Allohni bilishga yuz dalil
Bu rivoyat yetuk allomalardan biri «Tafsiri Kabir» («Mafotihul g‘ayb») muallifi Faxriddin Roziy va ulug‘ zot Najmiddin Kubro haqida.
Faxriddin Roziy Hirot va uning atrofida noto‘g‘ri e’tiqodlarini tarqatish bilan mashg‘ul bo‘lgan karromiylar xurujidan musulmonlarni himoya etishga harakat qilardi. Albatta, bu harakatlar yaxshi samara berdi. Shu sababli u zot uch yuzga yaqin talabalari va olimlar bilan Hirotga kelganlarida, ham davlat, ham din ulug‘lari to‘p-to‘p bo‘lib ziyorat qilib, hurmatlarini izhor etishgandi. Ammo bir odam na ziyoratga keldi, na borish orzusini bildirdi. Qiziq, bu odam Faxriddin Roziyga qarshimidi?
Shunday kunlarda bir boy kishi Roziyni, shu bilan birga, u kishining ziyoratiga kelmagan odamni ham ziyofatga taklif qildi. Maqsadi – ularni bir joyda uchrashtirish va noxush holat yuzaga kelmasligini ta’minlash edi.
Aytilganlar mehmondorchilikka kelishdi. Yuzma-yuz bo‘lishgach, Faxriddin Roziy boyagi odamdan nega biror marta kelmagani sababini so‘radi.
– Men bir faqirman, – dedi u kishi, – ziyoratingizga borishim sizga obro‘ keltirmaganidek, bormasligimdan ham hech narsa yo‘qotmaysiz. E’tiboringizni boshqa ahamiyatliroq odamlarga qaratganingiz ma’qul.
Bu javobni eshitib Faxriddin Roziy ro‘parasidagi oddiy odam emasligini angladi va dedi:
– Bu qalbi, ko‘ngli uyg‘oq insonning javobi. Endi ham bizning huzurimizga kelmaganingizga qiziqishim ortdi...
– Siz musulmonlarning mening ziyoratimga kelishlari vojibdir, der ekansiz. Nega bunday?
– Chunki men ilm ahlidanman. Ziyoratchilar mening emas, ilm ziyoratiga kelgan, buzuq e’tiqodlarga qarshi harakatlarda menga yordam qilgan, qo‘llab-quvvatlagan bo‘lishadi.
– Demak, siz ilm ahlidansiz, ilmning maqsadi esa Allohni tanishdir. Unda ayting-chi, siz Haq taoloni qay darajada bilasiz?
– Yuz dalil va hujjat bilan.
– Dalil va hujjat shubhalarni tarqatish uchun emasmi? Demak, sizda shu qadar shubha bor ekan, har biriga dalil qidiribsiz; ko‘nglingizdagi gumonlarni dalillar bilan ketkazibsiz. Holbuki, Alloh taolo menga shunday imon berdi, qalbimda zarracha shubha yo‘q. Asli yo‘q bo‘lgan narsani ketkazish uchun hujjat, dalil qidirishimga ne hojat?
Bu javobdan keyin Faxriddin Roziy o‘rnidan turdi va dedi:
– Siz oddiy odam emas, imon va ixlos namunasi bo‘lgan zot ekansiz. Kimsiz, ismingizni ayting!
Shu asnoda bir kishi Roziyning qulog‘iga pichirladi: «Bu odam Najmiddin Kubro hazratlari!»
Buni eshitgan Faxriddin Roziy hurmatini izhor qildi:
– Hazrat, meni ham toliblaringiz qatorida qabul qiling, suhbatlaringizni tinglash baxtiga musharraf bo‘lay...
...Mana, zohiriy va botiniy ilmning farqi... Mana, zohiriy ilm ahli bilan ma’naviyat arbobining saviya va darajasi... Ular orasidagi suhbatning go‘zalligi va to‘g‘ri taslimiyat bilan yakunlanishi... Va bir-birlariga bo‘lgan hurmat-izzatlari. Bunda katta saboq bor, ayniqsa, tortishuvni xush ko‘radigan va nima bo‘lsa ham men bahsda g‘olib chiqishim shart deydigan zamondoshlarimiz uchun...
Odina Vahobova tayyorladi
“Irfon” taqvimining 2012 yil 2-sonidan olindi.
Ko‘p o‘qilgan
- Namoz o‘qish tartibi (rasmlari bilan)
- Peshin, asr, shom, xufton namozlari
- Qur'oni karim ma'nolari va qiroati
- Salovotlar. Istig'for duolari
- Namoz kitobi
- Najotkor duolar
- Tahorat olish tartibi (rasmlari bilan)
- 6 diniy kalima
- Azon
- Namozdan keyingi zikrlar
- Ro‘za kitobi
- G‘usl, tayammum
- Tahorat kitobi
- Namozdan so‘ng o‘qiladigan boshqa duolar
- Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
- Payg’ambar alayhis-salomning vafot etishlari
- Jamoat kitobi
- Hayit va jum'a namozlari
- Xotinning eriga itoatsizlik qilishi
- Namoz haqida oyat va hadislar
So'nggi maqolalar
- Mujohid ibn Jabr
- Abu Usayd Molik ibn Robia
- Xotib ibn Abu Balto
- Abon ibn Said
- Budayl ibn Varqo
- Abu Sa’laba Xushaniy
- Abu Umoma Bohiliy
- Abu Mahzura Jumahiy
- Abu Abs ibn Jabr Ansoriy
- Rofeʼ ibn Xudayj
- Zaydul Xoyr
- Ummu Kulsum binti Uqba
- Qays Ibn Sa’d
- Navfal ibn Horis
- Solim ibn Ubayd
- Ka’b ibn Zuhayr
- Mehron ibn Mofina
- Hanzala ibn Abu Omir
- Abdulloh ibn Muborak
- Qutayba ibn Muslim
2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.