background
logotype
image1 image2 image3

Aks sado va hayot

Ota bilan o‘g‘il tog‘da kezib yurishardi. Birdan o‘g‘li qoqilib tushdi va joni og‘rib, baqirib yubordi. Uzoqdagi cho‘qqidan u chekkan “oh: aks-sadosi keldi. Bola bu sadoni eshitib, hayron qoldi va: “Sen kimsan?” deb baqirdi. Yana: “Sen kimsan?” deb aks-sado keldi. Bola g‘azab bilan: “Sen qo‘rqoqsan!” deb baqirdi. Tog‘dan ham: “Sen qo‘rqoqsan!” degan javob keldi.
Bola otasiga qarab:
—     Dada, nima bo‘lyapti? — deb so‘radi.
—     O‘g‘lim, buni bilib ol, — dediyu otasi toqqa qarab: “Senga hayronman!” deb baqirdi. Tog‘dan javob keldi: “Senga hayronman!” Otasi endi: “Sen muhtashamsan!” deb baqirdi. Javob keldi: “Sen muhtashamsan!” Bola hayron qoldi, ammo hali ham nimalar bo‘layotganini fahmlay olmasdi. Otasi bu voqeani shunday izohladi:
—     O‘g‘lim, buni odamlar “aks-sado” deyishadi, aslida bu hayotning bir qonunidir. Boshqalarga berganlaringni hayotdan olasan. Hayot bizning qilmishlarimizdan iborat. Sevgi istasang, ko‘proq sev! Shafqat tilasang, yanada shafqatli bo‘l! Hurmat istasang, katta-kichikni e’zozla. Insonlarning senga sabrli bo‘lishlarini istasang, o‘zing ham sabrli bo‘lishni o‘rgan.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.