background
logotype
image1 image2 image3

Dard

Oshxonaning quvuri yorilib, chilangar chaqirdim. Yoshi bir joyga borib qolgan, ko’proq o’rischa gapiradi, tatar bo’lsa kerak, deb o’yladim. Ish tugagach, choyga taklif etdim, bajonudil qabul qildi. Taom tayyor bo’lguncha ancha tanishib oldik. Toshhovuzning o’zbeklaridan ekan. Nega o’zbekchani yaxshi bilmaysiz, desam, e-e, biz o’rislar ichida ishlayverib, tilimizni ham unutib yuborganmiz, o’rislashib ketganmiz, keyin avvallari o’zbekchaga yo’l yo’q edi, uka, uning ustiga xotinim ham o’ris, deb javob berdi, so’ng gap orasida yarimta olib kel, deganday ishora qildi. Nechaga kirganini so’radim.
- Oltmish uch yoshdaman,- dedi.
Oltmish uch… Payg’ambarimiz alayhissalomning yoshlari. Bu tabarruk yoshga yetgan bobo-momolarimiz shukronasini qilib yurishadi. Ammo bu kishining tashvishi hamon ichish.
- Biz aroq ichmaymiz, aka, siz ham tashlasangiz bo’lar edi, Payg’ambar yoshiga yetibsiz.
- Qo’ymasang, qo’yma, lekin bunday gapni gapirma, uka, bizning ishda ichmaslikning vobshe iloji yo’q, - dedi u ranjigansimon ohangda.
Ertami-indin ichishni tashlayman, deb xijolat bo’lgan ham yaxshi ekan. Bu odamda esa, umuman g’ururi qolmagan ko’rinadi, hatto Payg’ambar yoshlariga yetganini aytsangiz ham, bir tuki qilt etmaydi. 
Tanovvuldan so’ng indamay turib ketayotgan edi:
- Bir duo qiling, -deb to’xtadim.
- E-e, aytdim-ku biz o’rislashib ketganmiz, deb, o’zing duo qil, - dedi. Men duoga qo’l ochdim, u ham iymanibgina qo’l ko’tardi.
- Xizmatlaringiz uchun katta rahmat, jumraklarimiz endi buzilmasin, qo’lingiz dard ko’rmasin, siz ham ichishni tashlab, bizdek bo’lib yuring…
Gapim og’zimda qoldi. U birdan qo’lini tushirib:
- Nega bunday deysan?! Yaxshi narsani tashlab bo’ladimi, axir, - deb qo’llarini hali orqasiga, hali xontaxtaning tagiga yashirar edi. Duoning ijobat bo’lishidan qo’rqib ketdibechora. Xullas, duoni yolg’iz o’zim qildim, u qo’shilmadi.
Shayton, hayvoni nafs insonni ne kuylarga solmaydi – ya?! Bu kishi hozir naqadar kulgili va ayanchli ahvolda ekanini zarracha his qilayotgani yo’q. Ammo bir kun insofga kelsa, oq-qorani tanib, ichishni tashlasa, qilgan ishlariga ham kulib, ham yig’lab yursa kerak. Ilohim shunday bo’lsin.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.