Allohning adolati
Rivoyatlarga ko‘ra, bir kuni Muso (a.s.):
– Allohim, ba’zi insonlar zolimlarning zulmi jazosiz qolaveradi, deb hisoblaydi, – dedilar. – Holbuki, Sening adolating muhaqqaq yuzaga chiqadi, zolim zulmining javobini, albatta, oladi. Menga shunday o‘rnak ko‘rsatki, uni eshitgan kishilar zulm va haqsizlik qilishdan tiyilsin. Qilgan ishiga jazo tayin ekanini bilsin.
U zot (a.s.)ga shunday javob bo‘ldi:
– Ey Muso, sahroda to‘rt yo‘l kesishgan joydagi daraxt ortiga berkinib, chashma boshida bo‘ladigan voqealarni kuzatsangiz, zolim zulmining javobini qanday olishini ko‘rasiz...
Muso (a.s.) aytilgan joyga borib, daraxtlar orasiga berkindilar. Bir pasdan keyin otliq kishi keldi. Otdan tushib, yelkasidan xurjunini olib, chashma bo‘yiga o‘tirdi. Yemagini yeb, chashma suvidan ichib, charchog‘i chiqqach, otiga minib ketdi. Ichida oltinlari bo‘lgan xurjunini esa unutib qoldirdi.
Otliqdan keyin kelgan yigit suv icharkan, chashma bo‘yidagi xurjunga ko‘zi tushdi. Ichida oltinlar borligini bildi, u yoq-bu yoqqa qarab, hech kim yo‘qligini ko‘rgach, xurjunni olib ketdi. Uning ortidan ko‘zi ojiz qariya keldi. Suv ichib, bir pas dam olish uchun daraxt soyasiga o‘tirdi. Shu payt otliq kishi qaytib keldi va xurjunini qidira boshladi. Ko‘rdiki, keksa choldan boshqa kimsa yo‘q, demak, xurjunini shu odam berkitgan. G‘azab bilan qariyaga baqira ketdi:
– To‘g‘risini ayt, xurjunimni qaerga berkitding? Tezda pullarimni qaytar, bo‘lmasa, o‘ldiraman!..
– Men ko‘zi ojiz odam bo‘lsam, – dedi chol, – xurjuningni qaerdan bilaman?!
G‘azabi qo‘zigan otliq aldayapti deb o‘ylab, cholni bir urishda o‘ldirib qo‘ydi va otiga minib jo‘nab qoldi. Voqealarni kuzatib turgan Muso (a.s.) Allohga nido qilib, so‘radilar:
– Parvardigoro, otliqning xurjunini uning ortidan kelgan yigit olib ketdi. Jazoni esa undan keyin kelgan qariya oldi. Bu yerda adolat qani?
Alloh taolodan shunday xitob bo‘ldi:
– Ey Muso! Odamlar shunday – hodisalarning sirtiga qarab xulosa chiqaradilar, ichidagi qadarning adolatini esa ko‘rmaydilar. Chashma bo‘yidagilar avvalda qilgan ishlariga javob olishdi. Ya’ni, oltinlar solingan xurjunini chashma boshida unutgan otliq, o‘z vaqtida qo‘lida xizmat qilgan faqir kishining haqini bermagan. Uning xurjunini olib ketgan yigit o‘sha faqir xizmatchining o‘g‘li. Xurjundagi pullar otasining haqi edi, ularni olib ketdi. Adolat shu taxlit yuzaga chiqdi. O‘lgan qariya esa osganda osgan, kesganda kesgan zolimlardan edi. Umri zulm qilish bilan o‘tgan, eng so‘ngida otliqning otasini bir musht urib o‘ldirgan, qotilligi yashirin qoldi deb o‘ylagandi. Nihoyat kuni kelib otliq pulini o‘g‘irlagan gumon qilib, qariyani bir musht urib o‘ldirdi.
Ey Muso, bandalarimga aytingki, hikmatini bilmagan voqealaridan norozi bo‘lishmasin. Bilsinlarki, kishining kishiga qilgan zulmi jazosiz qolmaydi. Bamisoli otliq odam ishchisiga bermagan haqni xurjun to‘la oltin bilan to‘lagani, otasini bir urishda o‘ldirgan kishini xuddi o‘shanday o‘ldirgani singari...
Bashorat To‘xtasin qizi tayyorladi
“Irfon” taqvimining 2011 yil, 1-sonidan olindi
Ko‘p o‘qilgan
- Namoz o‘qish tartibi (rasmlari bilan)
- Peshin, asr, shom, xufton namozlari
- Qur'oni karim ma'nolari va qiroati
- Salovotlar. Istig'for duolari
- Namoz kitobi
- Najotkor duolar
- Tahorat olish tartibi (rasmlari bilan)
- 6 diniy kalima
- Azon
- Namozdan keyingi zikrlar
- Ro‘za kitobi
- G‘usl, tayammum
- Tahorat kitobi
- Namozdan so‘ng o‘qiladigan boshqa duolar
- Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
- Payg’ambar alayhis-salomning vafot etishlari
- Jamoat kitobi
- Hayit va jum'a namozlari
- Xotinning eriga itoatsizlik qilishi
- Namoz haqida oyat va hadislar
So'nggi maqolalar
- Mujohid ibn Jabr
- Abu Usayd Molik ibn Robia
- Xotib ibn Abu Balto
- Abon ibn Said
- Budayl ibn Varqo
- Abu Sa’laba Xushaniy
- Abu Umoma Bohiliy
- Abu Mahzura Jumahiy
- Abu Abs ibn Jabr Ansoriy
- Rofeʼ ibn Xudayj
- Zaydul Xoyr
- Ummu Kulsum binti Uqba
- Qays Ibn Sa’d
- Navfal ibn Horis
- Solim ibn Ubayd
- Ka’b ibn Zuhayr
- Mehron ibn Mofina
- Hanzala ibn Abu Omir
- Abdulloh ibn Muborak
- Qutayba ibn Muslim
2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.