background
logotype
image1 image2 image3

Boshingga ne balo kelsa...

Hazrati Umar (r.a.) xalifaliklari davrida bir shaharda yong‘in chiqdi. U shu qadar shiddatli ediki, hatto toshlar ham quruq o‘tindek alanga olardi. Borgan sari kuchayib borayotgan yong‘in uylar, bino-yu imoratlar, hatto qushlarning qanotlarini ham kuydirmoqqa boshladi. Olov qisqa muddatda shaharning yarmini qurshab oldi. Odamlarning yong‘inni o‘chirish uchun sepayotgan suvlari ortiq kor qilmas, qilinayotgan hamma harakatlar befoyda edi. Noiloj qolgan shahar ahli hazrati Umar (r.a.)ga murojaat qildilar.

– Ey amiral mo‘minin, bizga yordam bering, – deya yolvordilar.

Ishning mohiyati va siridan xabardor bo‘lgan hazrati Umar (r.a.):

– Bu yong‘inda Alloh taolodan ishorat bor. Shiddatli olov qalblaringizdagi xasislik otashining alangasidir. Bu yong‘indan avval ichingizdagi otashni o‘chiring. Yo‘qsillarga, faqirlarga yordam qo‘lini cho‘zing, ularning holidan xabardor bo‘lib turing, – dedilar.

Shahar ahli xalifaning so‘zlariga biri olib, biri qo‘yib e’tiroz bildira ketishdi:

– Biz saxiy insonlarmiz, faqirlarni to‘ydiramiz, beva-bechoralarga, kambag‘allarga yordam berishdan hech qachon qochmaganmiz.

Ularga hazrati Umar (r.a.) shunday javob qaytardilar:

– Bu ishlarni Allohning rizoligini ko‘zlab emas, odat tusiga kirgani uchungina qilasiz. Faqirlarga xo‘jako‘rsinga yordam berasiz, saxovatdan murodingiz esa maqtanish, saxiy ekanligingizni ko‘rsatish, xolos. Bu yomon odatingizni tark eting va Allohning rahmat-mag‘firatidan umid qiling.

Zumrad Foziljon qizi tayyorladi

“Irfon” taqvimining 2009 yil, 1-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.