background
logotype
image1 image2 image3

1000 dinordan qimmat sharaf

Imom Buxoriy hazratlari hadis roviylarini izlab dengiz safariga chiqdilar. Hamyonlarida ming dinor pul bor edi. Yo‘lovchilardan biri olim yoniga kelib, “izzat-ikromi, hurmatini” bildirdi, o‘zini yaqin tutdi. Imom Buxoriy ham iltifot ko‘rsatib, samimiy muomala qildi. Bir necha bor suhbatlashib o‘tirishdi. Bir gal sherigi quvlik bilan Imom Buxoriyning rostgo‘yligidan foydalanib, olimda ming dinor pul borligini bilib oldi.
Ertasiga haligi odam uyqudan uyg‘ongach, ho‘ngrab yig‘lashga tushdi. Baqirganicha yoqasini yirtib, yuz-boshlariga urib, dod-voy soldi. Odamlar uning faryodidan hayratga tushishdi. Kema mas’ullari sababini so‘rab, uni savolga tutishdi. O‘zini jabrdiyda ko‘rsatib: “Ming dinorim bor edi, yo‘qolib qoldi”, deb zorlandi u. Shunda taftishchilar kemadagi barcha yo‘lovchilarning cho‘ntaklarini birma-bir tekshira boshlashdi. Imom Buxoriy hazratlari hamyonidagi pulni dengizga uloqtirdilar. Taftishchilar hammani tekshirishdi, hech qanday pul topishmadi. Shundan so‘ng ular pul yo‘qotdim deb tuhmatchilik qilgani, yolg‘on gapirgani uchun haligi odamning ta’zirini berishdi.
Kema manzilga yetib keldi, odamlar qirg‘oqqa tushishdi. Yolg‘onchi kimsa Imom Buxoriy hazratlarining yoniga kelib, ming dinorini qaerga, qanday yashirib qo‘yganini so‘radi. “Dengizga tashlab yubordim”, dedilar Imom Buxoriy xotirjam. “Shuncha ko‘p pulni-ya. Qanday ko‘zing qiydi?” deb so‘radi u yana. Imom Buxoriy hazratlari: “Ey johil, hayotimni ilmga, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hadislarini to‘plashga sarf qilganimni bilmaysan shekilli? Hamma mening halol, to‘g‘ri odamligimni biladi. Nega endi hurmatimni, qadrimni yolg‘onchi bir o‘g‘rining tuhmatiga boy berishim kerak? Qandaydir dinorlarni deb umr bo‘yi misqollab topganim ishonch va adolatdek bahosiz durni yo‘qotishim to‘g‘rimi, axir?” deya javob qaytardilar.

Abdussalom Muborakfuriyning "Imom Buxoriy siyrati" kitobidan olingan.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.