background
logotype
image1 image2 image3

Ansorga tekkan "ulush"

Hunayn va Avtos jangida musulmonlarning qo‘llari baland kelib, ko‘plab o‘ljaga ega bo‘lgan edilar. Ularni taqsim etishda Rasuli akram avvalo «muallafatul qulub»­ga, ya’ni, ko‘nglini mol-dunyo orqali islomga moyil qilinadiganlarga e’tibor qaratdilar, ularga o‘ljadan ko‘p-ko‘p hissa berdilar. Maqsadlari esa oydin – arzimas ­
dunyo­­­ning matohi orqali zalolat zulumotidagi qalblarni hidoyat mayog‘i bilan yoritish edi.

Biroq buyuk Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning eng yuksak tushuncha va niyatlarini anglay olmagan ba’zi madinalik yoshlarga bu hol uncha xush yoqmadi. Ular hatto o‘zaro:

– Alloh Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni kechirsin! Qurayshga mol ulashyaptilar, bizni esa chekkaga surib qo‘ydilar. Holbuki ular kechagina boshimizga ne kunlarni solishmagan edi! – kabi gaplarni gapira boshlashdi.

Rasuli Akram (s.a.v.) bu visir-visir gaplarni ansor Uboda o‘g‘li Sa’ddan eshitdilar. Qattiq xafa bo‘ldilar. Sa’dga darhol ansorni to‘plashni buyurdilar. Bir chodirda to‘plangan ansor bilan Hazrati Payg‘ambar (s.a.v.) juda samimiy hasbi holda bo‘ldilar. Allohga hamd va sanodan so‘ngra:

– Ey ansor! Sizlar yo‘lidan adashgan mushriklardan edingizlar! Alloh mening vositam ila sizlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatmadimi?! Sizlar faqir edingizlar! Oralaringizga mening kirishim bilan Alloh sizlarni farog‘atga qovushtirmadimi?! – degan savollar bilan murojaat qildilar.

Shunda ansor:

– Barcha minnat Alloh va Rasuli uchun! – deya javob berdilar.

Rasuli Akram (s.a.v.) so‘zlarida davom etdilar:

– Ey ansor! Agar sizlar xohlaganingizda, mening so‘roqlarimga mana bunday javob berishingiz ham mumkin edi: «Seni qavming yolg‘onchiga chiqardi. Bizga hijrat qilding. Seni biz tasdiq etdik. Seni qavming tark etdi, senga biz yordam berdik. Seni qavming quvdi, biz seni ko‘ksimizga bosdik. Sen yo‘qsil eding, biz seni molimizga sherik qildik». Bugun agar shunday deganlaringizda to‘g‘ri gapirgan bo‘lardingizlar. Men ham bu gaplaringizni tasdiq etardim. Ey ansor! Bir necha kishilarga berganim dunyo moli tufayli sizlar gapirgan ba’zi so‘zlar mengacha yetib keldi. Bu so‘zlar rostmi?

– Yo Rasululloh! Bizning kattalarimiz ichida hech biri sizni xafa qiladigan gap aytishmadi. Lekin ba’zi yoshlarimiz boshqacha tushunchaga borib, hissiyotlariga berilib ketdilar, xolos! – deb javob qilishdi.

Shundan keyin Rasuli Akram (s.a.v.) dedilar:

– Qurayshning ba’zilariga dunyolik berganim rost. Ular mushriklar zamoniga yaqin bo‘lganliklari uchun ko‘ngillarini Islom bilan isintirish uchun berdim. Ey ansor! Hamma o‘ziga tekkan molni olib uyiga qaytadi, sizlar uylaringizga Payg‘ambaringiz bilan qaytishni xohlamaysizlarmi?! Agar hijrat sharafi, hijrat fazilati bo‘lmasa edi, men albatta ansordan biri bo‘lishni istardim. Har kim bir yo‘l tutib ketsa, men ansorning yo‘lidan ketgan bo‘lardim! Hayotim sizning hayotingiz, o‘limim sizning o‘limingizdir... Allohim, ansorga rahmating ila muomala etgin! Ansorning bolalarini ham, nevaralarini ham rahmatingga yetkaz!

Bu so‘zlarni eshita turib, ansor soqollari ho‘l bo‘lgunga qadar yig‘ladilar.

– Rasulullohning taqsimlariga ham, bu taqsimda bizga Rasululloh (s.a.v.) nasib etganlariga ham rozi bo‘ldik, – deyishdi.

«Hazrati Payg‘ambarimiz va islom dini» kitobidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.