background
logotype
image1 image2 image3

Sun'iy yo‘l bilan homila paydo qilsak-chi?! Lekin bizga bu ish islomda durust emas, deyishdi...

Savol:  Oila  qurganimizga o‘n yil bo‘ldi. Afsuski, farzandimiz yo‘q. Turmush o‘rtog‘im bilan shunday qarorga keldik: «Sun'iy yo‘l bilan homila paydo qilsak-chi?!» Lekin bizga bu ish islomiy nuqtai nazardan durust emas, deyishdi. Haqiqatda shundaymi? Shariatda bu haqda nima deyilgan?

Javob: Alloh taolo farzand tug‘ilishi uchun erkak va ayolning qo‘shilishini umumiy qoida qildi, ammo O‘zi farzand berishini eslatib turish uchun ba'zi kishilarni befarzand  qilib qo‘ydi. Erkak va ayolning qo‘shilishi bola bo‘lishi uchun kifoya qilsa, hamma er-xotin bolali bo‘lishi kerak edi. Ammo ba'zilar farzand ko‘rmaydi, demak, qo‘shilishning o‘zi bola bo‘lishi uchun sabab emas ekan.

Alloh taolo har bir bandasiga bergan nasl qoldirish hissi, farzandli bo‘lish istagi va ehtiyoji ayniqsa, befarzandlarda kuchli bo‘ladi. Alloh taologa yolvoradi, nazr-niyozlar ataydi, xayr-sadaqa qiladi, tabiblarga yuguradi. Xullas, ham  qoliy, ham fe'liy duoda bo‘ladi.

Insoniyat farzandsizlikka chora axtarib, o‘z zamonidagi tib ilmi taraqqiyoti darajasida turlicha usullarni qo‘llab kelgan. Nihoyat, bizning asrimizga kelib, sun'iy yo‘l bilan homila paydo qilish, ya'ni bachadonga urug‘likni tabiiy yo‘l bilan emas, sun'iy yo‘l bilan  tushirish usuli topildi.

Keyinroq tib ilmi yanada o‘sdi. Er, xotin urug‘liklari avval tashqarida urchitib olinib, bir yo‘la tayyor homilani bachadonga qo‘yish joriy qilindi. Bu uslub ilmda goh «naycha usuli», goh «naycha bolasi» deyilyapti. Har ikki atamada ham urug‘likni oldin naychada urchitib olishga ishora bor.

Hammamizga ma'lumki, bu usullar musulmon bo‘lmagan yurtlarda, musulmon bo‘lmagan odamlar tomonidan yo‘lga qo‘yildi. Binobarin, biz musulmonlarda savol paydo bo‘ladi: bu hodisaga shariatimiz nima deydi? Musulmonlar ham bu usuldan foydalansa  bo‘ladimi?

Musulmonlar har bir yangilikni qabul qilish va hayotlariga tadbiq etishdan oldin o‘ylab ko‘rishlari, o‘z dinlari hukmini so‘rab-surishtirishlari tabiiy holdir. Albatta, bunday savollarga mo‘'tabar ulamolarimiz Qur'oni karim va Payg‘ambarimizning (s.a.v) sunnati mutahharalariga suyanib javob axtarishadi. Sun'iy yo‘l bilan homila paydo qilish masalasida ulamolarimizning fatvolari bir xil chiqdi: bu uslublardan musulmonlar foydalansalar bo‘ladi.     

Ammo bachadonga sun'iy yo‘l bilan urug‘lik kiritiladimi yoki naychada urchitib, so‘ngra bachadonga qo‘yiladimi, asosiy shart - urug‘lik ayolning o‘z eridan, shar'iy jufti halolidan olingan bo‘lishi lozim. Begona erkakdan olinsa, zino hisoblanadi. Zino esa shar'an haromdir. Zinoning harom qilinishi-yu nikohning yo‘lga qo‘yilishidan asosiy maqsadlardan biri inson naslining pokligini saqlashdir. Shu boisdan begona erkakning urug‘ini muslima ayol bachadoniga kiritish Islom shariati qoidalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Bu hukmni asrimiz musulmon ulamolarning hammalari ittifoq qilib aytishgan. Shuningdek, «Azhari sharif», «Islom fiqhi akademiyasi» kabi mo‘'tabar muassasalar masalani atroflicha o‘rganib chiqib, yirik anjumanlar o‘tkazib, so‘ngra fatvolar chiqarishgan. Musulmon inson doimo Allohning shariatiga muvofiq ish qilmog‘i lozim. («Islomiy  oila - farog‘at qasri» kitobi asosida tayyorlandi).

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.