background
logotype
image1 image2 image3

Alloh uchun “Alloh” desaydim...

Alloh uchun do‘stlashgan ikki cho‘pon bo‘lgan ekan. Bir kuni ikkovlon so‘zlashib o‘tirib, biri dardini aytib qolibdi:

— Do‘stim, men oshiq bo‘ldim...

— Alloh xayrli qilsin! Nega mahzunsan? Kimga oshiq bo‘lding?

— Podshohning qiziga. Unga yetishish mening buyuk orzuim.

— Shunaqami? Nima qilsak ekan? Ha, topdim. Bir paytlar men safarda orif zot bilan birga bo‘lgan edim. O‘sha zotdan so‘raymiz.

Ikki do‘st o‘sha orif zotning oldiga borib, vaziyatni tushuntirishibdi.

— Buning yo‘li oson, — debdi orif zot. — Falon yerdagi g‘orga borasan, qirq kun tinmay “Alloh, Alloh, Alloh” deysan.

Yigit rozi bo‘lib, orif aytgan ishni boshlabdi. O‘n kun o‘tibdi, o‘n besh kun o‘tibdi. Yigit garchi tili “Alloh” desa-da, xayolida podshohning qizini tasavvur qilib zikrni davom ettiraveribdi. 25 kunlardan keyin butun shahar bu darveshning holidan ogoh bo‘lib, so‘zlay boshlabdi: “Ko‘rdingizmi, bir darvesh g‘orda tunu kun Allohni zikr etyapti. Qandayin go‘zal!”

Yigit odamlarga e’tibor bermas, holdan toyib qolgan bo‘lsa ham, podshohning qizi visolida, tinmay zikr etar va qirqinchi kunni astoydil kutar edi.

Bu gap-so‘zlar podshohning saroyiga ham borgach, vazirlar:

— Podshohim, bilasiz, valiylar kelgan joylarga Allohning barakasi nozil bo‘ladi, odamlarda muhabbat paydo bo‘ladi. Qanday qilib u zotni shahrimizda olib qolsak ekan? — deyishibdi.

— Saroyim oldiga bir saroy qursak, qabul etarmikan?

— Yo‘q, orif zotlar mol-dunyoga qarashmaydi.

— Vazirlikni bersam-chi?

— Uni ham qabul etmaydi.

— Unda nimani maslahat bersasizlar?

— Karimangizni unga nikohlab bering.

— Agar valiy zot qabul qilsalar, bu menga ham sharaf.

Qirqinchi kun yetib kelibdi. Shu kunda podshoh va uning a’yonlari, yigitning do‘sti darveshning huzuriga borishibdi. Yigit tasbeh bilan hamon zikr qilardi. Yigit zikrni to‘xtatishi bilan podshoh salom berib, so‘rabdi:

— Hazrat, sizning bu yurtda bo‘lishingiz bizga sharaf. Buyuring, sizga bir saroy qurdiraman.

— Keragi yo‘q.

— Unda keling, yurtni birga boshqaraylik.

— Yo‘q.

— So‘nggi umidim shuki, mening bir qizim bor. Garchi sizga loyiq bo‘lmasa-da, uni nikohingizga olsangiz.

— Yo‘q.

Shunda cho‘ponning do‘sti yugurib, uning oldiga kelibdi-da, so‘rabdi:

— Qirq kunki, zahmat chekib shu podshohning qizi uchun zikr etding-ku. Endi nega undan voz kechyapsan?

Do‘sti tabassum qildi-da, shunday javob berdi:

— Men qirq kun podshohning qizi uchun “Alloh” deganimga huzurimda podshohu vazirlar tiz cho‘kyapti. Agar Alloh uchun  “Alloh” desaydim, nelar bo‘lmasdi...


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.