background
logotype
image1 image2 image3

Uzrli kishiga kimlar kiradi va uning hukmi qanday bo‘ladi?

Savol: Uzrli kishiga kimlar kiradi va uning hukmi qanday bo‘ladi?

Javob: Banda o‘z ojizligini va Yaratganga muhtojligini his etsin uchun hayoti davomida turli dard va jarohatlarga mubtalo etilgan. Ulardan tashvishlanmay, xotirjam bo‘lib sabr qilgan va Yaratgandan shifo tilab, Unga tazarru' etgan bandaning gunohlariga bu dunyoda chekkan dardu alamlari kafforatdir.

Shu bilan birga, ba'zi dardlar ibodatning maqbulligi uchun qo‘yilgan shart va talablarning yengillashuviga bois bo‘ladi va ularga mubtalo bo‘lganlar shar'an uzrli ataladilar.

Istihoza, peshob va yelning surunkali chiqib turishi, bitishi qiyin jarohatlar, ko‘z, quloq og‘rib ulardan yosh yo yiring oqib turishi shunday dardlardandir.

Boshlanishida to‘la bir namoz vaqti davomida (masalan asrdan shomgacha) jarohatidan to‘xtamay qon, yiring yoki nam chiqib turgan kishi shar'an uzrli hisoblanadi. Keyingi namoz vaqtlarida bu holning davom etishi shart emas. Uning jarohatidan keyingi namoz vaqtlarida bir marta bo‘lsa-da qon kabi narsalar chiqib tursa, uzrli hisoblanaveradi. Uzrli kishining jarohatidan to‘la bir namoz vaqtida hech narsa chiqmasa, uning uzri tugagan bo‘ladi.

Uzrli kishilar har bir namoz vaqti uchun yangidan tahorat olishlari kerak. So‘ng bir namoz vaqti davomida uzrga sabab bo‘lgan hol davom etib tursa-da, aytdilar., tahoratlari singan hisoblanmaydi. Agar tahoratni sindiruvchi boshqa sabab sodir bo‘lmasa, o‘sha vaqt ichida shu tahorat bilan istagan namozlarini (farz, vojib, sunnat, nafl, qazo) o‘qiyveradilar. Uzrli kishining tahorati namoz vaqti chiqishi bilan sinadi va u yangi vaqt namozi uchun qayta tahorat olishi kerak.

Uzrli kishi, uzridan hech narsa chiqmagan holida uzridan boshqa sabab bilan tahorati singani uchun tahorat olsayu so‘ng uzridan nam chiqsa, yangidan tahorat olishi lozim.

Uzrli kishi uzridan nam chiqib turgan holda tahorat olsayu namoz o‘qishi chog‘ida uzridan hech narsa chiqmasa va bu hol (uzridan hech narsa chiqmaslik) ikkinchi namoz vaqtida ham davom etsa, oldingi vaqt namozini qazo qilib o‘qishi kerak bo‘ladi.

Uzrli kishi uzridan nam chiqib turgan holda maxsisini kiygan bo‘lsa, unga mash tortish mumkin emas.

Uzrli joydan chiqqan qon dirham miqdoridan (ochilgan qo‘l kaftining suv turadigan qismi) ortiq joyga tekkan bo‘lsa va so‘ng namoz o‘qib bo‘lguncha qayta chiqmasa, uni yuvib qayta namoz o‘qish vojib bo‘ladi.

Jarohatni bog‘lash yo dori surish bilan undan chiqadigan narsani to‘xtatish yo kamaytirish vojibdir. Jarohat bog‘langanida undan hech narsa chiqmasa, kishi uzrli hisoblanmaydi. Jarohatli kishi imo bilan namoz o‘qiganida jarohatidan hech narsa chiqmaydigan holda namozini imo bilan o‘qishi kerak.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.