background
logotype
image1 image2 image3

Axloq-odob sohasidagi qaytariqlar

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Halokatga olib boruvchi yetti narsadan qochinglar!», dedilar. «Ular nima, ey Rasululloh?» deyishdi. Janobi Payg‘ambarimiz: «Alloh taologa shirk keltirmoq,  sehr-jodu qilmoq,  nohaq birovni o‘ldirmoq, sudxo‘rlik,  yetimning haqqini yemoq, jang maydonidan  qochmoq,  begunoh pokdomon mo‘mina ayollarga tuhmat qilmoq», dedilar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)

Mug‘iyra ibn Shu’baning kotibi Varrod rivoyat qiladi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mish-mish tarqatmoqni, ezmalik qilmoqni, mol-dunyoni isrof etmoqni, ochko‘zlik qilmoqni, onalarga itoatsizlik etmoqni va qizlarni tiriklayin ko‘mib tashlamoqni (Islomdan avval arablarda shunday odat bo‘lgan) man qilganlar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umar (r.a.) rivoyat qiladilar. «G’azotlardan birida Payg‘ambar alayhissalom o‘ldirilgan ayol kishini ko‘rib achindilar va ayol kishilarni va yosh bolalarni o‘ldirishni man qildilar».
(Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Badgumon bo‘lmanglar, badgumonlik eng yolg‘on so‘zdir, tirnoq ostidan kir qidirmanglar, bir-biringizga hasad qilmanglar, bir-biringizdan arazlamanglar va nafratlanmanglar, aka-uka tutinib, Allohning (solih) bandalari bo‘linglar», dedilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘l bo‘yida o‘tirishdan saqlaninglar», dedilar. Shunda sahobalar: «Buning chorasi yo‘q, ey Rasululloh, chunki biz o‘tirib suhbatlashamiz», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bunga ko‘nmasanglar, o‘tiringlaru faqat yo‘lning haqqini ado etinglar», dedilar. Sahobalar: «Ey Rasululloh, yo‘lning haqqi nima?», deyishganida Rasululloh: «Ko‘zni nomahramlarga qaratishdan tiyish, o‘tuvchilarga aziyat bermaslik, salomga alik olish, yaxshilikka buyurib, yomonliklardan qaytarish», dedilar».
(Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ikki zaifning - ayolning va yetimning molidan uzoq bo‘lishingizni vasiyat qilaman», dedilar».
(Imom ibn Moja rivoyatlari)

Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Zulmdan saqlaninglar, chunki u Qiyomat kunida zulumot bo‘ladi. Va yana baxillik va xasislikdan saqlaninglar. Chunki u sizlardan avvalgi ummatlarning   halokatga   uchrashiga,    qon   to‘kishlariga   hamda   harom narsalarni halol qilib olishlariga sabab bo‘lgan edi», dedilar». (Imom Muslim rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh: «Sizlarning holingizga  voy  bo‘lsin!  Yana sizlar  mendan  keyin  kofir bo‘lib,  bir-biringizning gardaningizga (qilich) urib yurmanglar», dedilar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)

Adiy   ibn  Umardan   (r.a.)   rivoyat   qilinadi.   Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam: «Hozir yana qaytarib aytaman, kimni biror ishga boshliq qilsak, ozi va ko‘pini (yashirmay) olib kelsin. Nimani bersak, uni olsin. Nimadan qaytarsak, uni olishdan o‘zini tiysin», dedilar. (Imom Muslim rivoyatlari)

Rasululloh   sollallohu   alayhi   vasallam   ummatlarini   birovlarni yanglishtirishdan man etdilar. (Abu Dovud va Ahmad rivoyatlari)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zini odamlardan chetga olib, xilvatda zohidlik qilishdan man etganlar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)

Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qiladilar. «Biz hazrat Umarning huzurlarida o‘tirgan edik, u kishi: «Bizlar zimmamizga ortiqcha ish (vazifa) olmoqdan qaytarildik», dedilar».
(Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)

Rasululloh   sollallohu   alayhi   vasallam   aytdilar:   «Alloh   taolo sizlarni otalaring nomi bilan qasam ichishdan qaytaradi». (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umar (r.a.) rivoyat qiladilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir odamning boshqa bir odamni turg‘izib, o‘rniga o‘zi o‘tirib olmog‘ini man qildilar. Ammo janob Rasululloh shunday dedilar: «Nariroq surilib joy bering va biroz siqilishib o‘tiring», denglar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Yazid al-Ansoriy (r.a.) rivoyat qiladilar. «Nabiy sollallohu  alayhi   vasallam  birovning  molini  zo‘rlik  bilan  tortib olishdan va birovga vahshiyona (quloq, burun va boshqa a’zolarini qirqib) azob berishdan qaytardilar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umar (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nazr qilmoqdan qaytardilar va: «U baloning oldini ololmaydi, u orqali baxildan biror narsa undirib olingaydir, xolos», dedilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

obir ibn Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilichni yalang‘ochlab yurishga odatlanishdan qaytarganlar».
(Imom Termiziy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarga taqlid qiluvchi erkaklarni va erkaklarga taqlid qiluvchi ayollarni la’natladilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam cho‘rilarning badanini pullab, tirikchilik qilishni man etdilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam er kishini ikki ayolning orasida yurishidan qaytardilar».
(Abu Dovud rivoyatlari)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Musibat yetganida yuzlarini yuladigan, yoqasini yirtadigan va o‘zini qarg‘ab yig‘laydiganlarni Alloh taolo la’natlasin».
(Ibn Moja rivoyatlari)

Rasululloh    sollallohu   alayhi    vasallam    mehmon    uchun    ortiqcha takallufni (ziyofat uchun haddan tashqari urinishni) man etganlar. (Hokim rivoyatlari)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir uyda yakka uxlashni man etganlar. (Imom Ahmad rivoyatlari)

Abu Hurayradan  va Abdulloh  ibn Abbosdan  (r.a.)  rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Hech bir banda: «Men Yunus ibn Mattodan yaxshiroqman», demasligi lozim», dedilar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Zam’adan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odam ichidan chiqadigan narsa (el)ga kulmoqdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abu Said Abdulloh ibn Mug‘affaldan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (qo‘l bilan) mayda toshlarni otib o‘ynashdan man qildilar va: «Bu bilan ov ham qilib bo‘lmaydi, dushmanni ham o‘ldirib bo‘lmaydi, faqat u ko‘zni chiqarib, tishni sindiradi, xolos», dedilar».
(Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hukm chiqarishda rishva (pora) beruvchini va uni oluvchini la’natlaganlar».
(Imom Termiziy rivoyatlari)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhumlar sha’niga mubolag‘a bilan madhiya va marsiya aytishni man etganlar.
(Ibn Moja va Hokim rivoyatlari)

Usoma ibn Zayddan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror joyda vabo borligi bilinsa u yerga kirishdan, biror joyda turilganda vabo boshlangani eshitilsa, o‘sha joydan chiqishdan qaytarganlar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qabriston ziyoratiga boruvchi ayollarni, qabriston ustiga masjid quruvchi yoki chiroq yoquvchilarni Alloh taolo la’natlasin!».
(Hokim rivoyatlari)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabr ustiga o‘tirishni, qabr ustini butunlay tekislab tashlashni yoki ustiga turli baland qubbalar qurishni man etganlar.
(Imom Muslim, Abu Dovud va Nasaiy rivoyatlari)

Rasululloh sollallohu alayhi  vasallam  safardan  o‘z uyiga  kechasi bemahal kirib kelishni man qilganlar. (Imom Buxoriy va muslim rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni Qur’on (ya’ni Mushaf) bilan dushman yeriga safar qilmoqdan qaytardilar». (Bu yerda Qur’on deyilgani bilan Mushaf deb tushunmoq kerak. Chunki Qur’on og‘zaki tarzda nozil qilingan bo‘lib, dushman uni qalblardan tortib olib, oyoqosti qilolmaydi).
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to‘xtab turgan ko‘lmak suvga siyishni man etganlar.
(Imom Muslim, Nasaiy, Ibn Moja rivoyatlari)

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (biror narsaning baxtsizlik keltirishiga ishonib) irim-sirim qilishdan qaytarganlar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)

Ummu Atiyya rivoyat qiladilar: «Biz ayollar o‘likka uch kundan ortiq aza tutmoqdan  qaytarilgan edik, er o‘lsagina to‘rt oyu o‘n  kun aza tutmoq mumkin edi... Biz ayollar janozaga ergashmoqdan ham qaytarilgan edik». (Imom Buxoriy rivoyatlari)

Oisha (r.anho) rivoyat qiladilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Mayitlarni haqorat qilmanglar, chunki ular keladigan joylariga kelib bo‘ldilar», deganlar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (sahobalarga qarata): «Birontangiz uzoq xastalanib yotib qolsangiz, (bezor bo‘lganingizdan) o‘zingizga o‘lim tilamang! Basharti shunday qilish zarur bo‘lsa: «Ey Parvardigorim, agar (bundan keyingi) yashamog‘imning menga nafi bo‘lsa, meni tirik qoldirgin, mabodo o‘lmog‘im afzal bo‘lsa, omonatingni olg‘il, deb aytingiz», dedilar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.