background
logotype
image1 image2 image3

Maxsiga mash tortishning tartibi qanday bo‘ladi?

Savol: 1.Maxsiga mash tortishning tartibi qanday bo‘ladi?

2. Umuman maxsidan boshqa, masalan paypoqqa mash tortish mumkinmi?

Javob: Maxsiga mashning joizligi haqida ahli sunnat val jamoa mazhabi payravlaridan biror kishi ixtilof qilmaydi. Bunga faqat mubtade' (sunnatga qarshi chiquvchi)gina  xilof qiladi.

Oyoqqa kiyiladigan hamma narsaga ham mash tortilaveradimi? Yo‘q. Mash uchun quyidagi shartlar mavjud bo‘lishi kerak:

- U narsa (maxsi) to‘piqni berkitib tursin;

- To‘piqdan pasti yirtiq bo‘lmasin;

- Uch-kecha kunduzlik yo‘l yurganda to‘zib ketmasin;

- Teridan boshqa narsa bo‘lsa osti va ustiga teri qoplangan bo‘lsin;

- Bog‘lanmasdan o‘z qaddini ko‘tarib turadigan bo‘lsin;

- Va nihoyat tahorat komil bo‘lganda kiyilgan bo‘lsin.

Mash tortish tartibi esa quyidagicha: o‘ng qo‘lga suv olib - tashlab, panjalari  va aloqoni (kaft) bilan o‘ng oyoq maxsisi ustiga qo‘yiladi va qo‘l panjalari ochilib to‘piqqa qarab tortiladi. Bunda shuni unutmaslik kerakki, qo‘l panjalarining uchini  maxsi uchi bilan barobar etib emas, balki maxsi ichidagi oyoq panjalari uchi bilan barobar etib qo‘yish kerak. So‘ngra chap qo‘lga suv olib tashlab mazkur tartibda chap mahsiga mash tortiladi. Mash  tortilgandan so‘ng  qo‘llar uch bor chayilishi darkor.

Panjalari bukilmaydigan kishilar qo‘l aloqonini mahsiga tekkizishlari, so‘ng mash tortishlari lozim. Mazkur  shartlari mukammal holda kiyilgan maxsiga muqim (safarda bo‘lmagan kishi) bir kechayu kunduz, musofir esa uch kechayu kunduz mash qila oladi. Bu muddatlar maxsi kiyilgan vaqtdan boshlab emas, balki uni kiygandan so‘ng dastlab tahorati singandan boshlab hisoblanadi. Ya'ni bomdod namozidan oldin tahorat olib maxsini kiygan bo‘lsayu kunduz soat o‘n ikkida tahorati sinsa ertasiga soat o‘n ikkigacha shu maxsiga mash qilsa bo‘ladi. Bu yerda shuni aytib o‘tish kerakki, musofir bir kechayu kunduz ham bo‘lmay uyiga qaytib kelsa, maxsisiga uch kecha-kunduzgacha emas, balki muqim hukmida (bir kecha-kunduz bo‘lguncha) mash qiladi. Muqim esa mash muddati to‘lmasdan safarga chiqsa musofirlik hukmida uch kecha-kunduz to‘lguncha mash qilishi mumkin.

Kishining bir oyog‘ida yarasi bo‘lib, tahorat olganida unga mash qilsa, sog‘ oyog‘ini yuvib unga maxsisini kiysa, jarohatli oyog‘iga kiymasa so‘ng mazkur bir oyog‘iga mash tortaolmaydi. Chunki bir oyoq maxsisiga mash tortib ikkinchisini yuvish mashru' emasdir. Shuning uchun bir oyoq yechilsa, albatta ikkinchi oyoq ham yechilib yuvilishi vojibdir.

Tahoratni nima sindirsa mashni ham sindiradi. Ya'ni har tahorat qilganda maxsilarga mash qilish kerak. Shuningdek, maxsi ichiga suv kirib oyoqning hammasi (bir rivoyatda yarmi) ho‘l bo‘lsa, yuqorida aytilgan muddatlar o‘tsa, mahsining to‘piqdan pasti oyoqning kichik uch panjasi ko‘rinadigan miqdorda yirtilsa mash buziladi. (Bir maxsining turli joylarida oz-ozdan yirtiq bo‘lib, hammasi to‘planganda uch panja ko‘rinsa ham mash ravo emas, astari lattadan bo‘lib u agar yirtilmagan bo‘lsa ham). Bu holatlarda maxsi yechilib, oyoq yuvilishi lozim.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.