background
logotype
image1 image2 image3

Ichimliklarga oid qaytariqlar

Abu Qatoda (r.a.) otalaridan naql qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deb aytdilar: «Birortangiz (suv yoki boshqa biror ichimlik) ichsangiz, idish ichiga nafasingizni chiqarmang va agar birortangiz peshob qilsangiz o‘ng qo‘lingiz bilan olatingizni poklamangiz».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meshlarning og‘zini buzib, ulardan suv ichmoqdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oltin va kumush idishlarda, uchgan va darz ketgan idishlarda suv ichmoqdan qaytardilar. («Ming bir hadis»)

Abdulloh ibn Abu Avfo (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘k ko‘zadan foydalanmoqdan qaytardilar. Shunda men: «Oq chinni ko‘zada ichsak bo‘ladimi?», deb so‘radim. U zot: «Yo‘q!», dedilar». (Ko‘za hoh oq, hoh ko‘k bo‘lsin, undagi meva suvi achib, mast qiladigan bo‘lib qolsa, ichish mumkin emas).
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Ali ibn Abu Tolib (k.v.) rivoyat qiladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qovoqdan yasalgan va mumlangan idishlardan foydalanmoqdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Ibrohimning rivoyatlarida mo‘minlar onasi Oisha (r.anho) shunday dedilar: «Janob Rasululloh bizni, ya’ni barcha xonadon a’zolarini qovoq va mumlangan idishlarda sharob tayyorlamoqdan qaytarganlar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mayizdan hamda quritilgan, xom va yangi uzilgan xurmolardan (sharob tayyorlamoqdan) qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Rasululloh    sollallohu    alayhi    vasallam    aytdilar:    «Ko‘pi    mast qiladigan ichimlikning ozidan ham sizlarni qaytaraman». (Imom Nasaiy rivoyatlari)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har qanday mast qiluvchi va bo‘shashtiruvchi (giyohvand) narsalarni iste’mol qilishni man etganlar. (Abu Dovud va Ahmad rivoyatlari)

Abdulloh ibn Abu Qatoda otalaridan naql qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quritilgan xurmo bilan endigina rang kirgan xurmoni hamda quritilgan xurmo bilan mayizni bir-biriga qo‘shmoqdan qaytarganlar. Bularning har biridan alohida sharbat tayyorlanadi».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa hammomga ishtonsiz kirmasin. Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, jufti halolini hammomga kiritmasin. Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, xamr (aroq) aylantirib turilgan dasturxon atrofida o‘tirmasin», dedilar».
(Imom Termiziy va Hokim rivoyatlari)

Abdulloh ibn Abbos (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sut ichgach (suv bilan) og‘izlarini chayqab tashladilar va «sutda yog‘ bor», dedilar (ya’ni tahoratli kishi tarkibida yog‘ bo‘lgan biror ichimlik yoki taom iste’mol qilgach, og‘zini suv bilan chayqab tashlab, so‘ngra namoz o‘qishi kerak). (Imom Buxoriy rivoyatlari)

Zuhriy bunday deydilar: «Inson peshobini ichish qat’iyan man etiladi, chunki u nopokdir. Alloh taolo: «Sizlar uchun pokiza ne’matlar halol qilindi», deydi».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.