background
logotype
image1 image2 image3

Xotinning er zimmasidagi haqlari qaysilar?

SavolXotinning er zimmasidagi haqlari qaysilar?

JavobXotinning er zimmasidagi haqqi erning o‘ziga ham, moliga ham tegishlidir. Xotinning eri zimmasidagi mahr va nafaqa singari moliyaviy va shaxsiy haqlari bor. Ular quyidagilar:

1.  Er xotiniga xushfe'l bo‘lishi, u bilan yaxshi muomala qilishi, birga farovon hayot o‘tkazishi, unga ozor yetkazmasligi kerak. Bu bilan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislariga amal qilgan bo‘ladi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisning ma'nosi shunday: «Sizlarning eng yaxshilaringiz xotinlariga yaxshilaringizdir».

2.  Er xotinning ozorini ko‘tarishi, u g‘azablanganida va jahli chiqqanida muloyim bo‘lishi, uning xatolarini kechirishi kerak. Bunday qilish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilishdir. Imom Muslim rivoyat qilishlaricha, Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: «Rasullulohdan boshqa oilasiga mehribonroq biror kishini ko‘rmadim».

3.  Erkak xotini bilan o‘z qadrini tushirmaydigan darajada hazillashishi, chaqchaqlashishi va o‘ynamog‘i kerak. Bu ishlar ayol qalbini ko‘taradi.

4.  Erkak ayolini qizg‘anishi, uning or-nomusini saqlashi kerak. Oqibati buzuq bo‘ladigan har qanday holga beparvo bo‘lmasligi lozim.

Ammo yomon o‘y, talabchanlik va ichni bilishda haddan oshish durust emas.  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bundan qaytarganlar. Imom Muslim Jobir roziyallohu anhudan shunday rivoyat qiladilar: «Rasululloh erni oilasiga ishonmay yo xatolarini izlab kechqurun kelishdan qaytarganlar».

5. Er xotinning o‘ziga alohida joy qilib berishi, unda erning yaqinlaridan hech kim bo‘lmasligi kerak.

6. Er xotinga berishi lozim bo‘lgan mahrni qancha bo‘lsa-da, to‘la berishi kerak. Mahr tanho xotinning haqqidir.

7. Er xotinining oziq-ovqat va kiyim-bosh kabi ehtiyojlarini isrof etmay, yetarli ta'minlashi kerak. Er xarjlari uchun ajr va savobga erishadi. Imom Buxoriy va Muslim «Sahih»larida shunday kelgan: «Sa'd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambarimiz alayhissalom dedilar: «Sen Alloh taolo roziligini istab qilgan har qanday xarjing uchun ajr olasan. Hatto xotining og‘ziga solgan taoming uchun ham senga ajr bor». 

8. Er xotiniga diniy masalalarni o‘rgatishi lozim. Avvalo iymon ruknlaridan va barcha e'tiqodiy masalalardan boshlab, tahorat, hayz, namoz, ro‘za va boshqa amallarga bog‘liq zaruriy shar'iy hukmlarni bildirishi va doimo namozga undab turishi kerak. Zero, er shunga buyurilgan.

9. Er ayollariga birday, odilona qarashi lozim. Mol, nafaqa va birga bo‘lishda birini boshqalaridan ortiq qilmasligi kerak. Qalb maylidan boshqa barcha ishda ularga bir xilda qarash kerak.

10. Er agar xotini isyon va axloqsizlik qilsa, uni to‘g‘ri yo‘lga solish uchun odob o‘rgatishi kerak. Bu xotinni o‘ziga bo‘ysunishga undash uchungina emas, balki birinchi navbatda Alloh taologa itoat etishga undash maqsadida bo‘lishi zarur. Agar xotin namozni qoldirsa, eri uni namozni ado qilishga qat'iy va keskin buyurishi lozim. Xotin biror farzni qoldirsa yo biror harom ishga qo‘l ursa, er bunga beparvo bo‘lmasligi kerak. Zero, er uning qo‘riqchisi va unga mas'uldir.

Ammo unga odob berishni bosqichma-bosqich bilan olib borishi kerak. Avvalo pand-nasihat, ogohlantirish, targ‘ib qilish va qo‘rqitish lozim. Bu foyda bermasa, to‘shakda unga orqa qilib, so‘ng bir xonada alohida to‘shakda yotishi kerak. Ammo o‘zini xonada yolg‘iz yotqizish yaramaydi. Bir kechadan uch kechagacha shunday yotsa bo‘ladi. Agar bu ham foyda bermasa, xotinini ranjitadigan darajada, ammo jasadini qonatmay va zarar yetkazmay uradi. Xotinning yuziga, boshiga, qorniga, beliga va badanining zararlanadigan qismiga urish mumkin emas.

11. Er xotinining iffatini saqlashi lozim. Xotinini haromdan himoya qilish erga vojibdir. Bu o‘z xohishini xotini e'tiborga olishini istaganidek, xotinning xohishini, xususan, qo‘shilish chog‘ida e'tiborga olish bilan bo‘ladi. Er xotini undan qongunicha shoshmasligi kerak.

12. Er xotinni na so‘z bilan va na fe'li bilan so‘kib, ayblab, haqoratlab, yomonlab pastga urmasligi, uning jismi-yu xulqini, oilasi-yu yaqinlarini kamsitmasligi kerak. Zero, bu musulmon axloqiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

13. Er xotinini yaxshi ko‘rsa, juda hurmatlashi lozim, yomon ko‘rsa, zulm qilmasligi kerak. Istasa, chidab yashasin yo yaxshilikcha ajralsin. Ayolni faqat mardlar qadrlaydi, pastlar xorlaydi.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.