladi.

Bolaning otasini bir chetga tortib, unga sekingina holatni tushuntirdi. Bolaning o‘zi buni bilmasligi kerakligidan ogohlantirdi. Lekin bola buni eshitib bo‘lgan edi. Oyog‘i kesilishini bilgan bolakay: “Yo‘q, yo‘q! Oyog‘imni kesmanglar, oyog‘imni kesmanglar! Otajon, meni qutqaring!” deb bor ovozi bilan qichqirdi. O‘rnidan turib, bir oyog‘i bilan sakrab-sakrab qochmoqchi bo‘ldi. Otasi darhol ushlab olib, yana to‘shakka yotqizdi. Keyin onasiga qarab, qalblarni parchalaydigan ovoz bilan: “Onajon! Onajonim! Meni qutqaring! Onajonim! Menga yordam bering! Oyog‘imni kesmasinlar!” deb yolvordi. Bechora onaizor bolasining bu so‘zlarini eshitib, nima qilishini bilolmay dong qotib turaverdi. Go‘yoki jigarining parchalanayotganini his qildi. Qalbi esa uni o‘g‘liga yordam berishga undardi. Bolasiga bo‘lgan mehri, shafqati ichini to‘ldirib yubordi. Aqli esa uni bu hislardan man etib, bolasining hayotini oyog‘i evaziga bo‘lsa ham saqlab qolishga undardi. Nima qilishga hayron edi. Qalbining chorloviga “Labbay” desinmi yoki aqlining nasihatigami?  Qalbi iztirobdan ezilgan, ko‘zi alamdan yoshlangancha bolasiga termulib turardi. Bola esa onasiga, xuddi suvga cho‘kayotgan kimsa sohilda turgan kimsaga qaragandek, hozir shu meni qutqaradi degandek, qarab turardi.

Onasining qutqarishga harakat qilmay, jim turganini ko‘rgan bolaning undan ham umidi uzildi. Biroz avvalroq otasidan ham umidi uzilgan edi. Bola yig‘i aralash, bor ovozi bilan akasi Edgarni chaqira boshladi. “Edgar! Edgar! Qaerdasan? Tezroq kel! Meni qutqar! Ular mening oyog‘imni kesishmoqchi. Edgar! Edgar!”  Edgar ukasining baqirayotganini eshitib, shoshib yetib keldi. Uyga kirib, qomatini rostladi, ko‘ksini kerdi, ukasining ro‘parasiga to‘siq bo‘lib turib oldi. Ko‘zida esa yengilmas azmu shijoatning uchqunlari chaqnar edi. Hech kimni ukasining yoniga yaqinlashtirmasligini e’lon qildi. Unga otasi gapirib ko‘rdi, onasi nasihat qilib ko‘rdi, foydasi bo‘lmadi. U esa borgan sari vajohatga to‘lar, ukasini qo‘riqlashga yanada jiddiyroq urinardi. Uka bechora bo‘lsa, pahlavon akaning ortiga berkinar, uni mahkam ushlab olgandi. Ukasining bunday qilgani akaning shijoati yanada to‘lib-toshishiga turtki bo‘lardi. Ota o‘g‘lini chetga surishga urinib ko‘rdi. O‘g‘il esa otasiga ham, yordamga kelgan tabibga ham tashlanib, ukasini himoya qildi. Katta o‘g‘lining yo‘lbarsday tashlanib, botirlik ko‘rsatgani uchun ota ham, ona ham, tabib ham umidsizlikka tushishdi.

Inson agar umidsizlikka tushsa, ajoyib ishlarni qiladi.

Tovuqqa nazar solmaysizlarmi? Agar biror kishi jo‘jasiga hujum qilsa, patlarini xo‘rpaytirib, polaponining himoyasi uchun qanday shijoat ko‘rsatishiga ko‘p guvoh bo‘lganmiz.

Mushukka nazar solmaysizlarmi? Agar uni biror joyga qisib, qiynamoqchi bo‘lsangiz, tishlarini g‘ijirlatib, o‘tkir tirnoqlarini, panjalarini ko‘rsatib, o‘zini himoya qiladi.

O‘zini himoya qilish uchun tovuq yirtqich lochinga, mushuk vahshiy bo‘riga aylanadi.

Edgar ham ukasini himoyasida baquvvat insonga, matonatli qo‘riqchiga aylandi. Devor joyidan siljishi mumkin, lekin u turgan joyidan hech qayoqqa siljimadi. Oila a’zolari “Balki, charchab, holdan toyib, ukasining yonidan uzoqlashar” degan umid bilan uni o‘z holiga qo‘yishdi. Lekin u joyidan jilmadi. Ikki kun mobaynida xonaning ostonasida turib, ukasini qo‘riqlab chiqdi. Shu ikki kun davomida ota-onasi olib kelgan bir-ikki luqma taomdan boshqa hech narsa yemadi, bir necha daqiqa uxladi, xolos. Tabib esa, har kuni kelardi, akaning xaliyam eshik oldida turganini ko‘rib, yana ortiga qaytardi. Bola bechoraning oyog‘i esa borgan sari shishib, ko‘karardi. Tabib bu holatni ko‘rgach, qo‘lini siltab, jarrohlik amaliyotidan ham foyda yo‘qligini, bola tez orada vafot etishini aytib, ortiga qaytdi. Ota-ona, aka-ukalar, barchalari yuz berishi muqarrar xatarning oldida hech narsa qilolmay jim turdilar.

Xo‘sh, inson bu kabi xatar vaqtida nima qiladi? Qanday yo‘l tutadi?     

Albatta, har bir inson, u mo‘min bo‘lsin yoki kofir bo‘lsin, xatar vaqtida Allohga qaytadi. Chunki, iymon har bir nafsda o‘rnashgan bo‘ladi, hatto kofirlarda ham. Shuning uchun ham uni “kofir” deyiladi. Kofir so‘zi arablarning lug‘atida “Yashiruvchi, berkituvchi” degan ma’noni bildiradi. Chunki, u iymonini berkitadi, o‘rab, yashiradi. U o‘zicha iymonini nafsidan ketdi deb o‘ylaydi. Agar hayotda qalbini titratib, esini dovdiratib qo‘yadigan biror voqea sodir bo‘lsa, o‘sha parda olinib, iymon zohir bo‘ladi.

  Makkadagi hubal, lot, uzzo kabi butlarga sig‘inadigan Quraysh qabilasi mazkur butlarga faqat tinchlik, omonlik vaqtlaridagina sig‘inishardi. Agar vaziyat jiddiy tus olsa, qurayshliklar kemaga minishganda dengiz mavjlanib, tog‘dek keladigan to‘lqinlar har tomondan o‘rab olib, kemalari mavjlar qo‘ynida, xuddi shamol esganda hilpiragan patdek bo‘lib qolib, xatar yuzaga chiqib, qo‘rquv barchalarini qamrab olgan chog‘da nafsning tublarida yashirinib yotgan iymon ko‘rinar, natijada, lot, uzzo va yana bir qancha masxara qilib sig‘iniladigan yog‘och-toshlarga emas, balki, Yer va osmonlarning Robbi Allohga duo qilishardi.

Kema suv tubiga g‘arq bo‘lib, bitta o‘zing yog‘och eshik ustida, suv bilan osmon o‘rtasida turganingda “Ey Alloh!” deb nido qilishdan boshqa chora topa olmaysan.

Tug‘yonga ketgan, haddidan oshgan, nodonlik, mutakabbirlik, zolimlik qilgan Fir’avnni eslang. Hatto uning mutakabbirligi shu darajaga borib yetdiki, “Men sizlarning oliy Parvardigoringizdirman” (Noziot, 24) dedi. Dengiz tubiga g‘arq bo‘lishi chog‘ida esa “Imon keltirdimki, Isroil avlodi imon keltirgan Zotdan o‘zga iloh yo‘qdir. Men ham musulmonlardanman” (Yunus, 90) dedi.

Sahroda yurganingda, tashnalik ichingni yondirganda, har tomondan o‘lim senga qarab kelayotganini ko‘rganingda, “Ey Alloh!” deb nido qilishdan boshqa chora topolmaysan.

Ketma-ket qurg‘oqchilik yillari bo‘lib, yomg‘ir uzoq muddat yog‘may qolganda, dahshatli urush qizigandan qizib, o‘lim bilan yuzma-yuz kelganda, bemor o‘limga yaqinlashib, shifokorlar davolashdan ojiz qolganda qaytish Alloh sari bo‘ladi. O‘sha o‘rinda mulhid (inkor qiluvchi) o‘zining inkorini, moddaparast o‘zining moddasini, kommunist o‘zining kommunistik g‘oyalarini unutadida, barcha “Ey Alloh!” deb nido qiladi.

Tabib ortiga qaytib, oilada umidsizlik hukmron bo‘lib, noumidlik bechora bolaning, yo‘lbarsdek shijoati jo‘shgan akaning, ota-onaning, barcha oila a’zolarining qalblarini to‘ldirdi. Qo‘llarida hech qanday chora qolmadi. Barchalari muztar holatiga yetishdi. Qo‘llarini Alloh taologa uzatib, Uning O‘zidan shifo tilay boshladilar. Undan shifo tilashdan o‘zga choralari qolmagan edi. Chunki, barcha sabablar ish bermagan edi. Dori va tibbiyotni sabab qilib shifo beradigan Alloh dori va tibbiyotsiz ham shifo berishga qodirdir. Qo‘llarini ko‘tarib: “Ey Alloh!” deya muhtojlarning, chorasi qolmaganlarning duosini qila boshlashdi. Alloh taolo noiloj odam duo qilgan vaqtida duosini ijobat qiladi, garchi o‘sha odam fosiq bo‘lsa ham yoki kofir bo‘lsa ham. Modomiki o‘sha odam Allohning O‘ziga iltijo qilar ekan, Unga suyanar ekan, Uning eshigi oldida to‘xtar ekan, umidlari ro‘yobga chiqishini faqat Undan so‘rar ekan, albatta, U o‘sha bandasining duosini ijobat qiladi. Ammo kofirning oxiratga oid duolarini ijobat qilmaydi. Chunki, u oxiratga iymon keltirmagandir. Faqat bu dunyoga oid duolarini ijobat qiladi.

Quraysh mushriklari yuqoridagi holatga tushib qolganlarida Allohga ixlos bilan duo qilishgan va duolari ijobat bo‘lib, Alloh ularni quruqlikka chiqargan.

Balki, maxluqlarning eng yomoni bo‘lmish Iblis  ham Allohga noiloj kimsaning duosidek duo qilib “Ey, Rabbim! U holda menga (ular) qayta tiriladigan kungacha (qiyomatgacha) muhlat bergin!” deganda, Alloh taolo unga “Bas, sen muhlat berilganlardansan” dedi (Hijr, 36, 37).

Qur’onning uslubiga diqqat bilan nazar solsangiz, Alloh taolo Qur’onda noiloj qolgan odamning duosini ijobat qilishi haqida xabar bergan. Lekin mazkur oyatlarni mushriklarga qarshi hujjat sifatida zikr qilgan. U Zot marhamat qilib shunday deydi:

Yoki noiloj odam duo qilgan vaqtida (duosini) ijobat qiladigan va (undan) yomonlik (musibat)ni yo‘q qiladigan hamdasizlarni Yerning o‘rinbosarlari qiladigan zot (yaxshi)mi?! Alloh bilan birga (yana biror) iloh bormi?! (Nasihatdan) kamdan-kam eslatma olursiz” (Naml, 62).

Ey o‘quvchilar! Ular (yuqoridagi oila) duo qilishganda, bolakayning oyog‘iga nazar solishdi. Qarashsa, oyoqdagi shish kichraya boshladi, ko‘kargani esa ko‘rinmay qoldi. Og‘riq ham pasaydi. So‘ng oradan ikki kun o‘tar-o‘tmas bolakay butunlay sog‘aydi. Tabib kelib, holatni ko‘rib, ko‘zlariga ishonolmasdi.

Ehtimol, sizlar bu qissani xayoliy, o‘zing to‘qib, xayolingga kelganini yozgansan deyayotgandirsizlar? Agar sizlarga o‘sha bolakay kimligini aytsam, unda nima der ekansizlar?

Bu bolakay keyinchalik butun dunyoga mashhur, taniqli shaxsga aylandi. O‘sha bolakay mazkur qissani o‘z tili bilan hikoya qilib bergan Eyzenxauerdir. Ikkinchi Jahon Urushi davrida ittifoqchi qo‘shinlarning bosh qo‘mondoni, undan keyin esa AQSh prezidenti bo‘lgan.

O‘zimda ham bir voqea sodir bo‘lgan. O‘zim ko‘rgan va boshimdan kechirgan voqea. Atrofimdagi ba’zi kishilar ham o‘z boshlaridan shunga o‘xshash voqeani kechirishgan. 1957 yilda yosh, kommunist tabib yigitning xiyonati tufayli og‘ir dardga chalindim. U menga bir bakteriyani yuqtirdi. Uni havorang batsilla (Blue bacilli) deyishadi. Bizning yurtimizda juda kam, noyob hisoblanadi. Meni buyrakdagi toshlardan shikoyatim bor edi. Vaqti-vaqti bilan bo‘ladigan buyrak xurujlaridan paydo bo‘ladigan og‘riqlarga chidardim. U og‘riqning hajmi qanaqa bo‘lishini boshidan o‘tkazgan biladi.  U kasallikning yoniga yana bir boshqa, o‘zim kutmagan kasallik ham qo‘shildi.

O‘sha kunlarni Damashqdagi Markaziy Sihhat bosh shifoxonasida o‘tkazdim. Undan keyin Buyrak tibbiyot birlashmasida yotdim. U yerda bir necha o‘n oylab turdim. Keyin u yerdan ham chiqdim. Keyin yana o‘sha shifoxonaga qaytdim.

Shifoxonada har kuni ikki martadan siydik analiz olishardi. Bavlni yaxshilab tekshirishardi. Ish cho‘zilib, yuragim siqilib, Allohga yuzlandim. U Zotdan ikki rohatdan birini: agar men uchun shifo yaxshi bo‘lsa, shifo berishini, agar men uchun o‘lim yaxshi bo‘lsa, o‘lim berishini so‘rardim. Qolaversa, meni yaxshi ko‘radigan juda ko‘plab qarindoshlar, do‘stlar ham, garchi o‘zim bu muhabbatga loyiq, haqli bo‘lmasamda, men uchun duo qilishardi. O‘sha kuni niyatimni xolis qilib, Uning menga shifo berishga qodirligiga ishonib Allohga yuzlanganimda, og‘riq to‘xtadi. Buyrak xurujlari uzoqlashdi. Bavlni esa har kungidek tekshirdilar. Qarashsa, bavldagi juda ko‘plab zararli moddalar, kasallik belgilari kamayibdi. Shifokorlar hayratdan dahshatga tushishdi. Barchalari to‘planib, bahs qila boshladilar. Men ularga: “Bu shifo tibbiyotingiz ortidan keldi deb o‘ylab o‘zlaringizni qiynamanglar. Bizlarga shifo berishda tibbiyotni, dorini sabab qilgan Alloh tibbiyot va dorisiz shifo berishga ham qodirdir” dedim.

Hijriy 1382 yil (melodiy 1961 yil)da Saudiya Arabistoniga keldim va bir yil Riyozda turdim. Keyin Makkaga keldim va u yerda hozirgacha (ya’ni shu maqolani yozgan paytlarini nazarda tutyaptilar – tarjimon) turdim. Biz bilan birga Shomdan bir kishi ham bor edi. Ismini aytmayman. U onasi bilan Riyozda yashardi. Bir ish yuzasidan Livanga safar qilishiga to‘g‘ri kelib qoldi. Onasi esa, o‘zi qolgisi kelmay, o‘g‘lining safarga chiqishini yoqtirmadi. Safarga chiqadigan kun kelganda, yuklarini (ya’ni chemodan va narsalarini) olib, aeroportga bordi. Yuklarini shirkatga topshirdi. O‘zi esa tong vaqtigacha uyiga qaytdi. Onasidan bomdoddan oldin uyg‘otib qo‘yishini iltimos qildi. Onasi esa uni uyg‘otib qo‘ymadi.

Bir payt o‘zi uyg‘onib qarasa, samolyot havoga ko‘tarilishiga 45 daqiqa qolibdi. Shoshilib o‘rnidan turdi-da, taksiga o‘tirdi. Haydovchiga “Meni zudlik bilan aeroportga eltib qo‘ying. Yo‘l haqini ko‘paytirib beraman” dedi. Allohdan o‘zini samolyot havoga ko‘tarilmasidan oldin unga yetkazishini so‘radi. Aeroportga yetib borgach, qarasa, samolyot ko‘tarilishiga xali yana 15 daqiqa vaqt bor ekan. Bufetga kirib, bir stulga o‘tirdi va uxlab qoldi. Birozdan so‘ng samolyotga yo‘lovchilar chiqarilayotgani haqida mikrofonda e’lon qilindi. U odam esa, uxlab qolgani uchun ko‘zini ochmadi, bu e’lonni eshitmadi.

Samolyot havoga ko‘tarildi. Men u bilan birga edim. U juda hayron edi. Allohga ixlos bilan duo qildi, noiloj (muztar) odamning duosidek duo qildi. Ammo duosi ijobat bo‘ldimi yoki bo‘lmadimi?

Men ishni unga yengillatishga urinib: “Albatta, Alloh ixlos bilan chin qalbdan duo qiluvchining duosini hech qachon rad etmaydi. Lekin inson gohida yaxshilik so‘rab duo qilgani kabi (goho siqilgan paytlarida) yomonlik so‘rab ham duo qiladi. Alloh taoloning O‘zi o‘sha bandasiga nima foydali ekanini uning o‘zidan ham yaxshiroq biladi” dedim.

Ushbu qissaning oxiri qanday yakun topganini bilasizlarmi? Ehtimol, orangizda “O‘rta Sharq” shirkatiga qarashli samolyotning qulab tushgani, undagi barcha yo‘lovchilarning halok bo‘lganini eslaydiganlar bordir.

Boyagi tanishim chiqolmaganiga afsus qilgan samolyot aynan o‘sha – qulagan samolyotdir!

Albatta, inson gohida Allohdan o‘ziga zararli narsani so‘raydi. Lekin Alloh taolo o‘sha bandasiga uning o‘zidan ham mehribonroqdir. Agar ota kichkina bolasini bozorga olib borganda, bolasi o‘yinchoqni ko‘rib: “Shuni xohlayman” desa, ota o‘sha o‘yinchoqni sotib oladi. Bola chiroyli mevani ko‘rib, yegisi kelsa, ota o‘sha mevani sotib oladi. Shokolad so‘rasa, shokolad olib beradi. Agar bola aptekaning yonidan o‘tayotganda, qizil qog‘ozga o‘rab qo‘yilgan dorini ko‘rib, rangiga qiziqib, o‘shani talab qilsa, ota o‘sha dorining zararli ekanini bila turib, bolasiga olib beradimi? Demak, ota bolasiga nima foydali ekanini bolasidan ham ko‘proq bilgani uchun unga hamma so‘ragan narsalarini olib beravermaydi. Chunki, bola gohida o‘ziga foydasi yo‘q narsani ham talab qilishi mumkin. Alloh taolo esa, ularning otalaridan, onalaridan va ularga o‘xshaganlardan ko‘ra bandalariga Mehribonroqdir!     

Muallif: Ali Tantoviy rahimahulloh

Arabchadan Nozimjon Hoshimjon tarjimasi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.