background
logotype
image1 image2 image3

Ovqatlanishdagi qaytariqlar

Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etgunlariga qadar xontaxtada ovqatlanmadilar va yumshoq non tanovul qilmadilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Jobir ibn Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xaybar jangi kunida xonaki eshak, xachir, oziq tishli yirtqich hayvonlar va changak tirnoqli (yirtqich) qushlar go‘shtini iste’mol qilishdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy va Termiziy rivoyatlari)

Jobir ibn Abdullohdan (r.a.)  rivoyat qilinadi.  «Rasululloh (s.a.v) bizga ot go‘shtini yedirdilar va eshak go‘shtini yeyishdan qaytardilar». (Imom Termiziy rivoyatlari)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sabir (aloe) kabi zaharli giyohlarni ko‘p iste’mol qilib, xoh inson, xoh hayvonlarning o‘lib ketishini man etganlar.
(Abu Dovud rivoyatlari)
 
Jibilla (r.a.) rivoyat qiladilar: «Biz Madinada bir guruh iroqliklar orasida edik. Ibn Zubayr bizni xurmo bilan mehmon qilayotgan edi. Shu asnoda Ibn Umar yonimizdan o‘tib ketayotib: «Janobi Rasululloh juftlab yeyishdan qaytarganlar, ammo bunga egasi ruxsat etsa - joizdir», dedilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Ibn Imron rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar alayhissalom Xaybar kuni sarimsoq piyoz va eshak go‘shti yeyishdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
 
Zuhriy (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qoziq tishli barcha hayvonlar (sher, bo‘ri, tulki, ayiq, yo‘lbars, fil, maymun va boshqalar) go‘shtini yemoqdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari) 

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.